Samarqand davlat universitetiga Nobel mukofoti laureati Serge Haroche tashrif buyurdi. Martabali mehmonni universitet rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov va boshqa mas’ullar kutib oldilar.

    Serge Haroche — fransuz fizigi, kvant optikasi va kvant fizikasi sohasidagi yetakchi olimlardan biri bo‘lib, kvant tizimlarda yorug‘lik va moddaning o‘zaro ta’sirini tadqiq etgani uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

    Anjuman boshlanishidan avval mehmon "Samarqandim" – "My Samarkand" jurnalining “Faxriy mehmonlar kitobi”ga o‘zining dil tilaklarini yozib qoldirdi.

Shundan so‘ng universitet majlislar zalida Serj Aroshe bilan uchrashuv boshlandi. Uchrashuvni rektor Rustam Xolmurodov ochib berdi va mehmonning ilmiy faoliyati haqida qisqacha ma’lumot berdi.

    Kvant optikasi va atom fizikasi sohasida dunyoga mashhur olim Serj Aroshe 1944-yil 11-sentabrda Marokashning Kasablanka shahrida tug‘ilgan. Uning oilasi 1956-yilda Fransiyaga ko‘chib o‘tgan. U Parij universitetida tahsil olgan va 1971-yilda Parij VI universitetida fizika bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

    U amerikalik olim Devid J. Vineland bilan hamkorlikda individual kvant tizimlarini o‘lchash va boshqarish imkonini beruvchi innovatsion eksperimental usullarni yaratishga katta hissa qo‘shgan.

    Serj Aroshe Fransiyaning Milliy ilmiy tadqiqotlar markazi (CNRS)da faoliyat yuritgan, shuningdek, Stenford, Harvard va Yel universitetlarida ilmiy ish olib borgan. 2001-yildan boshlab u Collège de France’da kvant fizikasi professori sifatida faoliyat yuritmoqda.

    Tadbir davomida Serge Harochega Samarqand davlat universitetining Faxriy professori unvoni berildi. Rektor Rustam Xolmurodov unga tegishli guvohnomani tantanali ravishda topshirdi. Milliy an’analarga muvofiq mehmon to‘n kiydirilib, esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

    Serge Haroche o‘z nutqida ilmiy faoliyati, tadqiqotlari, mavjud muammolar hamda kvant fizikasining istiqboli haqida so‘z yuritdi. U kvant optikasi va atom fizikasi yutuqlarining zamonaviy texnologiyalar taraqqiyotidagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidlab, yosh tadqiqotchilarni ushbu yo‘nalishda faol izlanishga chaqirdi.

    Tadbir yakunida rektor Rustam Xolmurodov qiziqarli ma’ruza uchun mehmonга yig‘ilganlar nomidan minnatdorlik bildirib, unga "Samarqandim" – "My Samarkand" jurnali va esdalik fotosuratlarni sovg‘a qildi.