“Dengizgacha qancha yo‘l ..?”
“Dengizgacha yo‘l qancha..?”
Bilmadim, yer yuzida nechta dengiz bor ekan…Kaspiy dengizi, Oq dengiz, Boltiq dengizi, Qora dengiz, O‘rta dengiz, Orol dengizi…Dengiz desam ko‘ksimda nimadir simillab qo‘yadi. Bu og‘riqmi, sanchiqmi, bilmayman. Dengiz desam yuragimning qaqroq yoriqlaridan qo‘zg‘algan to‘zon o‘zi kabi chang bosgan tuyg‘ularni qalbim yuzasiga qalqib chiqaradi. Bir paytlar bu tuyg‘ular suvdek sof, toza edi. Ilgari dengiz ismini tilga olishim bilan billurdek toza suv yuragim tubidan buloq kabi toshib chiqar, o‘ziday zilol tuyg‘ular, zilol xotiralar yetaklovchisi bo‘lib vujudimda kezayotgan qon bilan tomirlarimda jo‘sh urardi. Ammo endi chang-u tuproqlarga, qum va tuzlarga makon bo‘lgan xotiralar ichra bir tomchi suvga, bir tomchi zilollikka muhtoj bo‘lib o‘tiribman. Endi dengiz desam ko‘z oldimda uzoq cho‘lda quyun bo‘lib ko‘tarilgan tuproq va suvning yerga singgan tomchilaridan yodgor saksovullardan o’zgasi ko‘rinmaydi…
Dengiz…
***
– Tog‘ga bor, toshga bor.
Ota-onang quduqda.
Tog‘ga bor, toshga bor
Ota-onang quduqda...
Bola barmoqlari uzra o‘rmalab borayotgan xonqiziga tikilib o‘tirarkan, she’r aytishdan to‘xtab buvisiga yuzlandi:
– Buvi, nimaga xonqizi tutib olsak bunaqa qo‘shiq aytamiz?
Buvi qora, dag‘al barmoqlarini qoplagan sovun ko‘piklarini atrofiga sachrata-sachrata ezg‘ilab o‘tirgan bir tog‘ora kiridan ko‘z olmagan ko‘yi javob beradi:
- U ota-onasini izlab yo‘lga chiqsa kerak-da, bolam.
- Uning ota-onasi rostanam quduqdami?
- Hmm, shunaqa.
- Buvi, mening ota-onam ham quduqdami?
- ...
- Buvi, ayta qoling.
- Ha, bolam, shunday…
- Qaysi quduqdaligini bilasizmi?
- Bilmayman.
Savol-javob shu joyida poyonlaydi. Ammo bolaning ko‘nglida miltillab turgan bir qatra ilinjning tafti yanada balandroq lovillay boshlaydi: “Qoplon, eshitdingmi buvimning gapini. Mening ota-onam quduqqa tushib ketgan ekan. Xuddi xonqizining ota-onasiga o‘xshab.
Tog‘ga bor, toshga bor
Ota-onang quduqda...
Hoy, xonqizi! Sen ota-onangni quduqdan qidirishing kerak. Eshitdingmi? Ular quduqda.
Qoplon, Qizilravotda nechta quduq bor ekan-a...”
***
– Hoy bola, senga nima bo‘ldi? Voy, o‘lmasam, ahvolingga bir qara. Momataloq bo‘lmagan joying qolmabdi-ku, kim bilan yoqa bo‘g‘ishding?!
– ...
- Gapirsang-chi, tilingni yutdingmi?
Bola hadik bilan bir buvisiga, bir nariroqda boshini ikki oyoqlari ustiga qo‘ygancha cho‘zilib yotgan itga qaradi. Vujudini yondirgan olov taftidan butun tanasiga yoyilib, uning kir peshonasi yuzasidan quyilib kelayotgan ter tomchilarini zarda bilan sidirib tashlarkan, javob berdi:
– Erbolat bilan. O‘zi-da...meni “yetim qo‘zi” dedi.
– Erbolat g‘irt Ahmoq bo‘lsa. Shu bilan teng bo‘lish shartmidi?
– Eey...siz tushunmaysiz-da! Meni haqorat qilganiga jim qarab turishim kerakmidi?!
Bola shiddat bilan ortiga burilib, ochiq darvozadan ko‘chaga yugurdi. Buvisi qo‘lidagi kosovni mahkam changallagancha ostonada qoldi. “Erbolat Ahmoq emish. Ahmoq emas, g‘irt hayvon u. Nuqul, Dengizning ota-onasi yo‘qligini pesh qilib, uni kamsitgani kamsitgan. Hali, quduqdan ota-onasini topib olsa, undan shunaqangi o‘ch oladiki, Erbolat uni haqorat qilganiga ming pushaymon bo‘ladi.”
Dengiz hamisha kimdandir xafa bo‘lsa cho‘lga jo‘naydi. Cho‘lning ichkarirog‘ida saksovullar g‘uj o‘sgan tepalik uning “hudud”i. U iliq qumga uzala tushib, osmonni kuzatib yotishni yaxshi ko‘radi. Sahro garmseli saksovul shoxlari uzra betoqat “uvillaydi”. Daydi epkin cho‘lning ichkarisidan yetaklab chiqqan chang to‘zonni bolaning yuz-ko‘ziga sochadi. U hech narsaga parvo qilmay, issiq qumga yotib olib, osmonga tikiladi. Sahroning bulutsiz ko‘k-ko‘k osmoni unga dengizni eslatadi. U tushlarida tez-tez ko‘rib turadigan Orolni ana shu ko‘m-ko‘k osmon kabi keng, sarhadsiz dengiz deb tasavvur qiladi. Xayolan unda suzadi, ba’zida yakkam-dukkam uchrab turadigan bulutlarni esa katta-kichik kemalar deb tasavvur qiladi. U shu kemalar uzra dengizning bepoyon sarhadlarida kezadi. Ba’zan bu oppoq bulut uning o‘ziyu, uni bag‘riga olgancha olamni aylanayotgan osmon buvisiga aylanadi. U ilk bor dengiz haqida ham buvisidan eshitgan. Aslida o‘shanda bola nima uchun unga Dengiz deb ism qo‘yishganini so‘ragandi. Buvi esa ikki daqiqaning o‘zida bolaning ko‘z oldiga haqiqiy dengizni keltirdi-qo‘ydi. Buvining aytishicha qishloqqa hayot berib turgan Amudaryoning uzoqlarda yashaydigan Orol degan dengizi bor ekan. Amudaryo Orolga xuddi buvidek gap ekan. U uzoqlardagi tog‘liklar bag‘ridan sizib chiqqan suvlarni yig‘ib Orolga olib borish uchun yo‘lga chiqar ekan. Ammo Orolga borguncha Qizilravotga o‘xshagan yuzlab qishloqlardan, shaharlardan o‘tib, necha-necha ekin maydonlarini, paxta dalalarini sug‘orib, ana undan keyin Orolga borar ekan. Kunchiqar tarafda Amudaryoning xuddi o‘ziga o‘xshagan Sirdaryo degan inisi bor bo‘lib, u ham Orolga quyilar ekan. Orol ana shu suvlarni deb tirik ekan. Lekin, afsus, ular ikkisi Orolga deb olib borgan suvi juda kam bo‘lib, Orolga bu yetmas, uning chanqog‘ini bosolmas ekan. Shuning uchun u kundan-kunga qurib bormoqda ekan. Ammo shunday bo‘lsa-da, bola osmonni Orol deb tasavvur qilishdan to‘xtamaydi. Yuragining allaqanday beega burchaklarida Orolni olib yuradi. Buvisi, Qoplon iti hamda Qizilravotdan keyin yaxshi ko‘radigan do‘sti u. Ba’zan daryoda cho‘milayotganida bir xayoli suv oqayotgan tomonga suzib, Orolga bormoqchi ham bo‘ladi. Ammo Orolning juda olisdaligidan hayiqadi.
Ba’zan, osmondan “guldirab-guldirab” samalyot o‘tib qoladi. Bola uzoq-uzoqlarda pashshaday uchib borayotgan samalyotni ko‘rishi bilan sapchib o‘rnidan turadi-da bolalar tilida odat bo‘lib qolgan she’rni aytib qichqirgancha samalyot izidan yuguradi:
- Sa-mal-yoot, sa-mal-yoot
Qa-no-ting-ni tash-lab keet!
Samalyot bolaning xitobini eshitmay, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Qizilravotning issiq bag‘ri bolaning ovozini qumga tomgan suvday yutib yuboradi.
***
Aytishlaricha, Qizilravot cho‘llarida ilgari ba'zi bir karvon yo‘llari o‘tgan. Shuning uchun, cho'lning ichkarirog‘iga, Hazorasp tomonga qarab yuraversangiz yakkam-dukkam suvi qurigan quduqlarga duch kelasiz...Bola ham izlay-izlay mana shunday quduqlardan bittasini topdi. Bola shu paytgacha cho‘lga bunchalik ichkarilamagandi. Unga odamlar yodidan unut bo‘lgan, eski quduq kerak edi. Va nihoyat shunday quduq topildi. Sahroning daydi shamollari to‘zg‘itgan qumlar dastidan ko‘milib qolgan bu quduq Qizilravot sahrosining shimolrog‘ida bolaning “hudud”idan sakkiz-to‘qqiz chaqirim narida edi. Bola quduqni topishga topdi-yu, uning ichiga tushishga kelganda sal cho‘chidi. Ammo qidirayotgan narsasining shu yerda ekanligiga ishonch tuyg‘usi uni maqsad sari dadil odimlashga qayta va qayta undab turardi.
“Bir-ikki-uch.”
Tashlandiq quduq bolani o‘z bag‘riga oldi…
***
–Bu yerda kimdir bormi?
Quduqning tosh devorlari uzra begona ovoz titrab-titrab aks-sado berdi. “bormi- bormi-bormi”. Bola qo‘lidagi teshasini tashlab tepaga qaradi. Quduq og‘zidan ko‘rinib turgan ko‘m-ko‘k osmon uzra bir odam boshi unga egilib turardi.
–Bu yerda nima qilyapsan, bolakay?
–Ko‘rmayapsizmi, ishlayapman.
–Ikki daqiqaga bu yoqqa chiqa olasanmi? Yordaming kerak.
Bola osilib turgan arqonga tirmashib quduq og‘ziga chiqdi . “Qiziq, bu odam quduqni qayerdan topdi ekan…”
- Isming nima, bolakay?
- Menda ishingiz bormi?
Bola notanish odamning sportchilarnikiga o‘xshagan kiyimiga, issiqdan bo‘g‘riqqan yuziga hadiksirab tikildi.
- Shu atrofda birorta qishloq bormi? Iltimos menga qishloqqa boradigan yo‘lni ko‘rsat. Adashib qoldim.
- Siz kimsiz?
- Ismim Yo‘ldosh. Ilmiy tadqiqot instituti tadqiqotchisiman. Hazorasp qo‘riqxonasini o‘rganish uchun tuzilgan ekspeditsiya vakillari bilan Xorazmga kelayotgandik. Vertolyotimiz parvoz vaqtida boshqaruvni yo‘qotdi. Shuning uchun hammamiz parashyutda yerga sakradik. Men cho‘lning o‘rtasiga tushdim. Uch soat yura-yura shu yerga kelib qoldim. Qarasam uzoqdan odam qorasi ko‘rindi. Kelsam, sen ekansan. Iltimos, meni qishloqqa olib bor. Men zudlik bilan telefon topib, ekspeditsiya boshlig‘i bilan aloqaga chiqishim kerak.
- Yaxshi, sizga yordam beraman. Faqat ishimni tugatgunimcha kutib turishingizga to‘g‘ri keladi.
- Bu yerda nima ish qilasan o‘zi?
Bola quduq og‘ziga bog‘langan arqonga tirmasharkan javob berdi:
- Bir narsani qidiryapman.
***
–Xo‘p kelibsiz, bolam. Bu sahroyu qumlar bag‘rida tag‘in shunday issiqda tirik qolganingizning o‘zi katta gap. Yaxshiyam yoningizda suv bor ekan. Bo‘lmasa shuncha yo‘lni ham bosib o‘tolmasdingiz.
- To‘g‘ri aytasiz, buvi. Nevarangizni menga Xudoning o‘zi yetkazdi. Bo‘lmasa qishloqni topib kelolmasdim.
- Ha, aytgancha, Dengizjon, bolam, cho‘lda nima qilayotgan eding o‘zi? – savol nazari bilan nevarasiga qaradi buvi.
Bola, mehmondan ko‘zini olmay javob berdi:
- Qoplon cho‘lga qarab yugurib ketuvdi. Uni quvib borgandim.
- Ha, mehmon, bu o‘zi shunday. Itini biram yaxshi ko‘radi. Eng yaqin do‘sti. – Buvi shunday deya bolaga o‘girildi. – Dengiz, bor, qo‘ylarga yemish berib kelgin.
Bola indamay o‘rnidan turdi. So‘ri tagida yotgan it dumini likkillatgancha unga ergashdi.
- Nevarangiz bilan yolg‘iz yashaysizmi, buvi?
- Shunday, bolam. Sizning oilangiz bormi?
- Onam, ikkita qizim bor. Xotinim vafot etgan. Ikki yil bo‘ldi.
- Nima bo‘lganda yaxshi bo‘ldi. Sheriklaringiz kelib olib ketgunicha bemalol biznikida turaverishingiz mumkin. Biror narsa kerak bo‘lib qolsa, Dengizga ayting.
***
Sahrolar bag‘rini qoq ikkiga bo‘lib Amudaryo oqib o‘tadi. Jayhunsuvning har tomchisida bir olam yashaydi. Har tomchida bir baxt, bir umid, bir orzu, bir armon. Qum zarralarini har yon uchirgan garmsel shamoli uning bag‘rida shabadaga aylanadi, umid bilan ekilgan urug‘lar shu suvni deb boshoq bo‘ladi, egat bo‘ladi, nihol bo‘ladi. Atrof-javonibni jizg‘anak qilgan oftob uning bag‘rida nurga aylanadi. Amudaryoning bag‘ri ana shunday keng, ana shunday jonbaxsh. Xuddi buvilarning bag‘ri kabi.
- Daryo toshqin, suvlar to‘lqin o‘tolmayman
Otim oriq manzilimga yetolmayman… Dengiz, anavi qiz kim?
- Nurjan ustoz-ku. Murod amakining qizi. Maktabda geografiyadan dars beradi.
- O‘qituvching ekan-da
- Ha.
- U bu yerga tez-tez keladimi?
- Negaligini bilmayman-u, tez-tez kelib daryoga tikilgancha jim yig‘lab o‘tiradi. Nurjan opa juda yaxshi qiz.
Bola o‘rnidan turib, shimi pochalarini yanada balandroqqa shimardi:
– Menga yordam berib yuborasizmi?
– Qanaqa yordam? - Yo‘ldosh ko‘zini narigi sohildan olib, bolaga qaradi Bola epchillik bilan kechuvga sakrarkan, javob berdi: “Suv tashiymiz, Nurjan opalarning qudug‘idan. Harna daryoga yaqinroq”. Yo‘ldosh hech narsaga tushunmagan bo‘lsa ham, Nurjan ismini eshitib, tezlikda bolaga ergashdi. Dengiz eshagiga arava qo‘shib olib chiqqunicha Yo‘ldosh bo‘sh chelaklarni taxt qilib qo‘ydi.
- Uyda suv yetarli ekan-ku, suvni qayoqqa tashimoqchisan?
- Yuravering-chi, oxirida ko‘rasiz.
Chelaklar o‘nta edi. O‘n chelak suv quduqning muzday bag‘ridan chiqib, temir chelakning bag‘rini to‘ldirdi. O‘n chelak suv, o‘nta hayot. Olovtaft cho‘llar issig‘ida bu ne’matsiz yashab qolish qiyin. Dengiz ketma-ket eshagining biqiniga niqtarkan, xayoli Orolda edi: Issiq havo, biyday cho‘l, tomog‘i chanqoq zabtidan qaqragan Orol zo‘rg‘a nafas oladi. Sho‘rlikning tomog‘iga bir tutam tikan kirib qolganday, har yutinganda dahshatli og‘riq qo‘zg‘aladi. Kuchli chanqoqni dahshatini bola bir hafta avval quduq kavlagani borganda his qildi. Agar Qoplon o‘yinqaroqlik qilmaganda, ehtimol bunaqa bo‘lmasmidi. O‘shanda u har doimgidek eski quduq og‘ziga keldi. Saksovul shoxlari bilan berkitgan quduq og‘zini ochib ichkariga tushishdan oldin yo‘lxaltasini quduq og‘ziga qo‘ydi. Xaltada yarimta non, yelim idishda suv, boya kelishda yo‘ldan topib olgan uchta oshiq bor edi. Shu ko‘yi u tushgacha ishladi. Chanqab qolib, suv ichmoqchi bo‘lganda yo‘lxaltasini tashqarida qoldirgani yodiga tushdi. Chiqib qarasa, xalta yo‘q. Nariroqdagi saksovul soyasida uzala tushgancha yotib olgan Qoplon xaltani oldingi oyoqlariga qisib, g‘ajib o‘tirar, nariroqda tish zarbidan beli yirtilgan bo‘sh yelim idish, oshiq donachalari dumalab yotardi. Yarimta nondan asar ham yo‘q. Dengiz Qoplonni rosa qumbo‘ron qildi, biqiniga tepdi, oyog‘ini bosdi. Ammo, endi kech bo‘lgandi. Oftob qizdirgandan qizdirar, atrofda qilt etgan tirik jon yo‘q, biyday cho‘l. U jonholatda qishloq tomon yugurdi. Yugurgan sari tanasidan mador ketardi. Tomog‘i qaqrab, achishar, bоrgan sari holsizlanib borardi. Yura-yura bir soat deganda qishloqqa yetdi.
Eshak to‘satdan to‘xtab qolgach bola cho‘chib boshini ko‘tardi. Oldinda to‘lqinlari mavj urgan Amudaryo sharqirab oqib yotardi.
- Dengiz, yo‘ldan adashdingov. Daryo bo‘yida kimga suv kerak?
- Yo‘q, adashmadim. Qani, Yo‘ldosh aka, chelaklarni sohilga tashiylik-chi.
U shahd bilan ikki chelak suvni olib, daryo tomon ketdi. Yo‘ldosh uning nima qilmoqchiligini hamon anglolmay, angrayib turardi. Dengiz sohilga to‘rt marta qatnab chelaklarni sohilga tashidi. Oxirgi ikki chelakni Yo‘ldosh o‘zi olib bordi.
- Nima qilmoqchisan o‘zi?
- Hozir...
Dengiz chelakdagi suvlarni birma-bir daryoga quydi. “Amudaryojon, bu suvlarni Orolga olib bor. Harna u uchun olib boradigan suving o‘n chelakka ko‘paysin. Iltimos, uni ehtiyot qil. Iloji boricha ko‘proq suv elt. Bag‘ringdan behuda suv yulayotgan odamlarga ayt. “Bu suv Orol uchun, unga tegmanglar” de. Daryojon, Orolni saqlab qol…”
***
– Dengiz, xayriyat, shu yerda ekansan. Buving seni qidiryapti.
- Doniyorlarnikiga ketdi, demadingizmi.
– Aytdim. Chaqirib kel, dedi. Kechki ovqat tayyor bo‘ldi. Yur, ketdik.
- Hozir, chiqaman.
Quduq og‘ziga mahkamlangan arqon silkinib, xira qorong‘ulik bag‘ridan bolaning gavdasi chiqib keldi. Yo‘ldosh uning bilagidan tortib, chiqishga ko‘maklasharkan, uning oppoq changga belangan ust-boshiga qarab, dedi:
- Dengiz, sendan bir narsa so‘rasam, maylimi.
- Mayli, so‘rang.
- Bu eski quduqdan nimani qidiryapsan?
- Muhim narsani. Lekin nimaligini aytolmayman.
- Xo‘p, topishingga ishonasanmi?
- Albatta.
- Yaxshi. Lekin bir narsani unutma. Bu hayotda qidirgan narsalaringning hammasi ham topilavermaydi. Faqat, topilmaganda qidirishni to‘xtatmasang bas…
- Buni bilaman. Odam degani bir kuni to‘xtab qolish uchun harakatni boshlamaydi-ku.
- Ertaga ketyapman. Mashina yuborishyapti. Shu bilan ancha muddat Xorazmda bo‘laman.
- Qizilravotga boshqa kelmaysizmi?
- Xudo xohlasa, kuzda qizlarim bilan kelaman.
***
Tog‘ga bor, toshga bor
Ota-onang quduqda…
Quduqdan xonqizining ota-onasi topilmadi. Bolaning otasi ham, onasi ham chiqmadi. Quduq ichi chuqurlay borgani sari tuproq namlab ketaverdi. Allaloqibat, suv chiqdi. Loyqa, ammo muzdek suv…Cho‘lning olov bag‘rida qurib borayotgan hayot uzra tabiatga jon ato etib, muzday suv chiqdi. Ha, bu ona yerning necha yillardan beri Orolga atab asrab kelgan suvi. Bola uning bir tomchisiga ham xiyonat qilmay, Orolga yetkazadi. To‘g‘ri, dengiz juda olisda. Ammo Amudaryo bor ekan, bu suvlar albatta unga yetib boradi. Dengizgacha yo‘lni hech kim Amudaryochalik yaxshi bilmaydi. Dengizning qalbini hech kim uchalik tushunmaydi. Dengizni hech kim uchalik sevmaydi…
Ona yer o‘z bag‘rida yana qancha suvni Orol uchun asrab kelayotganikin…
Iroda Bekmurodova (Iroda Zokir qizi)
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi,
Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi

