So‘nggi duo yoxud yetuklik timsoli
Ustoz Botirxon Valixo‘jaev bilan deyarli ota-bola kabi edik. O‘zaro dardlashardik, boshqalarga va har joyda aytilmaydigan gaplarini menga aytardilar. O‘zimcha men ham fikr bildirgan bo‘lardim. Balkim ustozim bilan bo‘lgan bu yaqin munosabatlar talabalik davridan boshlangan qizg‘in suhbatlarda, ilmiy rahbarliklarida olib borilgan izlanishlarda, kafedrasiga to‘liq o‘qituvchi lavozimiga ishga olganlaridagi ishonchda yuzaga kelgandir. Domla bizni mangu tark etganlaridan keyin bular haqida so‘z yuritmoqchi bo‘lar edim, biroq goh haddim sig‘masdi, keyinga qoldirardim, ba’zan esa negadir iymanardim.
Ustoz chin ma’noda o‘z davrining eng komil insonlaridan biri edi, desam sira lof qilmayman. Insoniy va olimlik hislatlari domlada uyg‘un va mukammal ko‘rinishda edi. Quyidagi lavhalarda bu narsalar o‘z ifodasini topgan.
Ilmiy halollik va birlamchi manbalarga asoslanish.
Ustozning ilmiy-pedagogik sohada shogirdlariga qo‘yadigan birinchi talabi – halollik, asl manbalarga suyanish, argumentlilik edi. Ustozning o‘zlari arab yozuvidagi qo‘lyozma manba qaysi tilda yozilgan bo‘lishidan qat’iy nazar originalida erkin o‘qirdilar va o‘zlari birinchi tadqiqotchi sifatida talqin qilar, manbalarga xuddi shunday yoki shunga o‘xshash munosabatda bo‘lishni shogirdlaridan ham talab qilar edilar. Shu sababli domlaning shogirdlari nafaqat adabiyotshunos, balkim manbachi va matnshunos, tarixchi va sharqshunos bo‘lib ham yetishar edi. Bunday olimlar sirasiga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, professor Muslihiddin Muhiddinov, Shuhrat Sirojiddinov, J. Hamroev kabilarni kiritish mumkin.
Aspiranturada qolishim va ustozning shogirdlarini “qizg‘anishi”.
Universitetni tugatgan yilim, sobiq kursdoshim Shavkat Hasanov uyimga qo‘ng‘iroq qilib, o‘sha vaqtdagi o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani professor Nuriddin Shukurov hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha aspiranturaga bir joy kelganligi va unga meni munosib ko‘rayotganligini aytdi. Aslida mening talabalikdagi yo‘nalishim o‘zbek adabiyoti tarixi bo‘yicha bo‘lganligi sababli hayron bo‘ldim. Fakultetga borib, dekanga uchrashganimdan keyin “Yo‘nalishingizni mumtoz adabiyotdan sovet davri o‘zbek adabiyotiga o‘zgartirasiz endi Erkinboy, ishlaringizga muvaffaqiyat” deb aspiranturaga qabul qilishlar uchun arizamni olib qoldilar va o‘zlari rahbar bo‘lish istaklarini aytdilar.
Dekan xonasidan chiqib “o‘zbek adabiyoti tarixi” kafedrasi mudiri, ustozim Botirxon Valixo‘jaevga uchrashdim, aspiranturaga qabul bo‘layotganligim, biroq soham o‘zbek adabiyoti tarixi emas, balki hozirgi zamon adabiyoti bo‘layotganligidan domlani ogoh qildim. Ustoz biroz noroziday bo‘ldilar, so‘ng “ketmay turing” deb o‘rnilaridan turib dekan xonasi kirib ketdilar. Yarim soatlardan keyin jiddiy qiyofada qaytib kelgan ustoz arizani “o‘zbek adabiyoti tarixi”ga moslab qayta yozdirdilarda uni olib yana dekan xonasiga yo‘l oldilar. Tushunishimcha, ikki ulug‘ alloma o‘rtasida biroz “shogird tortishuvi” bo‘lib o‘tgan. Odatda doim bag‘ri keng, kechirimli bo‘lib yurgan ustoz Botirxon Valixo‘jaev bu safar qat’iy xarakter ko‘rsatib, shogirdini o‘ziga qaytarib olgan va bu ham yetmagandek, aspirantura bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib uning yo‘nalishini “ o‘zbek adabiyoti tarixi”ga o‘zgartirgan. Shu-shu men domlaning yonida, kafedrasida qolib tadqiqot ishlarini olib bordim. Bir yildan keyin ustoz meni kafedraga o‘qituvchi qilib ishga oldilar. O‘sha vaqtda kafedrada ustozdan tashqari professor Rahmonqul Orzibekov, dotsentlar Qobiljon Tohirov, Shavkat Xolmatov, Ra’no Fozilova, Anora Mo‘minova degan yoshi ulug‘ domlalar ishlar edilar. Eng yosh o‘qituvchi bo‘lib ulardan ilm saboqlarini o‘rgandim.
Adashmasam, bir yildan so‘ng kafedraga hozirda Botirxon Valixo‘jaev
Ustoz valiymidilar?
Bilmadim, balkim ustozimda inson psixologiyasini anglash xislati juda mukammal tarzda rivojlangan yoki ustoz rostdan ham allaqanday g‘ayri tabiiy xususiyatlarga ega inson bo‘lganlar, har qalay men ko‘rgan va anglagan ayrim narsalarni tushuntirish biroz mushkuldir.
Ustozning hali yuz bermagan narsa-voqealarni oldindan aytib turadigan xislatlari bor edi. Bunga misollar bisyor. Kafedrada o‘qituvchilar dars soati taqsimotlari bilan men shug‘ullanar edim. Bir kuni dekanimiz Tohir Qurbonov mendan shu taqsimotni keltirishimni so‘raganida negadir bu qog‘ozlarni topa olmadim. Taqsimot uyda ham, kafedrada ham yo‘q edi.Mendagi bezovtalikni ko‘rgan domla “ - Siz izlayotgan qog‘ozlar ma’ruza qilgan minbar ustida turibdi”, - degan va haq bo‘lib chiqqan edilar. Bir necha marta ustozimdan darslarimga oid kitoblarni yoki zarur ma’lumotni so‘ramoqchi bo‘lib hayolimga keltirganimda “u kitob falon joyda”, yoki “falon manbani ko‘ring, o‘sha yerda javob bor” tarzida maslahat berar edilar. Aytilmagan savolga ovozli javobni eshitish biroz noodatiy tuyulardi.
Ma’naviy farzand ustunmi yoki jismoniy farzand?
Botirxon Valixo‘jaev Xoja Ahrori Valiy haqidagi izlanishlarini davom ettirayotgan bir paytda Mirzo Ulug‘bek, uning komil shogirdlari va Abdulatif Mirzo, padarkushlik va noqobil farzand psixologiyasi kabilar haqida suhbat qildilar. So‘ng fikrlarini xulosalab, ilm yo‘lida zahmat chekayotgan shogirdlarning ham asli ustoz uchun bola, ma’naviy farzand ekanligiga urg‘u berdilar. Domlaning fikricha, bu farzandlar garchi ustoz vujudidan yaralmagan bo‘lsada, lekin ziyolining ongidan, bergan ilmidan shakllangandir. Gohida otaning pushti kamaridan bo‘lgan o‘g‘lonlar otalar istagandek emas, boshqacha ham bo‘lish mumkinligini yuqoridagi tarixiy holatlar misolida kuyinib gapirgan edilar. So‘ng menga qarab savol berdilar: “Sizningcha, jismoniy farzand ustunmi, yoki ma’naviy farzand?” Men negadir domlaning bunchalik ta’sirlanishini kutmagan edim, shoshib, “Ikki toifadagi farzandlar ham birdek azizdir” deb qisqa qildim. Ustoz biroz jim turdilarda, so‘ng dedilar :“Ma’naviy farzand ustun ekan” Bu savol va o‘zlarining javoblarida men otalarning ishonchini oqlolmagan farzandlar haqida umumiy bir xulosani anglagandek bo‘ldim.
Vidolashuv duosi.
2005-yil avgustining oxirlarida, ustoz vafot etishlaridan uch kun oldin tilshunos olim Tolib Jo‘raev bilan birga uylariga bordik. Uy ichidagilar bemorni asrash maqsadida chetdan keluvchilarni ichkariga kiritmayotgan, domla holdan toygan va qimirlamayotgan ekan. Biz ham qaytmoqchi bo‘lib endi shaylangan edikki, ustoz kelganligimizni qayerdandir bilib chaqirtirdi. Biz domla yotgan uyga kirmay bo‘sag‘aga yaqin joydagi kursilarga o‘tirdik, uy ichida to‘shakda yotgan ustozim bilan so‘rashgan bo‘ldik. Ustoz harakatga keldilar, beligacha qaddini ko‘tardilar-da ikki qo‘lini duoga ochdilar. Men umrim bino bo‘lib bunaqa ta’sirli va uzun duoni eshitmagan edim. Ustozning tovushlari titragandek bo‘ldi. Shundan keyin tushundimki, ustoz aslida so‘nggi olqish aytish barobarida biz bilan vidolashayotgan ekan. Xo‘rsinib ketdim. Ko‘zimdan yosh oqdi, oyoqlarini mahkam quchgim kelib o‘rnimdan turdim. Biroq bunga ruxsat yo‘q ekan, Tolib aka yo‘limni to‘sdi, bag‘riga oldi. Ustoz bilan so‘nggi marta ko‘z-yosh qilib vidolashdik.
Ustoz Botirxon Valixo‘jaev barchaga ibrat bo‘ladigan xokisor inson, chin ma’nodagi zukko olim sifatida umr kechirdilar. Domlaning har bir darsi adabiyotshunoslik uchun kichik bir kashfiyot bo‘lar edi, essizki, o‘sha vaqtda fakultetda na diktofon, na magnitofon bo‘lmagan, oltinga teng ma’ruzalar yozib olinmagan. Ustoz bir darsini hech qachon ikkinchi marta shu tarzda takrorlanmas, darslarga qog‘oz-matnsiz, leksiyasiz kirar, hamma narsani to‘xtamay, yoddan qo‘ng‘iroqdan-qo‘ng‘iroqqa dovur so‘zlar edilar. Ustoz dars vaqtini juda qizg‘anar, hatto daqiqa va soniyalarni bekorga sarflamas, shu sababli dars vaqtida talabalar yo‘qlamasini qilmas edilar. Yo‘qlama qilmaslikning boshqa bir sababi ham bor edi, chunki talabalar domlaning darsini sira qoldirmas edi, hatto boshqa kurs, fakultet talabalari yoki oddiy adabiyot shinavandalari, muxlislar kelib domlaning darslarini shunchaki tinglashga, suhbatini olishga mushtoq edi! Afsuski bunday mukammal insonlar hayotda juda-juda kam, dunyoga ham balkim har yuz yillikda kelar yo kelmas.
Ustoz haqida aytadiganlarim bisyor, qolgan xotiralarni yozishga ham nasib bo‘lsa vaqt bo‘ladi.

Erkin Musurmonov,
Samarqand davlat universiteti dotsenti,
filologiya fanlari doktori.

