Italiyada akademik mobillik: Kyeti va Peskaradagi “J. d’Annunsio” universitetida Erasmus+ KA171 stipendiyasini qo‘lga kiritish imkoniyati
2026/2027-o‘quv yili uchun Italiyaning “G. d’Annunzio” (University “G. d’Annunzio” of Chieti–Pescara) universitetida Erasmus+ KA171 xalqaro akademik mobillik dasturida ishtirok etish uchun tanlov e’lon qilinadi.
Dastur talabalarga 2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 28-fevralgacha bo‘lgan qishki semestr davomida Italiyada tahsil olish imkoniyatini beradi.
Stipendiya haqida ma’lumot
Saralab olingan ishtirokchilarga quyidagilar taqdim etiladi:
• Mobillik davri davomida oyiga 900 yevro (umumiy stipendiya miqdori – 4 500 yevro);
• Ishtirok etish imkoniyati cheklangan talabalar uchun (Erasmus+ moliyalashtiruvi mavjud bo‘lgan taqdirda) oyiga qo‘shimcha 250 yevro miqdorida to‘lov;
• Erasmus+ masofani hisoblash qoidalariga muvofiq transport xarajatlari uchun moliyaviy ko‘mak;
• Kyeti yoki Peskara shaharlaridan turar joy topishda ko‘mak;
• Mobillik davri boshlanishidan oldin va davomida italyan tili kurslari.
Ushbu tanlov bakalavriatning bitiruvchi bosqich talabalari, magistrantlar va doktorantlar (PhD) uchun.
Tanlovda quyidagi talablarga javob beradigan talabalar ishtirok etishlari mumkin:
• Rasmiy transkript bilan tasdiqlangan yuqori akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi;
• Ingliz yoki italyan tilini CEFR shkalasi bo‘yicha kamida B1 darajasida bilish;
(Ingliz tilida o‘qitiladigan fanlarni tanlagan nomzodlarga ustunlik beriladi.)
Ingliz tilidagi ta’lim dasturlari
• Farovonlik va faoliyat samaradorligi psixologiyasi;
• Planetar fanlar;
• Sog‘liqni saqlash sohasidagi reabilitatsiya fanlari;
• Qurilish muhandisligi va madaniy meros;
• Kompyuter kognitiv fanlari;
• Iqtisodiyot va menejment;
• Biznesni baynalmilallashtirish va innovatsiyalar sohasidagi huquqiy tadqiqotlar.
Kerakli hujjatlar
Nomzodlar quyidagi hujjatlarni tayyorlashlari lozim:
1. Pasport nusxasi;
2. Akademik transkript (Transcript of Records);
3. 2026/2027-o‘quv yilida tahsil olayotganligi haqida ma’lumotnoma/sertifikat;
4. Ingliz yoki italyan tili darajasini (kamida B1) tasdiqlovchi sertifikat;
5. Tadqiqot mavzusi tavsifi (faqat PhD talabalari uchun).
Ma’lumot uchun: Talabalar mustaqil ravishda ariza topshira olmaydilar. Barcha hujjatlar universitetning Xalqaro hamkorlik boshqarmasi orqali taqdim etilishi lozim.
Universitet 2 ta asosiy va 2 ta zaxira nomzodni tavsiya (nominatsiya) qilishi mumkin.
Nomzodlarni taqdim etishning oxirgi muddati: 2026-yil 18-may (mahalliy vaqt bilan soat 23:59).
Ishtirok etish istagida bo‘lgan talabalarga imkon qadar tezroq universitet Xalqaro hamkorlik boshqarmasiga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Foydali havolalar
• “G. d’Annunzio” universitetining rasmiy sayti (https://www.unich.it/);
• Ingliz tilida o‘qitiladigan kurslar (https://www.unich.it/didattica/offerta-formativa/corsi-di-studio-lingua-inglese);
• Ta’lim dasturlarining to‘liq ro‘yxati (https://www.unich.it/didattica/offerta-formativa);
• Fanlar katalogi (https://www.unich.it/didattica/programmi-degli-insegnamenti);
• Erasmus+ masofa kalkulyatori (https://erasmus-plus.ec.europa.eu/resources-and-tools/distance-calculator);
• EU Academy til testi (https://academy.europa.eu/);
• Ud’A’da Erasmus+ KA171 dasturi (https://www.unich.it/internazionale/erasmus-ka171).
Iqtidorli va g‘ayratli talabalarni ushbu xalqaro akademik mobillik imkoniyatidan foydalanishga hamda Italiyada ta’lim va tajriba orttirishga chorlaymiz!

