XALQARO ILMIY-AMALIY SEMINAR
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida “Suv resurslarini boshqarish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir suv resurslarini boshqarish, ularning hududiy taqsimlanishi, global iqlim o‘zgarishi sharoitida yuzaga kelayotgan suv tanqisligi muammolari hamda daryo havzalarida gidrologik jarayonlar o‘zgarishini ilmiy o‘rganishga bag‘ishlandi. Anjumanda SamDU ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov hamda xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axadov ishtirok etdi.
Bugungi kunda dunyo miqyosida toza ichimlik suvi zaxiralarining kamayishi, daryolar tabiiy oqim sig‘imi va rejimining buzilishi, sug‘orish tizimlarida suv isrofining ortishi, muzliklarning qisqarishi hamda ekologik muvozanatning izdan chiqishi kabi muammolar tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslaridan oqilona foydalanish, transchegaraviy daryolarni boshqarish va suv ta’minoti barqarorligini ta’minlanish eng muhim vazifalardan biridir. Xususan, Zarafshon daryosi havzasida suv oqimi shakllanishi, iqlimiy omillar ta’siri, suv balansining o‘zgarishi va ekologik xavflar bilan bog‘liq ilmiy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Seminarda xorijiy va mahalliy yetakchi olimlar, tadqiqot muassasalari vakillari hamda soha mutaxassislari o‘z ma’ruzalari va ilmiy natijalari bilan o‘rtoqlashdilar. Jumladan, Niderlandiyaning Vageningen universiteti (Wageningen University & Research) professori, "Geo-information Science and Remote Sensing" laboratoriyasi rahbari, xalqaro ekspert, doktor Kirsten de Beurs, AQShning “KPA Engineers” kompaniyasi texnik suv xo‘jaligi direktori, texnika fanlari doktori Asqarali Karimov, Germaniyaning GFZ Helmholtz Centre markazi vakili, Markaziy va Janubiy Osiyo, Yevropa hamda Janubiy Amerikada keng qo‘llaniladigan MODSNOW tizimi muallifi, gidrolog Abror G‘afurov, Xalqaro suv resurslarini boshqarish institutining (IWMI) Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy menejeri, doktor Oyto‘ra Anarbekov, O‘zbekistondagi qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari xalqaro markazi (ICARDA) va IWMI xalqaro eksperti Zafar G‘afurov va boshqalar ma’ruza qildilar.
Tadbir yakunida ilmiy asoslangan fikr va takliflar bildirilib, kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.



