Asl javohir

Fleshbek
Jon Steynbekning “Javohir’’ asarini 2 yil oldin “Yosh kitobxon’’ kitoblari ro’yxatida berilgani uchun o’qigan edim. Haqiqatan ham, bu qissa o’qisa arzigulik asar ekan. Qissadagi shiddatli voqealar, ota-onaning farzandga muhabbati, kambag’al odamlarning ayanchli ahvoli asar haqida ajoyib taasurot qoldirgan edi. Asarni o’qigan har qanday kitobxon tasvirlangan nohaqliklarni ko’rib mushohadaga qilishi shubhasiz. Mana 3 kun bo’ldiki, men uni qayta o’qib chiqib, hali-hanuz uning ta’siri, olami bilan yuribman.
Asar haqida
“Javohir’’ asari amerikalik Nobel mukofoti sohibi Jon Styenbek qalamiga mansub bo’lib, ilk marta 1947-yilda nashr etilgan. Qissa marvarid izlovchi Kino, uning ayoli Xuana va farzandi Koyotito haqida hikoya qiladi. Muallif asarni 1940-yilda Meksikaning La pas shahriga tashrifi paytida eshitgan hikoyasi asosida yozgan.
“Javohir’’ muallifga katta shuhrat keltirgan asarlardan biri hisoblanadi. Asar asosida Kanada hamda Meksida “Javohir’’ nomli film ham suratga olingan.
Syujet
La pas nomli mo’jaz shaharda Kino ismli marvarid izlovchi va uning sadoqatli ayoli Xuana kun kechirishar edi. Bir kuni ularning jajji farzandi Koyotitoni chayon chaqib oladi. Chayon chaqishi kattalar uchun og’ir kasallik, bolalar uchun esa muqarrar o’lim edi. Farzandidan ayrilishdan qo’rqqan Xuana doktor chaqirishga qaror qiladi, bu mahalliy kambag’al oila uchun katta jasorat edi. Albatta, doktor ularnikiga borishdan bosh tortadi.
Koyotitoni davolatish uchun pul kerak edi, shuning uchun Kino marvarid izlashga dengizga chiqadi. Baxtiga, dengizdan eng katta marvaridni topib oladi. Marvaridning qiymati shunchalar katta ediki, bu bilan Kino oilasini bemalol kambag’allikdan olib chiqa olar edi.
Kichkina qishloqda Kino ismli marvarid izlovchining yirik marvarid topgani haqidagi xabar tez tarqaladi. Buni eshitgan doktor ham marvariddan umidvor bo’lib bolani ko’rib qo’ygani keladi va Koyotitoni davolaydi.
Kino marvaridni sotgani bozorga boradi. Unga ko’p pul taklif qilishadi, biroq u kutgani ancha ko’proq edi. Shu sababli marvaridni shaharga chiqib pullamoqchi bo’ladi. O’sha tunda Kinoning uyiga o’g’ri tushadi, lekin marvaridni o’g’rilab keta olishmaydi. Shunda Xuana marvaridning ularga baxt emas, falokat olib kelishini Kinoga aytadi.
Keyingi tunda Xuana marvaridni dengizga otib yubormoqchi bo’ladi, ammo Kino bunga yo’l qo’ymaydi. Bu paytda Kinoning uyiga bir guruh o’g’rilar tushib tintuv qiladi. Marvaridni Kinodan olib qo’ymoqchi bo’lishadi, biroq Kino o’g’rining birini o’ldirib qo’yadi. Kino o’zini himoya qilish uchun odam o’ldirgan bo’lsa ham, uni baribir hech kim tinglamasligini bilgani uchun shaharga ketishdan oldin bir kecha akasi Xuan Tomasning uyida tunashadi.
Tong otgach oila tog’ bo’ylab yo’lga chiqishadi, lekin ularning orqasidan ovchilar guruhi qidirayotgan edi. Bir kuni tunda ovchilar oilani Koyotitoning yig’isidan payqab qolishadi va behosdan bolani otib qo’yishadi. Bolasining o’lgani uchun qattiq iztirob chekkan Kino oxirida marvaridni dengizga uloqtiradi va asl marvarid nima ekanligini tushunib yetadi.
Tahlil
Asardagi bosh g’oya Meksikadagi kambag’allarga qilingan nohaqliklarni ochib berish orqali ifodalangan. Doktor Kino va Xuananing farzandiga qarashdan bosh tortadi, negaki ularning pullari ham, beradigan narsasi ham yo’q. Shu bilan birga, shunday oddiy marvarid izlovchining uyiga yordam so’rab kelishini o’ziga haqorat deb biladi. Voqealar davomida Kino uyiga tushgan o’g’rilardan birini o’ldirib qo’yadi. Aslida, qonun bo’yicha o’zini himoya qilish uchun behosdan odam o’ldirib qo’ygan odamga yomon jazo ko’rilmaydi, biroq Kino kabi faqir marvarid izlovchiga hech ham ishonishmaydi. Mana shu o’rinlarda inson qadrining qanchalar yerga urilganini ko’rishimiz mumkin.
Kino asardagi asosiy qahramon. U oddiygina marvarid izlovchi va oilasini shu orqali boqadi. Ayoli va farzandini jondan ortiq yaxshi ko’radi. Uning hayoti o’sha yirik marvaridni topib olgach, butunlay o’zgarib ketadi. Oilaning tinchligi buziladi. Shunda eng og’ir vaziyatlarda ham Kino oilasini himoya qilishga harakat qiladi. Kino marvaridni sotib, Xuana bilan cherkovda to’y qilmoqchi (O’sha paytlarda Meksikada faqatgina o’ziga to’q oilalargina cherkovdan nikohdan o’tib to’y qila olar edi.), Koyotitoni cho’qintirib, eng yaxshi maktablarga bermoqchi bo’ladi, afsuski, bu orzulari sarob bo’lib chiqadi. Asarda boylik to’kin-sochinlikda emas, oddiy va tinch hayotda ekani anglashiladi.
Jon Steynbek Xuana obraziga alohida yondashgan. U sadoqatli rafiqa va kuchli ayol sifatida gavdalanadi. Kambag’al bo’lishiga qaramay, doktor chaqirishga jur’at etadi. Farzandini va oilasini har qanday narsadan ustun qo’yadi. Kino uni o’zi bilan ketishdan qaytarmoqchi bo’lsa ham, Xuana har qanday vaziyatda oilasi Kino bilan borishini aytib, Kinoga tayanch bo’lishga harakat qiladi. O’sha vaziyatda Kino uning ko’zida zarracha qo’rquv ko’rmaydi, faqat eriga bo’lgan sadoqat porlab turadi.
Xulosa
Jon Steynbekning “Javohir’’ qissasi har qanday odamga ibrat bo’la oladi. Asardagi Kino, Xuana obrazlari orqali oila muqaddas ekanini o’quvchiga anglatadi. Hozirgi kunda arzimagan sabab bilan buzilib ketayotgan oilalar, asardagi Kinoning oilasini ko’rib, ulardan o’rnak olsa arziydi.
Nazdimda, asarni barcha o’qib chiqishi lozim. Zero, asar barchaga oila ulug’ ne’matligini, hozirgi to’kin-sochin zamonimizga shukr qilishga o’rgatadi.
Qiziqarli faktlar
- Jon Steynbekning “Javohir’’ qissasi asar tilining tushunarli va g’oyasining ahamiyatli bo’lgani uchun ko’pgina mamlakatlarda o’quvchilarga o’qitiladi.
- Ko’pgina nashrlar romanni "katta badiiy g'alaba" sifatida maqtashdi va Steynbek "hayotning umumbashariy ahamiyatini" qanday tushunishini ta'kidlaydi.
- Amerikalik bastakor Endryu Boysen “Javohir’’ qissasidan ilhomlanib, “Trombon va shamol simfoniyasi” asarini yozgan.
Mashhura Kamolova,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi.