“Bugungi yoshlarga “Qo‘rqma!” degan xitob kerak...”
Maxsus Samarqand davlat universiteti Axborot xizmati uchun
Diqqat yangi rukn: Qalb va qalam
“Bugungi yoshlarga “Qo‘rqma!” degan xitob kerak...”
“Qo‘rqma” asari bilan adabiyotimizga o‘ziga xos ovoz, o‘zgacha yo‘l bilan kirib kelgan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Kelajak bunyodkori” davlat hamda “Tahsin” mukofotlari sovrindori Javlon Jovliyev “Qalb va qalam” loyihasining ilk mehmoni.
Suhbatdoshimiz “Qo‘rqma” haqida aytilmagan haqiqatlar, yetmish talaba hamda Samarqandni bog‘lovchi nuqtalar, romanga bildirilgan tanqidlarga munosabat, “Qo‘rqma”dan keyingi rejalari haqida batafsil to‘xtaldi.
-Ijodingizda qanday yangiliklar bor, kitobxonlarga qanday yangi asar tuhfa qilish niyatidasiz?
-Ikkinchi romanimni yozyapman. Bir muddat ilmiy ishlar bilan band bo‘lganligim uchun yozishni to‘xtatib turgandim. Yaqinda ilmiy ishim muhokamadan o‘tdi. Endi bor kuchim bilan romanga tezroq qaytishga harakat qilyapman. Yangi asar haqida hozircha biror nima deyolayman. Menimcha sir bo‘lib qolgani ma’qul. Har holda “Qo‘rqma”dan balandroq bo‘lishining harakatidamiz. Chunki kitobxonlar “Qo‘rqma”dan keyin o‘zgacha ishonch bilan yangi asar kutishyapti.
-Bugungi Javlon Jovliyev hayotda va adabiyotda o‘z o‘rnini to‘la-to‘kis topa oldimi?
-Yo‘q, topa oldim deb aytolmayman. To‘g‘ri, hamma havas qiladigan oilam, muvaffaqiyatlarim bor va shu bilan birga yo‘qotishlarim ham. Erishganlarim bu hali men ko‘zlagan cho‘qqi emas. Oldinda yozilishi kerak bo‘lgan asarlar, o‘rganilishi zarur bo‘lgan ilmlar juda ko‘p. Oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz, orzularimiz, biz tortishimiz kerak bo‘lgan mashaqqatlar bisyor. Barcha yozuvchilar qatori men ham asarlarimning jahon miqyosiga chiqishini istayman.
-“Qo‘rqma” ilk romaningiz bo‘lishiga qaramasdan e’lon qilingan dastlabki kunlardanoq shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Bunga sabab nima?
-Har bir asar yozib tugatilib, chop etilganidan so‘ng o‘z umrini boshlaydi. Va ma’lum darajada o‘z umrini yashab o‘tadi. Ammo shunday haqiqat ham borki, agar kitob yaxshi yozilmagan bo‘lsa, hech qancha umr ko‘rmaydi. “Qo‘rqma” o‘z umrini chiroyli boshlay oldi. Bunda avvalo, yaxshi targ‘ibot katta rol o‘ynadi. Yana bir sabab: unda avval yozilmagan fojialarning olib chiqilgani bo‘ldi. Qolaversa, xalqimiz ham asar targ‘ibotida juda faol bo‘lishdi.
-Roman nima sababdan “Qo‘rqma” deb nomlangan?
-O‘tmish davrlaridan beri bir necha yillar davomida xalqimiz ruhiyatiga singdirib kelingan bir his bor. Bu – qo‘rquv. Faqat tashqi qo‘rquv emas, balki o‘ziga ishonchsizlik, o‘ziga nisbatan past baho berish, kuchini to‘g‘ri baholay olmaslik kabi ichki qo‘rquv ham. Hali-hanuzgacha xalqimiz orasida xato qilib qo‘yishdan, haq gapni aytishdan qo‘rqish hollari tez-tez uchrab turadi. Yuz yillar avval jadidlarimiz mustaqillik va erkinlikka ilm-ma’rifat yo‘lidan borish maqsadi bilan ma’naviyat maydoniga kirib keldi. Ular millatni uyg‘otishni avvalo, odamlar yuragidagi qo‘rquvni yengishdan boshlashdi. Ana shu sa’y-harakatdan ilhomlangan holda romanga shunday nom berildi. Maqsad – yoshlarimizda, umuman xalqimiz orasida haqiqatning ko‘zlaridan qo‘rqmaslik va qo‘rquv stereotiplarini yengish bilan bog‘liq ruhiyat shakllantirish, ularni uyg‘oqlikka, dadillikka chorlash.
-Romanni nomlash qanday kechgan, bu jarayonda boshqa variantlar ham bo‘lganmi?
-Asar yozib bo‘linib, hamma muhokamalardan o‘tgandan keyin nomlashga kelganda ko‘p ikkilandim. Menda bir nechta variantlar bor edi. Masalan, “Milliyat” ya’ni millatni uyg‘otuvchi, asl o‘zligini anglatuvchi degan ma’noda. Yana “Parallel” – 100 yil avvalgi va bugungi talabalar hayotining parallel aksi. Oxirida “Qo‘rqma”da to‘xtaldik. Chunki, jamiyatimizdagi bugungi yoshlarga “Qo‘rqma!” degan xitob juda kerak.
-Romanda XX asr muhitida hukmron tuzum xalqimiz boshiga mudroqlik va qo‘rqoqlik yomg‘irini yog‘dirib turgan qora bulutga o‘xshatiladi. Sizningcha bugungi davrda yosh avlod ongiga mudroqlik yomg‘irini yog‘diruvchi bulut nima bo‘lishi mumkin?
-Mudroqlik buluti bu, avvalo, insonning o‘zi. Undan keyin atrofdagilari. Inson o‘zidagi loqaydlikni yengib olsa atrofdagi uni yo‘ldan ozdiruvchilarni ham yengishi oson bo‘ladi. Mudroqlik birinchi o‘rinda asosiy orzu va maqsadlarning kichiklashib ketishida namoyon bo‘ladi. Maqsadning maydalashib borishi qaysidir ma’noda insonni kichiklashtirib qo‘yadi.
-Germaniyaga o‘qishga yuborilgan talabalar taqdirining Samarqandga bog‘liq nuqtalari bormi, bu haqda nima deya olasiz?
-Samarqand o‘sha paytda mamlakat poytaxti sifatida nafaqat mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayoti uchun balki ilm-ma’rifat uchun ham tayanch vazifasini bajargan. Germaniyaga o‘qishga yuborilayotgan talabalar ulug‘ Temur sag‘anasi qoshida shu millat, shu Samarqand buyukligini qaytarishga, Olmoniyada ta’lim olib, yorug‘ yuz bilan Vatanga qaytmoqlikka qasam ichganlar. Bir necha o‘n ming yillik moziyga ko‘milgan ko‘hna Samarqand ko‘ksidagi bor alam va orzularni, g‘ururu armonlarni ularga bog‘lab oq yo‘l tilab qolgan. Samarqand ko‘ksi olov talabalarni bir maqsad yo‘lida birlashtirgan, ayni paytda ular uchun qaytar manzil, Vatan bilan bog‘lab turuvchi nuqta sifatida talabalar taqdirida o‘chmas iz qoldirgan.
-Qoravoy obrazi yaralishiga nima turtki bo‘lgan? Uning prototipi mavjudmi?
-Asardagi ko‘p obrazlar to‘qima. Men hayotdagi odamlarni shunchaki ko‘chirib olishdan qochaman. Qoravoyning aynan o‘zini uchratmaganman, ammo oramizda Qoravoyga o‘xshaganlar juda ko‘p. Qoravoy ramziy obraz. U kirga, qoralikka botib borayotgan millat, nima uchun o‘qiyotganini bilmaydigan, maqsadsiz yashayotgan yoshlar ramzi.
-Tarixiy asar yozish uchun faqatgina tarixiy faktning o‘zi yetarli bo‘ladimi, yana qanday omillar zarur?
-Tarixiy asarning faqat tarixiy faktlardan iborat bo‘lishi uni shunchaki ilmiy asar qilib qo‘yadi. Bu borada birinchi navbatda badiiy tafakkur bo‘lishi kerak. Yozuvchi muayyan tarixiy shaxs haqida asar yozayotganda o‘sha shaxs ruhiyatiga, hissiyotiga kirib keta olishi kerak. Tarixiy bilim degani tarixiy roman degani emas.
-“Qo‘rqma”ga bildirilgan tanqidlarga qanday munosabatdasiz?
-Adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan bildirilgan o‘rinli tanqidlarni yaxshi qabul qildim, ammo asarni o‘qir-o‘qimas ko‘r-ko‘rona bildirilgan tanqidlar meni ranjitdi. Hatto, bir suhbatda “Qo‘rqma”ni hech kim o‘qimagan, hamma ko‘r-ko‘rona maqtayapti degan asossiz fikrlar bildirildi. Hatto, asardagi Navoiy haqidagi o‘rinlarni noto‘g‘ri talqin qilib, ajdodlar yodi kamsitilgan deganlar ham topildi. Bu tanqidga munosabatimni hali hech qaerda ochiqlamagandim. Fursatdan foydalanib, o‘z fikrlarimni bildiraman. Adabiyotda ironiya degan san’at mavjud. Asarda shu san’atdan foydalanilgan. Achchiq haqiqat bo‘lsa ham aytaman, bizning jamiyatda buyuk allomalarga nisbatan “haykal qo‘yish” an’anasi mavjud. Masalan, Alisher Navoiy har yili tug‘ilgan kuni yaqinlashib qolganda eslanadi, tillarga tushadi, maqtaladi. Holbuki, Navoiy har kuni har lahza yodimizda bo‘lishi, unga muhabbat yuragimizda mangu yashashi kerak. Men har kuni tongni Navoiy asarlari mutolaasi bilan kutib oladigan, Navoiyni o‘ziga xos muhabbat bilan ardoqlaydigan o‘quvchiman. Ammo buni boshqalarga isbotlashim shart emas. Asarda Navoiyni tirikchilik manbaiga aylantirib olgan olimlar haqida o‘rinlar mavjud. Bu fikrlar ayrim navoiyshunos olimlarga yoqmay, umuman noto‘g‘ri talqin qilib yuborishgan. Ammo bu kabi tanqidlar adabiyotda tanlagan yo‘limni va egallagan pozitsiyamni o‘zgartirmadi. Hayotimizning o‘zi mukammal bo‘lmagandan keyin, kamchiliksiz asar ham bo‘lmaydi. Roman nashrdan chiqqaniga bir yarim yildan oshgan bo‘lsa-da fikrlar, taassurotlar, tanqid va talqinlar hali hanuzgacha davom etib kelmoqda. Bu ko‘pchilikning orzusidagi holat. Kimga chin, kimga nochin, “Qo‘rqma” chiqqan vaqtda katta-kichik olimlar, o‘quvchilardan mingdan ortiq xat oldim. Hatto, Janubiy Koreya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yaponiya kabi davlatlarda o‘qiyotgan talabalar ham maktub yo‘llab, sizning asaringizni o‘qiganimdan keyin vatanga qaytish istagi paydo bo‘ldi, endi yurtimga qaytmoqchiman, deganlar bo‘ldi. Bu kabi munosabatlar meni nihoyatda xursand qildi, chunki “Qo‘rqma”ning asl maqsadi ham shu aslida.
-Kelgusida “Qo‘rqma”ni qayta ishlashingiz mumkinmi?
-Yo‘q, bu borada so‘nggi nuqtani qo‘yib bo‘lganman. Asar kamchiliklari bilan aziz.
-“Qo‘rqma” muallifi hayotda nimadan qo‘rqadi?
-Yozolmay qolishdan.
-Yozuvchi yozolmay qolishi mumkinmi?
-Albatta mumkin. Qachonki, u vijdoniga qarshi ish qilsa, o‘z yuragini qoraga botirsa.
-2021 yilda yosh ijodkorlarning Zomin seminarida hakam sifatida ishtirok etdingiz. Atigi 4 yil avval, ushbu seminarga ishtirokchi sifatida kelgan ekansiz. Bugungi davr yosh nosirlari bilan 4 yil avvalgi yosh ijodkorlarni solishtirganda qanday farq va o‘zgarishlar bor? Bu borada yosh ijodkorlarni qanday baholaysiz?
-O‘sha paytlar yosh nosirlar juda kam edi. Hozir ham kam, lekin o‘sha payt bundan ham kam edi. Hozir holat ancha yaxshi. Ijodkorlar o‘zlariga ishonch bilan og‘ir karvon yo‘liga kirib kelishmoqda. Qo‘ldan kelgancha yosh ijodkorlarning ijodini kuzatishga harakat qilaman. Fikrimcha, bugungi ijodkorlar saviyasi, ularning uslubi va mahorati ancha yaxshi. Ko‘p narsa kutsa bo‘ladi, faqat yozish va mehnat qilishdan to‘xtab qolishmasa bas. Nasr og‘ir, ammo sharafli yo‘l. Bu yo‘lni tanlash, taqdirini adabiyot bilan bog‘lashdir. Biz hayotda ko‘rgan voqealar, xayoldan o‘tgan kechinmalar san’at bo‘lolmaydi. Badiiy asarga badiiy tafakkur va mahorat bilan yondashish kerak. Bu yo‘l oson kechmaydi, ammo tortilgan har bir azob va mashaqqatning rohati juda totli.
-Kelajak adabiyoti nasrini qanday tasavvur qilasiz, unda bugungi yosh ijodkorlardan kimlarni ko‘ra olasiz?
-Kelajak haqida gapirish qiyin. Ijodkor hatto o‘z asarining qancha muddat yashashini bilmaydi. Qanday qilib o‘zgalar haqida gapirsin. Adabiyotga chin dildan xizmat qilib, uning mashaqqat va sinovlaridan qo‘rqmagan, o‘z erkinligini saqlab qolgan, u uchun kurashgan ijodkor adabiyotda o‘z o‘rnini topadi.
-Javlon Jovliev yozuvchi bo‘lmaganda kim bo‘lardi?
-Yozuvchi bo‘lmaganimda rejissyor bo‘lardim. Kino sohasi men uchun qiziq. Yoshligimda matematikani yaxshi bilardim, shuning uchun ham otam hisobchi bo‘lishimni istardi. Ammo ulg‘aya boshlaganim sari adabiyotsiz yashay olmasligimni bildim va bu yo‘lni tanladim.
-Kelgusida yana qanday janrlarda qalam surish niyatingiz bor?
-Kinossenariylar yozish niyatim bor.
-Yozuvchini nima cheklaydi?
-Yozuvchi uchun eng katta cheklov bu vaqt yetishmasligi. Bor vaqtni to‘g‘ri boshqara olmaslik va vaqtida yozolmaslik. Shuningdek, uni moddiy kamchiliklar ham cheklab qo‘yishi mumkin.
-Yosh ijodkorlarga tavsiyalaringiz.
-Birinchi o‘rinda yozishdan to‘xtamaslik kerak. To‘g‘ri, har bir asar birdan muvaffaqiyatli chiqmasligi mumkin, lekin ijodkor harakatdan, izlanishdan to‘xtamas ekan nimagadir erisha oladi. Ikkinchidan, ko‘p kitob o‘qish kerak. Yozuvchi puxta yozishlik “vitamini”ni birinchi navbatda, kitoblardan oladi. Uchinchidan, ijodkor adabiyotga kirib keldimi o‘ziga “men adabiyotni hamma narsadan ustun qo‘ya olamanmi, uni aziz tuta olamanmi, boshimga ko‘tara olamanmi?” degan savolni o‘ziga-o‘zi berib ko‘rsin. Adabiyot fidoyilikni talab qiladi. Shunday ekan, fidoyi ijodkor adabiyotda o‘z o‘rnini topa oladi, nimagadir erisha oladi. To‘rtinchidan, ijodkor yuragini doim toza saqlashi kerak. Kirlangan qalb va vijdon bilan yozib bo‘lmaydi, yozganda ham u asar sof, samimiy chiqmaydi. Hech qachon moddiy manfaat va mashhurlik uchun yozmaslik kerak. Yozuvchi boshqalar bilan kimo‘zarga emas, faqat xalq uchun ijod qilsa, uning dardini kuylasa, millat uni qo‘llaydi.
Suhbatdosh Iroda BEKMURODOVA,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.

