Alisher Navoiy – ilm va ma’no ehtiyoji manbai
Hazrat Alisher Navoiy XV asrdan buyon ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’naviy, adabiy-ma’rifiy jihatdan bashariyat, xalq, jamiyat manfaati, taraqqiyoti yo‘lida o‘z hissasini ham bevosita,ham bilvosita qo‘shib kelayotgan shoir, davlat arbobi va insonparvarlik g‘oyalarining yalavbardoridir. Bu ulug‘ siymoni anglash va uning ma’naviy-ma’rifiy g‘oyalarini xalqimiz tafakkurida yuksaltirish bugungi kunda ham millatimizning yuksalishi, barkamollik topishida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi kalitdir. Qolaversa, 2025-yil yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomalarida ta’kidlanganidek, bugungi murakkab zamonda yoshlarimizni turli sinovlarga chidamli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalash, xalqimizni yanada birlashtirish va jipslashtirish eng muhim masala sifatida belgilangan. Albatta, bu o‘rinda insoniyliklik, baynalminallik, rostlik, sharaf va hidoyat yo‘lining namunasi bo‘lgan Alisher Navoiyni anglash aniq va tiniq dasturulamaldir.
Hazrat Navoiy Lison ut-tayr dostonida hikmat va haqiqat mahzanini anglash yo‘lidagi mushohadalarida “Chun xaloyiqdin oni mumtoz etib, Kuntu kanzan sirrig‘a hamroz etib. Boshig‘a qo‘yub hidoyat tojini, Qismati aylab sharaf me’rojini.” – deya, Xalqqa eng namunali, sara, mumtoz yo‘l sifatida “Kuntu kanzan mahfiyan” hadisi iqtibosining ma’nosida pok ko‘ngilda yashiringan asliyat orqali anglab yetiladigan haqiqat xazinasiga kamarbastalikka chorlab, bu hidoyatga boshlovchi yo‘l odamiylik va mavjudotlarning gultoji bo‘lgan Komil Inson yo‘li ekanini ta’kidlaydi.
Alisher Navoiy barcha davrlarda voqe’lik uchun ilm va ma’no manbaining extiyoji bo‘lgan. Uning hayoti, ijodini o‘rganish o‘z davridan boshlangan bo‘lib, ayniqsa uning Samarqanddagi hayoti va ijodi, ularning manbalari Samarqand adabiyotshunoslik, navoiyshunoslik maktabining dolzarb muammolaridan biridir. Asrlar davomida jahon tamaddunining sayqali bo‘lib kelgan ko‘hna Samarqand Ulug‘bek Madrasayi Oliyasi timsoli sifatida ilm-ma’rifat beshigi bo‘lgan. Ikkinchi Renessans maxsuli o‘laroq faoliyat yuritgan madrasalarda uch - arab, fors, turkiy tillarida diniy va dunyoviy bilimlardan ta’lim berilgan. Madrasalar qoshidagi boy kutubxonalar ta’lim jarayonida dasturulamal bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek ta’lim tizimida joriy qilingan islohotlar bu davrga kelib o‘z samarasini bera boshlagan – millatimizning ulug‘ siymosi bo‘lmish Alisher Navoiydek zotlarning kasbi kamol topgan. Chunonchi, ustozimiz akademik Botirxon Valixo‘jaev ta’kidlanganidek Mirzo Ulug‘bek madrasai oliyasining ma’nan davomchisi bo‘lgan Samarqand davlat universitetida ham bugungi kunda o‘n mingdan ortiq qo‘lyozma, toshbosmalarni qamrab olgan kutubxona mavjud bo‘lib, iqtidorli yoshlar izlanishlari, ilmiy-amaliy labaratoriya, fundamental va amaliy tadqiqotlarda o‘z natijasini hamon aks ettirib kelmoqda. Yoshlarda ushbu ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish va tadqiq etishni shakllantirishga qaratilgan adabiyotshunoslik, matnshunoslik va manbashunoslik, sharq tillari yo‘nalishlarida o‘qitilayotgan fanlar bevosita o‘sha davr an’analarini davomi sifatida saqlanib kelinmoqda.
Ta’kidlash lozimki, “Navoiy va Samarqand”, “Navoiy va adabiy izdoshlik” mavzulari ustoz adabiyotshunos akademik Vohid Abdullaev tomonidan tadbig‘ini topgan bo‘lsa, Alisher Navoiyning Samarqanddagi hayoti va madrasayi oliya tarixi bilan bog‘liq qarashlar, chunonchi Alisher Navoiyning ilhom manbayi va ilmiy-adabiy muhit tadbig‘i akademik Botirxon Valixo‘jaev tomonidan tadqiq etildi. Alisher Navoiy hayoti va ijodini tadqiq etishda Samarqanddagi manbalarining ahamiyati 20 va 21 asr navoiyshunos olimlari tomonidan ta’kidlanib kelinmoqda. Bu albatta Samarqand navoiyshunoslik maktabi olimlari Abdurahmon Sa’diy, Vohid Abdullaev, Botirxon Valixo‘jaev va ular yaratgan ilmiy maktab darg‘alarining tadqiqotlarini ommalashtirish, davom ettirish extiyojini taqozo etadi.
Zero, bugungi kunda ham Samarqand davlat universitetida Alisher Navoiy “Xamsa”si va ularning jahondagi nusxalari, nashrlarining amalga oshirilishi yuzasidan tadqiqotlar olib borilib Turkiya, Rossiya, Eron kutubxonalarida saqlanayotgan manbalar o‘rganilib chiqildi. Turkiya poytaxtida Alisher Navoiy haykalining o‘rnatilishi, Eronning Mashhad shahridagi Alisher Navoiy izlarining kutubxona, binoyu obidalarda mo‘tabar qilib saqlangani jahonda shoirning mavqe’ini ma’naviy-ma’rifiy fenomen sifatida gavdalantiradi. Ayniqsa, Rossiyaning Sankt-Peterburg kutubxona va muzey fondlaridagi 1945 yillarda ilk bor o‘tkazilgan Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyining izlarini izlar ekanmiz, ehtirom bilan saqlangan muqaddas qo‘lyozmalarning har bir sahifasi zalvorida ikkinchi jahon urushi, chunonchi Leningrad qamali davrida umumbashariy g‘oyalar, odamiylik timsoli sifatida hazrat Alisher Navoiy qanoat va shijoat siymosi o‘laroq quvvat manbaiga aylanganining guvohi bo‘ldik.
Bugungi kunda Uchinchi Renessans g‘oyasini amalga oshirish yo‘lida boy ma’naviy merosimiz, xususan, mumtoz adabiy obidalarni davr talabiga muvofiq xolis, ob’ektiv o‘rganish hamda yosh avlodga taqdim qilish har qachongidan muhim ahamiyat kasb etadi. Nizomiddin Mir Alisher Navoiy o‘zi ham, amali ham, so‘zi ham zamon va makon tanlamaydigan umuminsoniy g‘oyalarning namunasi o‘laroq bashariyat uchun ilm-ma’rifat kalitidir. Navoiy shunday quyoshki, uning ma’nolar olamini ko‘ngilda jilvalantirib hidoyat chirog‘ini yoqish, shoir so‘zlarini o‘kish va uqish bilim xazinalarini oyna kabi kurrai hofizasida joy olishiga, unga munosib bo‘lishga undovchi oliy maslakdir.
Nazmiya MUXITDINOVA,
Samarqand davlat universiteti professori.

