Bolonya universiteti bilan uzoq yillik hamkorlik
Bolonya universiteti professori Moreno Toselli boshchiligidagi italiyalik olimlar delegatsiyasi Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi. Unga universitetning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat fanlari fakulteti professorlari Diana Di Gioia va Elena Baldi hamrohlik qildi.
Bolonya universiteti delegatsiyasini Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov qabul qildi. Uchrashuvda SamDU va Bolonya universiteti o‘rtasidagi so‘nggi 10 yil davomidagi samarali hamkorlik natijalari sarhisob qilindi hamda kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
SamDU rektori Rustam Xolmurodov Markaziy Osiyo mintaqasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va ekologik muvozanatni barqarorlashtirish ustuvor vazifalardan ekanligini, Bolonya universiteti bilan olib borilayotgan hamkorlik bu borada alohida o‘rin tutishini ta’kidladi. Shuningdek, hamkorlik doirasida “aqlli qishloq xo‘jaligi” sohasida kadrlar tayyorlanayotgani, yaqin istiqbolda ushbu yo‘nalishning dolzarbligi yanada ortishi qayd etildi.
O‘z o‘rnida professor Moreno Toselli SamDU va Bolonya universiteti o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, Italiya qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. Shuningdek, SamDUning besh nafar talabasi Bolonya universitetida magistratura bosqichida muvaffaqiyatli tahsil olayotgani qayd etilib, ularning “aqlli qishloq xo‘jaligi” sohasida yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga hamda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
Hamkorlik doirasida SamDU talabalarining Bolonya universitetida magistratura va doktorantura bosqichlarida tahsil olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligining dolzarb yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish vazifalari belgilab olindi.







