O‘quvchilar uchun “Ochiq eshiklar kuni”
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasalariga jalb etish maqsadida Samarqand davlat universitetida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi. Mazkur “Ochiq eshiklar kuni”da universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Shuhrat Umidullayev, o‘quv bo‘limi bosh mutaxassisi Samad Tolliboyev, universitet marketing va talabalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Murod Hojiyev, Samarqand tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Sherzod Abulxayrov, maktablar faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘basi metodisti Murod Mirzayev hamda Samarqand tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 180 nafar iqtidorli bitiruvchi o‘quvchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktorining o‘rinbosari To‘lqin Samadov ochdi. O‘quvchilar institutda yaratilgan sharoitlar, laboratoriyalar hamda xorijiy universitetlar bilan hamkorliklar to‘g‘risida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldilar. Shuningdek, ular Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida xorijdan kelib faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilar hamda xorijdan kelib tahsil olayotgan talabalar bilan yaqindan tanishdilar.
Shundan so‘ng yuridik fakulteti dekani Rahmatilla Mirzayev, tarix fakulteti dekani Ro‘ziqul Abriyev, matematika fakulteti dekani Ahmad Xolxo‘jayev, geografiya va ekologiya fakulteti dekani o‘rinbosari Shahob G‘aniyev, Inson resurslari va mahalla taraqqiyotini boshqarish instituti direktori Shohruh Jo‘raqulov, Biokimyo instituti direktori Siroj O‘roqov hamda Muhandislik fizikasi instituti direktori Ahmad Absanov tadbirda qatnashgan o‘quvchilarga Samarqand davlat universiteti va uning tasarrufidagi institutlarda olib borilayotgan tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik va akademik almashinuvlar, laboratoriyalar va tadqiqot markazlari faoliyati, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va mavjud imkoniyatlar, shuningdek, arxeologiya, zoologiya, geologiya hamda qatag‘on qurbonlari muzeylari haqida ma’lumot berdilar.
Jumladan, Samarqand davlat universitetida hozirda 6 ta institut, 6 ta fakultet va 61 ta kafedra mavjudligi, 71 ta bakalavriat yo‘nalishi va 49 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanayotgani, 15 348 nafar talabaga 1 111 nafar professor-o‘qituvchilar dars berayotgani, universitetning ilmiy salohiyati 76,5 foizni tashkil etishi hamda xalqaro nufuzi ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida bitiruvchi o‘quvchilar universitetning o‘quv xonalari, laboratoriyalari va muzeylari bilan yaqindan tanishdilar.

