Samarqand davlat universiteti matematik analiz kafedrasi assistenti, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Umida Jo‘raeva bilan suhbat

    - Ilm sohasini tanlashingizga asosiy sabab nima va hozirgi kunda qaysi mavzuda ilmiy faoliyat olib boryapsiz?

    - Bizning oilamiz matematiklar oilasi. Ota-onam ham ilm bilan shug‘ullanib yurgan odamlar bo‘lishgan. Otam Yunusali Jo‘raev, onam Zebiniso Ashurovalar     Samarqand davlat universiteti matematika fakultetida faoliyat olib borishgan. Uyda hamma o‘qish bilan, ilm bilan shug‘ullangan. Shu muhitni ko‘rib, uning ichida ulg‘ayib, ilmga mehr ruhida tarbiya topdik. Hozirgi kunda Samarqand davlat universitetida Sharof Yormuhammedov asos solgan ilmiy maktab davomchisi sifatida     “Poligarmonik funksiyalar va ularning xossalari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boryapman.

    - Ayol kishiga hayotda o‘z o‘rnini topa olishi uchun kerak bo‘lgan uchta asosiy omil?

    - Ayol kishiga hayotda o‘z o‘rnini topishda birinchi o‘rinda iroda kerak. Muayyan maqsad yo‘lida harakat qilayotganda kutilmagan mag‘lubiyat bo‘lishi tabiiy.     Shunday holatlarda odam to‘xtab qolsa, qiyin vaziyatlarda o‘zini yo‘qotib qo‘ysa hech qanday natijaga erisholmaydi. Keyingi galda ko‘ngil xotirjamligi va ishonch turadi. Ayol hayotdan xotirjam bo‘lsa, va eng muhimi o‘ziga bo‘lgan ishonchni his qilsa, har qanday mag‘lubiyatni, har qanday qiyinchilikni yenga oladi. Men ham hayotimda ko‘p bor mag‘lubiyatga duch keldim. Ammo, umidimni so‘ndirmasdan harakatda davom etdim. 2010 yilda matematika fanidan o‘tkazilgan olimpiadada faxrli I o‘rini egallaganimdan keyin, shu yilning yanvar oyida Qozog‘istonning Almati shahrida o‘tkazilgan VI xalqaro Jautikov olimpiadasida, “Buyuk ipak yo‘li” sirtqi olimpiadalarida muvafaqqiyatli ishtirok etdim. 51-xalqaro matematika olimpiadasi tanlovining Respublika bosqichida qatnashib O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga qabul qilindim. Iyul oyida Qozog‘istonning Astana shahrida bo‘lib o‘tgan, dunyoning 96 mamlakatidan  500 dan ziyod o‘quvchi ishtirok etgan 51-xalqaro matematika olimpiadasida kumush medal sohibasi bo‘ldim. Yurtimizda  yoshlarga qaratilgan yuksak e’tibor natijasi o‘laroq, 2011 yili Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim. Ushbu mukofot meni yangi marralar sari dadil harakatga undagan kuch bo‘lib xizmat qildi. Bu mukofotga loyiq ko‘rilganimdan keyin shunday e’tirofni, e’tiborni oqlash kerakligi, endigi mas’uliyatim yanada ortganligini, bu bilan to‘xtab qolmasligim kerakligini angladim. Yutuqlarim davomi sifatida 2012-2013 o‘quv yilida Ulug‘bek nomidagi davlat stipendiyasi, 2013-2014 o‘quv yilida “Tabiiy fanlar” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sovrindorligini qo‘lga kiritdim. 2017 yildan buyon Samarqand davlat universiteti mexanika-matematika fakulteti matematik analiz kafedrasi assistenti lavozimida ishlab kelyapman. Shu kungacha  ilmiy izlanishlarim aks etgan qirqqa yaqin   ilmiy maqolalarim hamda bir nechta o‘quv-uslubiy  qo‘llanmalarim nashr qilingan. Germaniya, AKSh, Rossiya, Ukraina, Latviya va boshka davlatlardagi nufuzli ilmiy nashrlarda  o‘z ishlarim bilan katnashib kelaman.

    - Farzand tarbiyasi masalasida asosiy mas’uliyat onaning zimmasida bo‘ladi. Bu borada o‘zingizni qanday ona deb bilasiz?

    - Farzand tarbiyasida o‘zimga yaxshi ona deb baho bera olmayman. Chunki, hali bu borada o‘rganishim kerak bo‘lgan narsalar juda ko‘p. Aniq fanlar sohasida faoliyat yuritganim uchun fe’limda ham shunga xos bir odat bor, ya’ni biror haqiqat ko‘z oldimda to‘la-to‘kis isbot bo‘lmaguncha unga ishonch qo‘ya olmayman. Shuning uchun farzandlarim ulg‘ayib, hayotda va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topmagunicha bu borada o‘zimni baholashga ojizman. Kasbim tufayli farzandlarimga yetarli vaqt ajrata olmaslik holatlari tez-tez uchrab turadi. Lekin men kuchim boricha ish va oilani baravar olib borishga harakat qilaman. Ilmiy izlanishlar qancha ko‘p vaqt talab etsa, farzand tarbiyasi ham shunchalik ko‘p vaqt va e’tibor talab qiladi. Ikkalasini baravar olib borish juda qiyin. Shuning uchun bu masalada tarozining bir pallasi hamisha og‘ir keladi.

    - Shogirdlaringiz bormi? Shogird tanlashda qanday talab va mezonlar qo‘yasiz?

    - Shogirdlarim ko‘p. SamDU qoshidagi akademik litseyda xalqaro olimpiada ishtirokchilari, Samarqand davlat universitetida bakalavr va magistr bosqichlari talabalari orasida shogirdlarim bor. Shogird tanlash masalasiga kelsak, aslida shogird bo‘laman deb o‘qituvchining oldiga kelish ham katta narsa. Ilmiy faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan talabaning yomoni bo‘lmaydi. Shogird olishda qo‘yadigan talablarim birinchi o‘rinda ulardan qat’iyatli bo‘lish, o‘z maqsadlari yo‘lida harakat qilish davomida irodali bo‘lishlarini so‘ragan bo‘lardim. Shogirdlarim orasida olimpiada tayyorlanuvchilari ko‘p. Shuningdek ko‘pchiligi dasturlash sohalarida faoliyat yuritishadi.

    - Biror masalada shogirdlaringizdan o‘rgangan paytingiz bo‘lganmi?

    - Xalqimizda “Bir kichikdan, bir kattadan o‘rgan” degan gap bor. Inson hayotida duch kelgan har bir odamdan nimanidir o‘rganadi. Hayotiga kirib kelgan har bir odam qaysidir ma’noda murabbiy bo‘ladi. Shu ma’noda shogirdlarimdan o‘rgangan vaqtlarim ham bo‘lgan.

    - Armoningiz bormi?

    - Dadam yoshligimda vafot etganlar. Yagona armonim dadam.

    - Shu kungacha jamiyatdagi o‘rningizni topa oldingizmi?

    - Jamiyatda o‘rnimni to‘liq darajada topib ulgurdim deb aytolmayman. Lekin shunga qarab harakat qilyapman.

    2014 yilda Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputatligiga saylanganimdan keyin bevosita xalq bilan ishlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Faoliyatim davomida yoshlar va sog‘lom avlodni tarbiyalash komissiyasida ish yuritib, asosiy e’tiborimni yoshlar ta’limi va bandligi yo‘nalishlaridagi amaliy vazifalar ijrosiga qaratdim. Aholi orasida yurib, ayniqsa yoshlar muammolarini o‘rganganimdan keyin o‘zimda jamiyatga, xalqqa daxldorlik hissini tuydim. Shunda angladimki, har bir odam shu jamiyatda yashayaptimi demak unga nimadir berishi kerak. Shunchaki, yashab o‘tishga haqqi yo‘q. Qaysi kasb egasi bo‘lishdan qat’i nazar xalqqa daxldor bo‘lgan masalalarga befarq bo‘lmasligi kerak.

    Qizlar albatta o‘qishi kerak bo‘lgan uchta kitob.

  1. Tohir Malik “Odamiylik mulki”
  2. Tursunoy Sodiqova “Baxt qaerda?”
  3. Masaru Ibuka “Uchgacha ayni vaqti”

    - O‘tgan umringiz davomida oldingizga qo‘ygan barcha maqsadlaringizga erisha oldingizmi, nimalarga ulgura olmadingiz?

    - Hayotim davomida oldimga qo‘ygan maqsadlarimning hammasiga ulgura oldim deb o‘ylamayman. Ko‘p narsaga ulgurolmadim. Tavsiya berardimki, oldingizda qancha maqsadingiz bo‘lsa, barchasiga navbati bilan jadal harakatni boshlang. Chunki, keyinchalik hayot hech osonlashmas ekan. Achchiq haqiqat bo‘lsa ham aytaman, qiz bola, agar iloji bo‘lsa asosiy maqsadlarini turmushga chiqquncha bajarib olishi kerak ekan. Turmush qurgandan keyin, hamma narsaga ulgurish qiyin.

    - Oxirgi marta qachon yig‘ladingiz?

    - Hayotda ko‘p yig‘layman. Ko‘pchilik aytadi, ayol kishi dardini ko‘z yosh bilan chiqarib yuboradi. Men bu fikrga unchalik qo‘shilmayman. Har bir dard ko‘z yosh bilan tugab ketaversa, u holda yer yuzida baxtsiz odamning o‘zi qolmasdi. Ayol qachon yig‘laydi? Qalbida og‘ir dardi bo‘lganda, o‘zini yolg‘iz his qilganda, kezi kelganda jahli chiqqanda, siqilganda va shu kabilarda. To‘rt besh kun oldin farzandlarimdan biri juda injiqlik qildi. Unga qarab turib, nega u bunchalik injiq, deb o‘ylab qoldim. Va beixtiyor ko‘zlarimga yosh keldi.  

    - Ayolga uni tushunishlari qanchalik muhim?

    - Ayolga tushunilish baxti juda muhim. Agar ayol qanchalik qadrlansa, tushunilsa, oilasiga, atrofidagilariga, har bir qilayotgan ishiga shunchalik o‘zini bag‘ishlaydi, o‘z yuragini-da berishga tayyor bo‘ladi.

    Bu hayotdan izlaganlaringizni topa oldingizmi?

    - Izlaganlarimning hammasini topa olganim yo‘q. Hali qidirish jarayonidaman. Chunki bir narsani topsam, uning ketidan yana bittasi chiqib keladi. Bu narsa hech tugamaydi. Uzluksiz davom etib kelayotgan hayot qonuni bu. Odam biror sohada qanchalik izlanaversa, topilishi kerak bo‘lgan narsalarga shunchalik ko‘p duch kelaveradi.

    - O‘z-o‘ziga yomonlik qilish deganda nimani tushunasiz?

    - O‘z-o‘ziga yomonlik qilish biror ishning noto‘g‘riligini bilib turib qilish, vaqtni bilib-bilmay behuda narsalarga sarflash. Hozirda yoshlar orasida ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflash holatlari kuzatiladi. Bu ham o‘z-o‘ziga yomonlikning bir ko‘rinishlaridan biri. O‘zimga o‘zim yomonlik qilib qo‘ygan paytlar menda ham bo‘lgan. Masalan, biror vazifa bajarilishi kerak bo‘ladiyu, kundalik tashvishlar va charchoq sabab, keyinga suraman. Ertangi kun kelgandan keyin, kecha qilmaganimga afsus chekaman.

    - Sizning hayot formulangiz?

    - Soham aniq fanlar bo‘lgani uchun, biz hamisha formulalar bilan ishlaymiz. Lekin shuncha yildan buyon ilmiy izlanish olib borayotgan bo‘lsam ham, hali hayot formulasini topganimcha yo‘q. Hayot shunday imtihonki, qachon bo‘lishi, nima savollar tushishi, qanday mavzuda bo‘lishini hech kim bilmaydi.

    - Ilm-fan yo‘lidan ketish umidida bo‘lgan xotin-qizlarga, yosh ayol tadqiqotchilarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?

    - Ilm-fan yo‘lidan ketish umidida bo‘lgan xotin-qizlarga shuni maslahat berardimki, ilmiy izlanish bilan shug‘ullanaman degan odam, ayniqsa ayol kishi matonatli bo‘lishi kerak. Hozirda oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinayotgan talabalar orasida qizlar soni tobora oshib borayotgan bo‘lsa-da, oliy ta’limdan keyingi tadqiqot faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayollar kam. Buning sabablarini qidirgandan ko‘ra, yechimini topish ahamiyatlidir. Ota-onalar qiz farzandining talim olish, ilm bilan shug‘ullanish istagini albatta ro‘yobga chiqarishlari kerak. Xalqimizda bir hikmatli gap bor. Agar o‘g‘lingni o‘qitsang o‘zingga yaxshilik qilgan bo‘lasan. Agar qizingni o‘qitsang millatga yaxshilik qilgan bo‘lasan. Dunyodagi ayrim jamiyatlarning tutumi ayollarga nisbatan nopisand qarashga asoslangan. Bu qarash jamiyatda inson qadri, tengligi muvozanatining buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Hayot haqiqati shuni ko‘rsatadiki, qiz bola o‘zga xonadonga bordimi, o‘sha yerning tutumini oladi. Muhitiga moslashib, bor-u yo‘g‘iga qanoat qilib yashaydi. Ertangi kunimiz davomchilari bo‘lgan yosh avlod uning qo‘lida tarbiya topadi. Shu jihatdan, ayol kishining qo‘lida kelajak turadi, desak aslo xato bo‘lmaydi. Ziyoli ayollarning ertangi kunimiz davomchilari bo‘lgan yosh avlod tarbiyasida tutgan o‘rni shu boisdan ham ahamiyatli.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.