1

    Ko‘k bo‘yog‘i ko‘chib tushgan eshik. Mung‘aygan ostona. Ikki juft oyoq kiyim. Hovlining chetida, shundoqqina ostona ro‘parasida o‘sgan yangi tut novdasi oldiga bog‘lab qo‘yilgan it ko‘rayotgan manzara mana shulardan iborat. Itni olib kelishganiga ko‘p bo‘lmadi, shuning uchun u sal begonasirash aralash hadik bilan atrofni jim  kuzatadi. Yotgan joyida unga yaqqol ko‘rinadigan manzara shu: ko‘k bo‘yog‘i ko‘chib tushgan eshik, ikki juft oyoq kiyim. Oyoq kiyimlarning biri katta, taglari yediriligan, ikkinchisi birinchisiga qaraganda anchayin kichkina va nozik. Odatda, kunduzlari faqatgina bir juft oyoq kiyim bo‘ladigan ostonada kechga borib yana ikki juft oyoq kiyim paydo bo‘ladi. It hali yangi bo‘lgani uchun oyoq kiyim egalarini yaxshi tanimaydi. Shuning uchun ularni faqatgina oyoq kiyimidan farqlay oladi.  Odatiy kunlarda hovli yuzida odam kam ko‘rinadi. Qo‘shni hovlilardan eshitilib turadigan baqir-chaqir bu hovlida negadir sukunat bilan almashinadi. It qo‘shni xonadondan kelayotgan bolalarning qiy-chuvini eshitganda sakrab o‘rnidan turadi, dumini likillatib turgan joyida bir-ikki aylanadi. Atrofga alanglab, shovqin manbaini axtaradi, topolmagach yana joyiga cho‘ziladi. U  kun davomida ko‘cha eshikda ko‘ringanlarga hurish va ostonaga termulib yotish bilan vaqt o‘tkazadi. Kechga borib ostonadagi bir juft oyoq kiyimga doimgidek  ikkinchi juftlik kelib qo‘shiladi. Chirog‘i yoniq xonadan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlarga qo‘shilib kosa-qoshiqlarning chaq-chuqi eshitiladi. Buni eshitgan it tilini chiqarib dumini likillatadi. Chunki har gal mana shunday ovozlardan keyin unga ovqat keltirishadi. It qornini to‘ydirgach yana ostonaga tikilgan ko‘yi joyiga cho‘ziladi. Sokin tun cho‘kadi. Tiniq osmon uzra cho‘g‘dek bo‘lib yulduzlar porlay boshlaydi. It samarasizligini bilsa ham zanjirini bo‘shatmoqchi bo‘lib tortib ko‘radi. Ammo zanjir qimir etmay turaveradi. U uzoqlardan eshitilayotgan itlar hurishiga quloq tutib yotadi, ba’zida o‘zi ham ularga qo‘shiladi. Itga o‘zi yashayotgan sokin dunyodan ko‘ra to‘rt devordan tashqaridagi olam qiziq tuyilaveradi. Shu sababdan bo‘lsa kerak zanjirini uzishni, o‘sha o‘zi qiziqqan dunyoga sayohat qilishni xayol qiladi.

   Tun tong bilan o‘rin almashinadi, tong esa yana tun bilan. Oqar daryo oldinga qarab oqaveradi, quyosh ham chiqib botaveradi. Ostonada ikki juft oyoq kiyim ba’zan birga, ba’zan biri yolg‘iz turishda davom etadi. It ham bu bir tekis, bir zaylda o‘tuvchi sokin hayotga ko‘nikib, endi o‘zi ham ana shu sokinatning bir qismiga aylanadi. Hovli hamon o‘sha, lekin tut  novdasi endi kichikroq daraxtga aylangan. Ilgari it uning soyasiga zo‘rg‘a sig‘gan bo‘lsa, endi oyoqlarini cho‘zib yotsa ham bemalol joylashadi. Ba’zi kunlarda ostonadagi oyoq kiyimlarga yana bir juft qo‘shiladi. It bu oyoq kiyim egasini xushlamaydi. Onda-sonda bir kelib turadigan bu xotin har kelganda bir g‘avg‘oni boshlab keladi. U kelgan kuni hovlidagi so‘riga joy qilinadi. Ostonada turadigan oyoq kiyimlar ham so‘rining tagiga yechiladi. Xotin dasturxon atrofida allanarsalarni diydiyo qiladi. Uning qo‘pol-qo‘rs gaplari itning g‘ashini keltiradi. Avvaliga irillaydi, keyin zarda bilan hurishni boshlaydi. It o‘zigagina xos sezuvchanlik bilan payqaydiki, xotin ketganidan keyin beka yig‘laydi, xo‘jayin parishon bo‘lib qoladi.

    Tun tong bilan o‘rin almashishdan, urishqoq xotin  kelib bekani xafa qilib ketishdan to‘xtamaydi. Tutning soyasi endi nafaqat itni, balki  uning atroflarini ham qoplashga yetadi.

    Bir kuni it tushga yaqin erinibgina uyqudan uyg‘onadi. Oyoqlarini oldinga cho‘zib kerishadi. Ko‘zlaridan uyqu tarqab, qarasa ostonada doimgidek ikki juft oyoq kiyim emas, balki to‘rt juft oyoq kiyim turganini ko‘radi. Begona oyoq kiyimlar uni juda qiziqtiradi. Borib hidlab ko‘rgisi keladi. Doimgi hiylasi: zanjirining sim ipini tishlab tortib uzishga harakat qila boshlaydi. Astoydil harakat qila-qila uzoq  vaqt uringanidan keyin va nihoyat uddalaydi. Sim ip bo‘shab qoziqqa bog‘langan zanjir “shirq” etib yerga tushadi. It oyoqlarini yozish uchun hovlini gir aylanib chopadi. Biror narsaga tegib ketib, ozod bo‘lganini bekaga bildirib qo‘ymaslik uchun ovoz chiqarmasdan ostona tomon yuradi.

(davomi bor...)

Iroda Bekmuradova,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi