Samarqand davlat universitetida “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari davom etmoqda. Navbatdagi  mehmonlar  Qo‘shrabot tumanidan kelgan bitiruvchi sinf o‘quvchilari bo‘ldi.

    Tadbir davomida universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Umidullayev, Agrobiotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori Toshpo‘lat Rajabov, Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish instituti direktori Shohrux Jo‘raqulov, Biokimyo instituti direktori Siroj O‘roqov, Muhandislik fizikasi instituti direktori Ahmad Absanov hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi.

    Ular tomonidan universitet faoliyati, ilmiy va ta’limiy salohiyat, yaratilgan zamonaviy sharoitlar, xalqaro akademik hamkorlik yo‘nalishlari hamda talabalar erishayotgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

    Shuningdek, o‘quvchilar uchun ilmiy laboratoriyalar va universitet muzeylariga sayohat tashkil etildi. Mazkur tashrif bitiruvchi yoshlar uchun katta taassurot qoldirdi.