Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash jamiyat hayotining barcha sohalarida, ayniqsa taʼlim tizimida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Oliy taʼlim muassasalarida shaffoflik, qonuniylik va adolat tamoyillarini taʼminlash davlat organlari bilan yoʻlga qoʻyilgan tizimli hamkorlik orqali samarali amalga oshirilmoqda.

Samarqand viloyati prokuraturasi, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi ilgʻor va samarali tajribalardan biri sifatida alohida eʼtiborga loyiqdir.

Mazkur hamkorlik doirasida universitetda korrupsiyaga qarshi qaratilgan maʼrifiy va profilaktik tadbirlar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda. Samarqand viloyati prokuraturasi xodimlari ishtirokida oʻtkazilayotgan ochiq muloqotlar, davra suhbatlari va maʼruzalarda korrupsiyaning ijtimoiy xavfi, uning salbiy oqibatlari hamda ushbu illat uchun belgilangan javobgarlik choralari keng va tushunarli tarzda yoritib berilmoqda.

Bunday tadbirlar talabalar huquqiy ongini yanada yuksaltirish, taʼlim jarayonida qonuniylikka qatʼiy rioya etish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Samarqand davlat universitetida taʼlim jarayoni, baholash tizimi hamda imtihonlarni oʻtkazishda shaffoflikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu yoʻnalishda prokuratura organlari bilan hamkorlikda profilaktik tahlillar oʻtkazilib, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etishga qaratilgan aniq va amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Ayniqsa, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va masʼuliyatni oshirish borasida olib borilayotgan ishlar ijobiy natijalar bermoqda.

Hamkorlik doirasida amalga oshirilgan muhim tashabbuslardan biri sifatida maktab oʻquvchilari, oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari hamda davlat xizmatchilari uchun moʻljallangan “Halollik va toʻgʻrilik” nomli oʻquv qoʻllanmaning chop etilganini alohida taʼkidlash joiz.

Mazkur qoʻllanmada halollik, insof, adolat va qonuniylik tamoyillarining mazmun-mohiyati sodda va tushunarli tilda yoritilib, korrupsiyaga qarshi kurashda maʼnaviy tarbiyaning oʻrni ochib berilgan. Qoʻllanmaning keng auditoriyaga moʻljallangani uni taʼlim va davlat boshqaruvi tizimida samarali foydalanish imkonini yaratmoqda.

Yoshlar bilan ishlash mazkur hamkorlikning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Universitet talabalari va maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Korrupsiyasiz taʼlim”, “Halollik – muvaffaqiyat garovi” kabi gʻoyalarni targʻib etuvchi maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar va muhokamalar tashkil etilmoqda.

Natijada yoshlar orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllanib, ularning faol fuqarolik pozitsiyasi hamda huquqiy madaniyati mustahkamlanmoqda.

Samarqand viloyati prokuraturasi va Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti oʻrtasidagi hamkorlik taʼlim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashni samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu maʼrifiy tadbirlar, shaffoflikka qaratilgan amaliy chora-tadbirlar hamda “Halollik va toʻgʻrilik” oʻquv qoʻllanmasi orqali jamiyatda halollik, adolat va qonuniylik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori,
Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi.