yoki jahon mamlakatlari demografik muammolar bilan yuzma-yuz kelmoqda

Aholi sonining o‘sib borishida uning yosh tarkibi asosiy omil hisoblanadi. XX asrning o‘rtalarida iqtisodiy rivojlangan davlatlarda aholi takror barpo bo‘lishi, tug‘ilish darajasining nisbatan pastligi va aholi umumiy tarkibida bolalar salmog‘ining kamligi bilan xarakterlanadi. Rivojlanayotgan davlatlarda ana shu davrda nisbatan yuqori tug‘ilish va aholi tarkibida bolalar salmog‘ining yuqoriligi xarakterli edi. Tug‘ilish yuqori va uni nazorat etish darajasi past bo‘lgan sharoitda aholining yosh tarkibi, aholi soni o‘sib borishiga bevosita ta’sir etadi.

So‘nggi o‘n yilliklarda oilani rejalashtirish va davlatlarning jadal iqtisodiy o‘sishi tufayli tug‘ilish darajasining pasayib borayotganligi kuzatiladi. Shu bilan birga, turmush darajasining yaxshilanishi va tibbiy texnologiyalarning rivojlanishi natijasida o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi keskin oshib borishi ma’lum darajada aholining qarishiga olib keladi.

Aholining qarishi juda uzoq davom etgan demografik o‘zgarishlarning natijasidir. Ayniqsa tug‘ilish,  o‘lim aholi qarishiga olib keluvchi asosiy demografik omillardir. Aholi migratsiyasi ham aholi qarishiga o‘ziga xos ta’sir etadi.

Aholi qarishi “quyidan”, ya’ni tug‘ilishning qisqarishi hisobiga qarishi va “yuqoridan” aholining o‘rtacha umr ko‘rish muddatining uzayishi va o‘limning kamayishi hisobiga qarishi kabi turlarda namoyon bo‘ladi. Rivojlangan davlatlar aholisi ham “quyidan” va ham “yuqoridan” qariyotgan bo‘lsa, O‘zbekiston aholisida “yuqoridan” qarish jarayonlari kuzatilmoqda.

         Aholining qarish darajasini aniqlash uchun Rossiya va boshqa qator davlatlarda aholining yosh chegarasi – 60 yoshdan boshlandi. Qator g‘arb mamlakatlarida va xalqaro miqyosda – 65 yoshdan boshlab qarilar guruhiga kiritiladi. Dunyo aholisi misli ko‘rilmagan qarishni boshdan kechirmoqda.  65 yoshdan oshganlarning ulushi boshqa guruhlarga qaraganda tezroq o‘sib borishi kuzatiladi. 1950 yildagi 5 foizdan 2020 yilda 9 foizgacha o‘sdi va 2050 yilga kelib 16 foizga yetishi tamin qilinmoqda. 2018 yilda keksa odamlar soni 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan ko‘p bo‘lgan va 2080 yilga kelib ular 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan ko‘p bo‘ladi. Eng keksa aholi Yevropa va Osiyo uchun xos hisoblanadi .

Aholi qarishining asosiy tendensiyalari quyidagi ko‘rinishlarga ega, ya’ni rekord darajadagi uzoq umr ko‘rish. Bunda keksa odamlar 65 yosh va undan yuqori yoshdagilar aholining taxminan 10 foizni tashkil qiladi. Ularning soni tez sur’atlar bilan o‘sib borayotgani kuzatilmoqda. Dunyo aholisining qarishida o‘ziga xos mintaqaviy farqlar mavjud bo‘lib, Yevropa "qadimgi" mintaqa sifatida aholisi tarkibida keksa yoshdagilar salmog‘i 21 foizdan ziyodni tashkil etadi. Qarish jarayonlari rivojlanayotgan mamlakatlarda tezroq sodir bo‘lmoqda. Dunyo aholisining qarishiga tug‘ilish darajasining pasayishi va umr ko‘rish davomiyligining oshib borishi kabilarni sabab qilib ko‘rsatiladi. Aholining qarish jarayoni sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya tizimlariga ma’lum darajada yuklamalar tushishi, shuningdek ishchi kuchi yetishmasligi kabi oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Aholining qarishi davom etayotgan bir paytda butun dunyo aholisining taxminan 1,2 milliardini yoshlar, ya’ni 15-24 yoshdagilar tashkil etadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda, ayniqsa Afrikada tug‘ilish darajasi yuqori bo‘lganligi sababli demografik "yoshlik" (yoshlarning ustunligi) saqlanib qolmoqda. Dunyo aholi soni o‘sishidagi tendensiyalar shu tarzda davom etadigan bo‘lsa 2050-yilga borib garchi Osiyo qit’asi qariyalarning umumiy soni bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolsada (62foiz), biroq keksa yoshdagi aholining eng katta o‘sishi Afrikada (3 baravar) sodir bo‘lishi kutilmoqda.  

Umuman olganda, dunyo ulg‘aymoqda, ammo qarish mintaqalari sifatida Yevropa va Sharqiy Osiyo alohida ajralib tursa, aksincha yosh mintaqalar Afrika va Osiyoning ayrim qismlari hisoblanib bular o‘rtasida sezilarli tafovut saqlanib qolmoqda.

Aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining oshishi insoniyatning eng muhim jamoaviy yutuqlaridan biri sanaladi. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va sog‘liqni saqlash sohasidagi yutuqlar, ayniqsa keksa odamlar orasida o‘lim darajasining pasayishiga olib keldi. Natijada bu 60 yosh va undan oshgan aholi qatlamida yashash uchun mo‘ljal olish imkonini berdi.

Bundan tashqari, urbanizasiya darajasi, oliy ta’lim qamrovining oshib borishi va oilani rejalashtirish xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarining kengayishi kabi omillar oilalar sonining kamayishiga va tug‘ilishning pasayishiga olib keldi. Bu ko‘plab mamlakatlarda bolalar sonining  kamayishiga sabab bo‘ldi. Natijada, 60 yosh va undan katta yoshdagi odamlar soni undan yoshroq odamlar soniga qaraganda tezroq o‘sib bormoqda, bu aholining qarishiga olib keladi.

Ushbu o‘ziga xos demografik o‘zgarish uzoq umr ko‘rish orqali inson salohiyatini maksimal darajada oshirish imkoniyatlarini beradi, ammo shu bilan birga barcha sohalarda ijtimoiy tuzilmalarni moslashtirishni talab qiladigan yangi muammolarni ham keltirib chiqaradi.

2024 yilda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichi 73,3 yoshga yetdi, bu 1995 yilga nisbatan 8,4 yilga ko‘p. 60 yosh va undan katta yoshdagi odamlarning dunyo bo‘yicha soni 2023 yildagi 1,1 milliarddan 2030 yilda 1,4 milliardga ko‘payishi prognoz qilinmoqda. Bu tendensiya rivojlanayotgan mintaqalarda aniq jadallashayotganligi kuzatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasida aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi yil sayin oshib borishda davom etmoqda. 2010 yil 73 yoshni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda 75,1 yoshdan iborat bo‘ldi.

Yevropa va Markaziy Osiyo dunyodagi eng keksa aholiga ega mintaqalar qatoriga kiradi. Xususan, Yevropa aholini barqarorlashtirishga demografik o‘tish davrining oxiriga yaqinlashmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyoning nisbatan yosh aholisi tezda Yevropaning ortidan bormoqda.

Yevropa va Markaziy Osiyoda aholining qarish jarayoni Gʻarbiy Yevropa va Sharqiy Osiyodagidan farq qiladi, odamlar uzoq umr ko‘rishmasada, ammo aholi qarib bormoqda. Yevropa va Markaziy Osiyoda o‘rtacha yoshning oshishi, uzoq umr ko‘rishning ko‘payishi bilan emas, balki tug‘ilishning pasayishi bilan bog‘liq. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2020 yilda 71,8 yoshni tashkil etdi, bu Sharqiy Osiyo o‘rtacha ko‘rsatkichidan 74,2 yil 2,4 yilga va dunyo o‘rtacha ko‘rsatkichdan 79,7 yil 7,9 yilga past. Yevropa va Markaziy Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida yoshlarning migratsiyasi tufayli jamiyatlarning qarishi ham tezlashdi.

Sog‘liqni saqlash va pensiya xarajatlarining oshishi, qaramlik koeffisiyentlarining oshishi, iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi, davlat byudjetining barqaror emasligi va avlodlararo keskinliklarning kuchayishini imkoniyatlarini hisobga olgan holda aholining qarishi odatda jamiyatda tashvish manbai hisoblanadi. Demografik tendensiyalar ko‘pincha yengib bo‘lmaydigan yoki iqtisodiy xarajatlar oshishining muqarrar sababi sifatida qaraladi. Biroq, aholi ham, biznes ham o‘zgaruvchan sharoitlarga javoban o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirmoqda.

Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida faol uzoq umr ko‘rish va sog‘lom, samarali qarishni qo‘llab-quvvatlash uchun bir nechta sohalarda moslashuvchan davlat siyosati choralarini ko‘rish lozim.  Bunga nafaqat avlodlararo munosabatlar va pensiya tizimini, balki  sog‘liqni saqlash tizimining asosiy e’tiborini profilaktika yordami, birlamchi tibbiy yordam va kengaytirilgan diagnostikaga yo‘naltirish, uzoqroq mehnat qilish davomida samarali bandlik uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun ta’lim tizimlarini isloh qilish, ayollarga oila va karera, keksa odamlarga esa moslashuvchan ishlash imkonini berish uchun mehnat bozori institutlarini isloh qilish talab etiladi.

Sog‘liqni saqlash xizmatlaridan samarali foydalanishni oshirish, kasbiy tayyorgarlikni yaxshilash va innovasion faoliyatni kuchaytirish kabi siyosatlar qarigan ishchi kuchining salbiy samaradorlik ta’sirini yumshatishga yordam berishi mumkin.

Qarib borayotgan aholining demografik muammolarini hal qilish uchun ayrim davlatlar cheklovlarni yumshatadi va jalb qilish uchun immigratsiya va xorijiy ishchilar siyosatini amalga oshiradi. Shuni alohida ta’kidlash joizki, keksa ishchilarning tajribasi ularning unumdorligini pasaytirishdan saqlaydigan hal qiluvchi xususiyatdir. Keksa ishchilar, ayniqsa, hayotiy vazifalarni bajarishda qiyin vaziyatlarni tushunishga qodirligini taklif qiladi. Mutaxassislar keksa odamlar tashkilotning rivojlanish maqsadlariga ijobiy hissa qo‘shishiga ishonishadi va keksa xodimlarga ega bo‘lishning eng tez-tez tilga olingan afzalliklari – bu katta donolik va yetuklik, professionallik, ish ahloqi, sodiqlik va ishonchlilik. Bundan tashqari, ular yosh ishchi kuchini tayyorlash va ularga maslahat berishda qimmatli institusional bilim resursidir.

         Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Ryespublikasida aholi sonining o‘sishi va yosh tarkibidagi o‘zgarishlar o‘ziga xos demografik jarayonlar asosida sodir bo‘lmoqda. Ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, aholi turmush darajasidagi sifat ko‘rsatkichlarining oshib borishi, turli sohalarda aholiga xizmat ko‘rsatish sohalarining zamon talablariga mos holda tashkil etilayotganligi, aholi turmush tarzi madaniyatining ko‘tarilishi kabilar aholi soni dinamikasiga ma’lum darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunda demografik jarayonlardagi o‘zgarishlar mintaqalarning rivojlanganlik darajasiga mos ravishda shakllanadi. O‘zbekistonda va uning viloyatlarida aholi soni o‘sishini uning tabiiy harakati, aniqrog‘i tug‘ilish darajasi belgilab bermoqda. Binobarin, aytish mumkinki, respublikaning barqaror rivojlanish holati nafaqat iqtisodiyotda, balki demografik jarayonlarda, aholining demografik kayfiyatida ham sodir bo‘ladi.

         Mintaqalar aholi soni o‘sishining turlichaligiga avvalgi yillardagi aholining yosh va jins tarkibidagi nomuvofiqliklar, tarixiy demografik vaziyat, nikoh, tug‘ilish, o‘lim holatlarining farqlari, migratsiya, shuningdek, turli davrlardagi ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar ham sabab bo‘lgan.

Umuman olganda, respublika viloyatlari aholi soning o‘sishi oldingi yillarga nisbatan sezilarli darajada ortmoqda. Aholi o‘sishiga tabiiy, agroiqlimiy sharoit ham qisman ta’sir ko‘rsatadi; qulay iqlim sharoiti, unumli yerlar va suv resurslarining yetarliligi mavjud hududda aholi zich joylashishiga va uning o‘sishini nisbatan yuqori bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

 Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida aholining yosh tarkibi muhim tayanch ko‘rsatkichlardan sanaladi. Yosh tarkib mehnat bozoriga, nafaqa tizimiga, iste’mol va ijtimoiy ehtiyojlarga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy ta’minot va nafaqa berish kabilarni turli yosh guruhlari ehtiyojlariga mos ravishda rejalashtirishga yordam beradi. Iqtisodiy jihatdan yosh tarkib ishchi kuchi hajmi, mehnat unumdorligi va iste’mol talablariga ta’sir qiladi. Demografik jarayonlar rivojlanishida ham yosh tarkib muhim ahamiyat kasb etgani holda tug‘ilishning pasayishi aholining qarishiga va aksincha tug‘ilish darajasining yuqoriligi aholining yosharishiga olib keladi.

O‘zbekiston aholisining yosh tarkibida mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar 2023 yilda jami aholining 31,8 foizini, mehnatga layoqatli yoshdagilar 56,9 foiz, mehnatga layoqatli yoshdan kattalar 11,3 foizni egallaydi.

O‘zbekistonda demografik jarayonlar rivojlanishining dunyo mamlakatlaridan farqli jihatlari shundan iboratki,  so‘nggi yillarda aholi tug‘ilish darajasining nisbatan ko‘tarilishi kuzatmoqda. Bu aholi takibida yoshlar salmog‘ining ko‘p bo‘lishiga va o‘rtacha o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining oshib borishi aholi tarkibida keksa yoshdagilar ulushining ko‘payishiga asos bo‘ladi. 2013 yilda 65 yosh va undan katta yoshdagilar salmog‘i 4,0 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda kelib 5,9 foizdan iborat bo‘ldi, ya’ni bu ulush oshib bormoqda. Dunyo aholisida mazkur ko‘rsatkich 9 foizdan ziyodni tashkil etadi. Bundan xulosa qilish kerakki respublika aholisining yuqoridan qarishi jadallashmoqda.

Xulosa qilib aytganda O‘zbekistonda demografik vaziyat aholi soni o‘sishining jadallashishi tomon bormoqda. Respublika o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligining oshib borishi natijasida aholining qarishi tezlashmoqda.

Aholi qarishidagi to‘lqinlar Yevropa davlatlaridan boshlanib Markaziy Osiyo davlatlarida, O‘zbekistonda ham sezilarli darajada davom etmoqda. O‘zbekistonda aholi qarishi tug‘ilish darajasining nisbatan ko‘tarilganligi sababli “yuqoridan qarishi” sodir bo‘lmoqda.

Odil MUHAMEDOV,

Samarqand davlat universiteti dotsenti.