U shunday kamtar va xokisor ediki, eng darsdan qochar kursdoshlarimiz ham uning darsida sokin o‘tirar edi. Bo‘lmasa, domla hech qachon yo‘qlama qilmas, darsga qatnashish-qatnashmaslikning talabaning insofiga tashlab qo‘yardi va shundan bo‘lsa kerak, eng insofsiz talabalar ham u kishining darsida insofga kelardi...

    Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida  o‘qib yurgan yillarimizda taqdir bizni ikki buyuk olim va donishmand bilan uchrashtirdi. Bulardan biri akademik Botirxon Valixo‘jaev va ikkinchisi – O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Rahmatulla Qo‘ng‘urov edi. Har ikkala domla o‘z davrining yetakchi filolog-allomasi edi. Ular o‘zbek adabiyotshunosligi va tilshunosligi tarixida, SamDU tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Shu bilan birga men hamda mening kabi yuzlab keyingi avlod olim va tadqiqotchilari hayotiga muhrini urgan. Bu ikki muhtaram zot 1950-yillarda ilmga kirib kelgan, bizga ta’lim bergan 1980-90-yillar ularning avji kamolga erishgan davrlari edi. 2-kursligimizda akademik Botirxon Valixo‘jaev bizga "O‘zbek adabiyoti tarixi", professor Rahmatulla Qo‘ng‘urov "Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Morfologiya" kursidan ma’ruzalar o‘qigandi.

    Valixo‘jaev domla darsni shoshmay, hijjalab o‘tardi, leksiya yozdirmas, talabalar bilan dars chog‘ida savol-javob qilishni yaxshi ko‘rar edi. Uning savollariga to‘g‘ri javob bersang, yuzi yorishib, quvonib ketardi. Alisher Navoiy hayoti va ijodini alohida shavq bilan o‘tardi. Navoiyning turli yillarda bosilgan asarlari, hatto qo‘lyozma kitoblarni darsga ko‘tarib kelar, ularni, uniqqan, muqovalari eskirgan kitoblarni qo‘limizga berar, o‘qitar, bizning sodda, to‘mtoq fikrlarimizni o‘zi rivojlantirar, jo‘yali javob shakliga keltirar edi. Hech kimni bilimsizlikda ayblamas, ozgina harakatingiz bo‘lsa bas, domla shunga qanoat qilar, "yana o‘qib o‘rgansangiz, hammasini bilib olasiz", deb eng tanbal talabani ham ruhlantirib qo‘yar edi.

    U shunday kamtar va xokisor ediki, eng darsdan qochar, betamiz kursdoshlarimiz ham uning darsida qo‘zichoqday sokin o‘tirar edi. Bo‘lmasa, domla hech qachon yo‘qlama qilmas, darsga qatnashish-qatnashmaslikning talabaning insofiga tashlab qo‘yardi va shundan bo‘lsa kerak, eng insofsiz talabalar ham u kishining darsida insofga kelardi. Domla rahmatli Sharq pedagogikasining eng go‘zal taraflarini yaxshi o‘zlashtirgan va talabani ishonch, maqtash, ruhlantirish orqali darsga jalb qilishni o‘zining asosiy ta’lim-tarbiya berish usuliga aylantirgan edi.

    Domla hayotda ham farishtaday sokin turmush kechirar, ishga piyoda kelib, piyoda ketar, doim o‘z kitoblari, ilmiy ishlari bilan band edi. Dunyoning moli-mulki, manfaati uni qiziqtirmas, hech bir moddiy manfaat keladigan ishga aralashmas, nafsini oyog‘i ostiga olabilgan sanoqli insonlardan biri edi. Xullas, u o‘zining pok va tamiz dunyosida inson, olim va murabbiy degan qutlug‘ nomga gard qo‘ndirmasdan yashardi.

    Eski shaharda otasidan qolgan uyda mutavoze tirikchilik qilardi. Tunnel kabi darvozaxonadan hovlisiga kirilardi. Yilda ikki-uch bora borganimda 5-6 ming kitob poldan shiftgacha qalangan boloxonasida, temir pechkaning yonida, achchiq qora choyni ichib, sigareti og‘zida – ana shu qiyofada ko‘rardim uni... Ko‘zlarida doim ajib bir mehr, mung bor edi. Unday nazokatli, xushmuomala va dilbar insonni haligacha ko‘rmadim va ko‘rmasam ham kerak, deb o‘ylayman.

    Meni talabalikdan bilar edi. 2-kursda o‘qiyotganimizda talabalarning ilmiy ishlari konkursiga uning ilmiy rahbarligida "Boburnoma"da Samarqand ta’rifi" mavzusida bir loyiha yozgan edim. Respublikada 2- o‘rinni egallagandi bu ish, bu muvaffaqiyatga mendan ko‘proq u quvongan edi.

    Oradan yillar o‘tdi, SamDUda ishlab, ilmiy yo‘limizni turkologiyadan belgilab, qardosh Turkiyadagi hamkasblar bilan aloqa o‘rnatib, ustozlarning yonida faoliyat ko‘rsatib, ularning xizmatini qilishdek sharafga muyassar bo‘ldik.

    1998 yili Turkiya Istanbulda IRCICA – Islom madaniyati va san’ati tadqiqotlari Xalqaro Markazi bir xalqaro konferensiya tashkil etgan edi. Bu konferensiyaga borayotganimni aytganimda domla menga 2-3 ta kitoblarini berib yubordi. Markaz boshlig‘i, mashhur Islom fani tarixi tadqiqotchisi, professor Akmaliddin Ihsono‘g‘liga domlaning salomlari va kitoblarini yetkazdim. Bungacha domla 1994 yilda o‘zbek olimlari delegatsiyasi bilan bu markazni ziyorat qilgan va Akmaliddin bey bilan tanishgan ekan. Akmaliddin bey juda xursand bo‘ldi.

    - Siz domlaning shogirdimisiz?

    - Ha, shunday.

    - Unday bo‘lsa meni yaxshilab eshiting. Bilishimcha, domlangiz juda bilimli odam. Markazimiz va mening unga shaxsiy iltimosimiz: lutfan Valixo‘jaev domla Ulug‘bek Madrasasi va Ulug‘bek davri madrasalarining tarixini yozsin. Biz IRCICA o‘laroq, bu kitobni turkcha va ingliz tilida chop etamiz.

    Markazda nashr qilingan bir necha kitoblarni domlaga hadiya sifatida berib yubordi.

    Domlaga Akmaliddin beyning sovg‘a va tilaklarini, alohida iltimosini ham yetkazdim. Botirxon Valixo‘jaev gaplarimni diqqat bilan tingladi, ikki-uch dona sigaretni orqama-orqa chekib olgach: "Yozamiz, mullo, - dedi jilmayib. Bizga shunday mo‘tabar ilmiy markaz topshiriq beradi-yu, bajarmaymizmi? Qolaversa, dunyoda tengi yo‘q yurtimizni, madrasalarimizni jahon ilm ahliga tanishtirishga bir imkoniyat bu...”

    Domla bir ishga kirishsa, erinmay, shoshmay, toza qalovini keltirib, hech kimga ovoza qilmay ishlar edilar. 2001-yil bo‘lsa kerak, o‘sha paytdagi va bugungi kundagi rektorimiz Rustam Xolmurodov hamda o‘sha yillardagi Samarqand viloyati hokimi Shavkat Mirziyoev bilan maslahatlashib, ularning tashabbusi bilan avval "Ulug‘bek davri madrasalari" risolasini, keyin "Samarqanddagi madrasai oliyalar – oliy ta’lim muassasalari tarixidan" nomli chuqur manbalangan monografik tadqiqotni tayyorlab, e’lon qildi.

    2001-yilda Amerika safariga Istanbul orqali ketayotib, domlaning o‘zbek-kiril alfavitida yozilgan risolasining qog‘oz va elektron variantlarini IRCICAga birrov kirib, Akmaliddin beyga topshirishga ulgurdim. "Men tanishib chiqaman va so‘ngra turkchaga tarjimasini boshlaymiz. Tarjimani Siz qilasiz, bu mening shaxsiy iltimosim", dedi u. Men unga Amerikaga ketayotganim, qachon qaytishim noma’lumligi, menga topshirilsa, tarjima kechikib ketishini aytdim. Shunda u "Kishimjan Eshenkulova degan bir qirg‘iz shogirdim bor, u umumiy tarjimasini qiladi, keyin siz tahrir qilasiz", deb gaplarimni ma’qul topdi.

    Tarjima 2003-yil boshida bitdi. So‘ngra elektron pochtada 3-4 oyda tarjimani tahrirlab, aniqlashtirdik. Kitob Akmaliddinbeyning 60 yilligiga o‘zbek olimlarining tuhfasi sifatida bosiladigan bo‘ldi. Domla bilan ikkimiz 2 kun o‘tirib, kitobga bir "Kirish so‘z" va Akmaliddin beyga "Qutlov xati" yozdik. Domlaning yonida turkchaga tarjima qilib, o‘ziga o‘qib berdim, o‘shanda maqtangim kelgan, shekilli. "Ofarin, mullo, turkchani o‘zbek tiliday bilar ekansiz. Tasanno, ofarin, tasanno", domlaning og‘zidan maqtov yog‘di. Aytish kerakki, domla turkchani yaxshigina bilar edi, faqat amaliy so‘zlashishda qiynalar edi, xolos.

    Kitob 2004 yilning yozida IRCICA nashriyotida 5000 tirajda bosilib chiqdi. Akmaliddinbey tinmay telefon qilar, e-mail yozdirar, ikkovimizni Istanbulga, kitobning taqdimotiga chaqirar edi. Domlaga shu masalada 5-6 marta uchrashdim.

    Domla "yo‘q, bormayman", demas, ammo har gal bir vaj-karson ko‘rsatar edi. Oxiri bir kun: "Domla, pasportingizni bering, ovir ochtiray", dedim. Domla yonidan joy ko‘rsatib, meni o‘tqizdi, bir piyola achchiq famil choyidan ikrom etdi va dedi: "Mullo, men samolyotda uchishga yaramayman. Hatto mashinada yarim soat – bir soat yurishga ham toqatim yo‘q. Men borsam-u, keyin kasal bo‘lib qolsam, sizga tashvish bo‘ladi. O‘zingiz bizning nomimizdan borib kelaqoling"...

    Shunda domlaga diqqat bilan nazar soldim, haqiqatan ham ustozning ranglari olingan, o‘zi ozg‘in odam, yanada ozgan, kayfiyati ham so‘niq edi. Vaziyatni Istanbulga bildirdim, oila a’zolaridan biri, umr yo‘ldoshi, masalan, kelsin, dedilar. Ammo ayaning ham ahvoli ma’lum, yana u kishi domlaning parvarishiga mas’ul bo‘lsa... Oxir-oqibat Domlaning qizlari Feruza opa va nevarasi Mehribon boradigan bo‘lishdi.

    2004-yil, 12-dekabrda akademik Botirxon Valixo‘jaevning "Uluğ Bey devri medreseleri" kitobi taqdimoti Istanbul Yildiz saroyidagi IRCICA ofisi majlislar zalida katta tantana bilan o‘tdi. Istanbuldagi universitetlar va ilmiy markazlaridan olimlar, tadqiqotchilar kelishgan edi. Istanbuldagi o‘zbek Bosh konsuli va konsulxona xodimlari ham hozir bo‘lishdi. IRCICA direktori professor Akmaliddin Ihsano‘g‘li domlaning va kaminaning adresiga, o‘zbek fani va madaniyati sha’niga ko‘p iliq va maqtov gaplari aytdi. Domlaga 50 dona kitob, esdalik sovg‘alari berdilar. Qaytganimizdan keyin bu kitob haqida ko‘p ko‘rsatuvlar, radioeshittirishlar qilindi. Viloyat hokimi va universitet rektoriga kitobning nusxalaridan taqdim etdik.

    Domlaning quvonchi cheksiz edi. O‘zini tarbiyalab kamolga yetkazgan jonajon maskani Samarqand davlat universiteti Ulug‘bek madrasasining davomchisi ekanligi haqidagi g‘oyasini bu kitobda to‘kib solgan, bir farzand sifatida alma-materi oldidagi qarzini sharaf bilan ado etgan edi.

    Domla bilan bog‘liq yana bir iliq xotiram. 1998-yilning oxirida Janubiy Koreyaning Pusan Chet Tillar universitetidan ishga taklif oldim. U paytlari bu juda katta hodisa edi, mamlakat va o‘zbek fani endigina tashqi dunyoga ochila boshlagan, dunyoning nufuzli universitetida o‘zbek tilini o‘rganish va o‘qitish boshlangan davrlar. 1999-yil boshida safar hozirliklarini tamomlab, ketar kunim yaqin qolgach, oq fotihasini olish uchun domlaning yoniga bordim. Domla o‘sha yuqorida tasvirlaganim vaziyatda meni kutib oldi. Mashhur achchiq qora choyi bilan siyladi. "Menga qarang, mullo, dedi, tilimizni Koreyadek rivojlangan o‘lkada universitet darajasida o‘rganayotgan ekanlar, albatta faxrlanamiz. Bu ishga sizni, universitetimizning vakilini da’vat etganlari bilan esa g‘ururlanamiz. Siz bu ishning uddasidan chiqasiz, mullo. Oy borib, omon qayting".

    Domla haqiqatan ham mening muvaffaqiyatimdan xursand edilar va menga o‘zlarining ifodasi bilan aytganda "az tagi dil" omad tilayotgan edilar.

    Yoz oylarida kanikulga kelganimda domlaning huzuriga bordim. Ertalab edi, hovlida gurung qildik. Domlaga, nevaralariga hadiya keltirgan edim, juda mutaassir bo‘ldi. Nevaralarini ko‘chadan, o‘yindan to‘platib keltirdi. "Mana bu kishi – mullo Jo‘liboy, Koreyadagi universitetda professor bo‘lib ishlaydilar, o‘zbek tili va turk tilidan dars beradilar. Talabalikdan yaxshi o‘qigani uchun shu darajaga erishdilar. Mana, sizlarga o‘rnak olinadigan odam", deb ularga maqtab, meni xijolat qildilar.

    Koreyadagi universitet hayoti, koreyslarning turmushi, koreys talaba yoshlarining dunyoqarashi, o‘qishga intilishi haqida surishtirdilar. Domlaning Pusan Chet tillar universitetidagi internet tizimi, o‘quv jarayonining internet orqali olib borilishi va boshqarilishi, koreys yoshlarining internetga me’yordan ortiq bog‘lanib qolgani haqidagi fikrlar hayratga solgan edi (u vaqtlar mamlakatimizda internet yoyg‘in emas edi, Samarqandda 2 ta internet-kafe bor edi, xolos).

    " - Demak, u yoqlarda internet ta’lim vositasi bo‘libdi-da, mullo?" - dedi. Tasdiq ishoratini berdim. Ammo, afsuski, bizni boshqarganlar orasida internetni yaqin-yaqinlargacha ta’lim berish vositasi emas, yoshlarning axloqini buzadigan, ta’limning jiddiyatini ozaytiradigan shaytoniy vosita sifatida qarash kayfiyati bor edi. Bu konservativ qarash bizga qimmatga tushdi, 2016 yilgacha ta’lim tizimi arxaikligicha qoldi, mamlakat internet tezligida dunyoda Keniya va Mozambik qatorida edi. Hozir bu kamchilikni tuzatish uchun juda katta kuch-g‘ayrat sarflanmoqda hamda u o‘z mevasini bera boshladi: 2020 yildagi COVID-2019 pandemik karantini paytida masofali o‘qitishning afzalliklarini barcha ko‘rdi. Agar oxirgi uch yilda internet jadal rivojlantirilmaganida ana shu karantin chog‘ida ta’limning uzluksizligiga erisha olarmidik? Ta’limning infrastrukturasini va vositalarini doimiy ravishda yangilab va boyitib borish lozimligini barchamiz chuqur anglab olishimiz kerak.

    "- Mullo, - dedi, domla nazokat bilan. - Siz koreyslarning hayotini xassoslik bilan kuzatibsiz. Xizmatni bitirib kelgach, Koreya tarixi, koreyslarning hayoti va ta’lim tizimi haqida bir kitob yozing. Boshqalarga foydali bo‘ladi".

    Bu kitobni Koreyaga kanikuldan qaytib borganimdanoq yoza boshladim. 2002-yilda "Janubiy Koreya: o‘tmish va bugun" kitobim nashrdan chiqdi hamda bu kitob hozirgacha Koreya tarixi va madaniyati bo‘yicha nodir qo‘llanma sifatida talabalarga xizmat qilmoqda.

    Domla aftidan, orqavarotdan barchamizning xatti-harakatimizni, gap-so‘zlarimizni kuzatar va ba’zi xulosalarga kelar ekanlar. Chet ellar universitetlaridagi akademik erkinlik va demokratik muhitning havosini olgach, 2000-yillar boshida u yer bu yerda bizdagi bosim va zo‘rakilikka asoslangan ta’lim boshqaruvi, paxtalar, shanbaliklar, yakshanbaliklar, professor-o‘qituvchi qadrining yerga urilishi haqida tanqidiy fikrlarni chekilmay aytaverar edim. Domlaning qulog‘iga bu chalingan shekilli, bir kun xonasiga chaqirtirdi: " - Mullo, - dedi ohista, ehtiyot bo‘ling, hushyor bo‘ling. Sizday yana bitta mullo Jo‘liboy Forishdan kelib, sizday olim bo‘lgunicha, eh-he, qancha-qancha suvlar oqishi kerak. O‘zingizni ehtiyot qiling, mullo".

    " - Biron gap bormi, ustoz?"

    " - Yo‘q, yo‘q, ehtiyot shart, siz bizga keraksiz, oilangizga keraksiz..."

    Meni xavotirlantirganiga xijolat bo‘ldi, shekilli, keyin oiladan, bola-chaqadan so‘radi. " - Farzandlaringizga ko‘p til o‘rgating mullo, - dedi. - Siz mana o‘zingiz ularga yaxshi namuna".

    2005 yil avgust oyi oxirida akademik Botirxon Valixo‘jaev vafot etganida biletim qo‘limda, erta-indin Berlinga ketishim kerak edi. Kechasi soat sakkizlarda o‘sha paytdagi mahallaqo‘mimiz bu shum xabarni yetkazdi. Domlaning barcha sevganlari qatori men ham chuqur larzaga tushgan edim. Ammo o‘lim haq va har bir jon bir kun o‘limni totgusidir. Hadisda aytilganidek, "Olimning o‘limi - olamning o‘limidir", akademik Botirxon Valixo‘jaev kabi ulug‘ ustozning o‘limi esa millat va milliy fan uchun og‘ir yo‘qotish edi.

    Uning xudoyisidan bir kun o‘tib, Berlin Humboldt universitetida faoliyatimni davom ettirish uchun uchib ketdim va 2006-yili uning tug‘ilgan kunida mozorini ziyorat etdim. Shohi Zindaning ne-ne buyuklar yotgan bag‘rida ustozning qabri xoksorgina bo‘lib turardi... Yaratgan Tangri uchmog‘idan yer ayirgan bo‘lsin...

 

Jo‘liboy Eltazarov,

Ipak yo‘li turizm va madaniy meros

xalqaro universiteti birinchi prorektori,

filologiya fanlari doktori, professor.