Psixolog suhbat vaqtida chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida yolg‘on ko‘rsatuvlar berishga harakat qilayotgan shaxslarning so‘zlarini ko‘proq tinglashlari kerak degan xulosa kelib chiqadi. Buning sabablari bir qancha:

  •  insonning aynan so‘zda ifodalangan axborotni idrok etishga ichki moyilligi;
  • nutqni oldindan tayyorlab qo‘yish mumkinligi;
  • qaytma aloqa mavjudligi (gapirayotgan odam bayon etishning muvofiq keluvchi yo‘lini tanlab, o‘zini eshitadi);
  • so‘zlar uchun javob berishga to‘g‘ri keladi, chunki ularni takrorlash oson va ulardan batamom voz kechish qiyin.

    Insonning yuziga ham so‘zlardan kam bo‘lmagan e’tibor qaratiladi. Yuz qiyofasi ovoz bilan birgalikda eshituvchiga so‘zlayotgan shaxsda uning o‘z so‘zlari keltirib chiqaradigan hissiyotlari haqida axborot berishi, shu bois insonning yuzi ham aldashi mumkin. Ammo yuz mimikasini nazorat qilish qiyinroq.

    Inson yuzi miyaning hissiyotlar uchun javob beruvchi sohalari bilan bevosita bog‘liq, so‘zlar esa unday emas. Nimani gapirayotganimizni bilish oson, ammo yuzimiz nimani ifodalayotganini bilish ancha qiyin. So‘zlar va yuzga ajratiladigan bunchalik saxiy e’tibor natijasida plastika va ovozga deyarli e’tibor qolmaydi. Shunga qaramay, suhbatdoshini yolg‘on gapirayotganda gumon qiluvchi insonlar ularning ovozi va tanasiga ko‘proq e’tibor berishlari to‘g‘ri bo‘ladi. Ovoz ham, yuz singari, hissiyotlar uchun javobgar miya sohalari bilan bog‘liqdir. Inson tanasi axborot chiqadigan va boshqa aldash belgilari ko‘rinadigan yaxshi manbadir. Tana harakatini nazorat qilish uncha qiyin bo‘lmasa-da, ko‘pchilik bunga e’tibor bermaydi, ya’ni zarurati yo‘q deb hisoblaydi. Biz odamlarning yuzlariga qarash bilan haddan tashqari bandmiz va ular so‘zlaganda savol beramiz.

    Yolg‘onni aniqlash oson emas. Muammo axborotning ko‘pligida. Bular: so‘zlar, to‘xtamlar, ovoz jarangi, yuz ifodasi, bosh harakati, imo-ishoralar, gavda holati, nafas olish, ter bosish, yuzdagi qizillik yoki rangparlik va hokazo. Ana shu manbalarning hammasi axborotni galma-gal va birgalikda berishi mumkin.

    Yolg‘on gapirayotgan shaxs birovlar ko‘proq diqqat bilan kuzatadilar deb hisoblaydigan narsalarnigina yashiradi va soxtalashtiradi. Nutqni oldindan tayyorlab qo‘yish mumkin, ammo kimnidir aldashga uringan inson asosan beparvoligi tufayli nutqiy xatolarga yo‘l qo‘yadi. Ko‘pchilik ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yib aytgan so‘zlari bilan o‘zini fosh qiladi. Zigmund Freyd buni tildagi yanglishuv sifatida ta’riflagan.

    Yanglishib aytilgan gaplar bo‘yicha yolg‘onni aniqlashda ehtiyot bo‘lish zarur, deb hisob­laydi Paul Ekman, chunki ana shu yanglishuvlarning hammasi ham yolg‘ondan dalolat beravermaydi.  Yanglishuv yolg‘onni fosh qilayotgani yoki qilmayotganini odatda kontekstdan kelib chiqib aniqlash mumkin. Shu o‘rinda boshqa bir keng tarqalgan xatoning oldini olish va yanglishib gapirmaydigan har bir kishini haqiqatgo‘y deb hisoblamaslik ham zarur.

    Ko‘plar yolg‘on gapirayotganida yanglishuvga yo‘l qo‘ymaydi. Hozircha qandaydir yolg‘onning yanglishuv bilan fosh bo‘lishi, qaysilaridir bunday bo‘lmasligini izohlovchi hech bir tadqiqot amalga oshirilmagan (hatto taxminlar ham bildirilmagan).

    Yolg‘on psixologiyasiga oid ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, ba’zilar yolg‘on gapirayotganida dangal javob bermaydi, gapni aylantiradi yoki keragidan ortiq ma’lumot beradi. Boshqa tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, buning aksi ham bo‘ladi: aksariyat odamlar savolga javob berishdan bo‘yin tovlash va aniq javob berishdan qochish uchun haddan tashqari ayyordirlar. Bunday yolg‘onchilarni sezmaslik ham mumkin. Aynan shu joyda gaplari javobdan qochish yoki gapni butunlay aylantirish bo‘lgan haqiqatgo‘y insonni noto‘g‘ri baholash xavfi (individual xususiyatlar xatosi) mavjud. Ba’zilar doimo ana shunday so‘zlaydilar. Bundaylarning so‘zlash uslubi shunaqa. Ammo bu yolg‘onchilik alomati emas, balki ularning oddiy gapirish uslubidir. Masalaning murakkabligi shundaki, ko‘pincha birovning aldayotganini aniq ko‘rsatib turgan har qanday ko‘rinishlar boshqa odamlar uchun kundalik xulqining tarkibiy qismi bo‘lishi mumkin.

    To‘xtalish (pauza) va tutilishlar. To‘xtalishlar haddan tashqari uzoq yoki qisqa bo‘lishi mumkin. So‘zlar oldidagi tutilishlar (duduqlanishlar), ayniqsa bu savolga javob berayotganda kelib chiqsa, har doim shubha uyg‘otadi. Nutq jarayonining o‘zidagi qisqa to‘xtalishlar ham haddan tashqari ko‘p uchrasa, shubhali tuyuladi.

    Nutqdagi xatolar, masalan: «hm», «xo‘sh» va «e-e» singari kirish so‘zlar; «men», «men», «men» ... nazarda tutyapman» singari takrorlar; «Menga j-juda yoqdi» singari ortiqcha bo‘g‘inlar ham yolg‘on alomatlari bo‘lishi mumkin. Nutqdagi to‘xtalish va tutilishlarning sabablari quyidagilardan iborat:

  • yolg‘onchining o‘z harakatlari yo‘nalishini, muayyan masalani yaxshilab o‘ylamagani;
  • fosh bo‘lishdan qattiq qo‘rqqani.

    Bundan tashqari, odam o‘zining yolg‘oni haqiqatdan qanchalik uzoqligini eshitsa, qo‘lga tushishdan yanada ko‘proq qo‘rqa boshlaydi, natijada to‘xtalish va nutqiy xatolar ko‘payib boradi.

    Axborotni berish-uzatish texnikasi (yo‘llari) bilan bog‘liq yolg‘on belgilariga alohida e’tibor qaratish lozim:

  • savollarga haddan tashqari tez berilayotgan javoblar o‘ylashga majbur qilishi lozim;
  • berilayotgan axborotga haqiqiy munosabatni niqoblash yoki buzib ko‘rsatgan holda qandaydir boshqa jihatlarini nutqiy vositalar – intonatsiya, pauza va boshqalar yordamida namoyishkorona ta’kidlash (ajratib ko‘rsatish).

    Oxirgi belgi yolg‘on gapiruvchilar boshqa birovni chalkashtirish uchun atayin qo‘llaydigan usullar guruhiga kiradi va boshqa ma’lumotlar bilan qiyoslaganda, yolg‘on ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

    Kundalik amaliyotda bu aynan usul ekanligiga ishonch hosil qilinganida, bunday holatlar haqida boshqa birovni ishontirishga urinib «oshirib yubordi» deyiladi. Ovoz nutq to‘lqinlarining fiziologik ko‘rsatkichlarini o‘lchash asosida insonning hissiy holatidan dalolat beradigan nihoyatda informativ ko‘rsatkichdir. Ushbu fiziologik ko‘rsatkichlarga quyidagilar kiradi: nafas olish harakatlarining xarakteri, qon oqimi bilan bog‘liq bo‘lgan ovozdagi pulsatsiya; ovozdagi asosiy ohang o‘zgarishlari; ovoz apparati mushaklarining tebranishi. Biroq ovozdagi o‘zgarishlarga qarab aynan yolg‘onning ishonchli alomatlarini aniqlash mumkin deb qat’iy ta’kidlashning amalda iloji yo‘q. Ko‘pincha, biz stress ta’sirida salbiy hislar yuzaga kelganligining belgilarini ko‘ramiz. Shu bois ovoz ko‘rsatkichlaridagi o‘zga­rishlarni boshqa qo‘shimcha alomatlarni hisobga olgan holda talqin etish kerak. Tajribadan ma’lum bo‘lishicha, samimiy inson o‘ziga nisbatan shubha borligini ko‘rganida ko‘proq gapirishga va samimiyligini isbotlashga harakat qiladi, ayni vaqtda berilgan to‘g‘ri savollarga qaytarilgan beparvo, mujmal javoblar normal xatti-harakat tushunchasiga mos kelmaydi. Bunday javoblar suhbat jarayonida yolg‘on gapirish borgan sari qiyinlashib borishi bilan bog‘liq:

  • so‘zlarda qat’iyatsizlik paydo bo‘lishi;
  • to‘xtovsiz gaplashish yoki ko‘plab savollar berish orqali suhbatdoshni chalg‘itish;
  • savollarga javob berishni istamaslik yoki javob bera olmaslik;
  • savollarga javob berishdan oldin uzoq vaqt jim qolish; savollarga haddan tashqari imillab yoki chalkash javob berish;
  • berilayotgan savollarni ovoz chiqarib takrorlash yoki tushunarliroq qilib berishni so‘rash;
  • savolning mohiyatini ishga aloqasi bo‘lmagan ortiqcha ma’lumotlar bilan niqoblash.

    So‘ralayotgan shaxs xatti-harakatidagi quyidagi xususiyatlar uning yolg‘on gapirayotganidan dalolat berishi mumkin:

    – inson xulqining vaziyatga nomuvofiqligi;

    – xayrixohlikni oshirib namoyish qilish; vaziyat taqozo etmasa ham iljayaverish;

    – so‘ramagan yordamingizni berish;

    – arzimas sabablarga ko‘ra qahr-g‘azabini baralla ko‘rsatish;

    – o‘zini yomon his qilayotganidan shikoyat qilish, tibbiy yordam so‘rash, bu hol haqiqatan ham umumiy ahvoli yomonlashganidan dalolat berishi ham, e’tiborni chalg‘itish usuli, suhbatni tugatish uchun bahona bo‘lishi ham mumkin.

(davomi bor)

 Muxtasam Sulaymonov

 Samarqand davlat universiteti

 psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi