Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari uchun betakror, muqobili yo‘q Konsepsiyani ilgari surdi

    Mening nazarimda dunyoning birorta mamlakatida davlatni yoshlar oldidagi mas’uliyati, yoshlarni Vatan oldidagi burch va vazifasi bu qadar aniq belgilanmagan.

    O‘zbekiston rahbari yoshlarga oid davlat siyosati deb nomlangan umumiy, manzilsiz qarashlarga butunlay barham berdi. Bugungi konsepsiya o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Bu katta tajriba, kuzatishlar, o‘rganishlar va to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoshlar bilan muloqot zamirida yaratildi.

    E’tibor bilan tahlil qilinganda menda shunday fikr paydo bo‘ldi.

    O‘zbekiston yoshlari bilim olishi, chet tilini o‘rganishi, hunar egallashi, tadbirkorlik yoki fermerlik bilan shug‘ullanishi uchun barcha imkoniyatlar muhayyo qilindi.  

    Qolgani, avvalo, yoshlarimizga va belgilab berilgan vazifalarni ijro etuvchilarga bog‘liq.

    Nimaga yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasi, taqdiri, kelajagi, doimiy ravishda Prezidentimiz e’tibor markazida turadi?

    Prezidentimiz qayerga bormasin, qanday mavzuda majlis o‘tkazmasin baribir yoshlar masalasiga to‘xtaladi. Ularning fikr-mulohazalarini tinglaydi. Qalbini eshitadi. Ko‘nglini so‘raydi. O‘z navbatida har doim yoshlarga intiladi. Yoshlarga o‘zgacha mehr bilan yondashadi.

    Prezidentimiz strategik. Uzoqni ko‘ra oladi. Yoshlarga yaqinlashish, ularni bir maqsad yo‘lida birlashtirish, yoshlarda vatanparvarlik hissini paydo qilish bugun juda-juda kerak.

    O‘zbekistondagi har bir yosh bilishi, anglashi zarur bo‘lgan bir haqiqat bor. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning haqiqati. Millat va mamlakat taqdiri yana 10-20 yildan keyin bugungi yoshlarning qo‘lida bo‘ladi.

    Bugun Prezident yoshlarni himoya qilayotgan bo‘lsa, bu millat keljagining himoyasidir. Bugun Prezident yoshlar tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirishga jon jahdi bilan urinayotgan bo‘lsa, bu ertaga millat intelektini baland bo‘lishiga asosdir.

    Prezident faqat bugun bilan emas, kelajak bilan yashashga undamoqda.

    Bugun yer yuzida tafakkur jangi, urushi yuz bermoqda. Bugun faqat aql g‘alaba qozonadi. Zakovat, bilim ustunlik qiladi.

    Tabiiy boylik yoki geografik joylashuv bilan taraqqiyotga erishaman degan qarashlar allaqachon eskirdi. XX asrda qolib ketdi.

    XXI asr tafakkur va ta’lim, intelekt asriga aylandi. Insoniyat erishgan bilimlarni o‘zida jamlagan mamlakatlar qudrati tobora ortib bormoqda. Ular ohangrabo kabi jahon miqyosidagi iste’dodlarni tortib olishmoqda, to‘plamoqda.

    Prezidentimiz boshlagan islohotlar, ayniqsa, yoshlar misolida butunlay o‘zini oqladi. 10 yil oldin ekilgan nihollar mevasini ko‘rmoqdamiz.

    Bugungi yoshlar bundan 10 yil oldingi yoshlardan butunlay farq qiladi. Yoshlar jamiyatda tezroq o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun intilmoqda, kurashmoqda. Ularda vatanparvarlik hissi baland. O‘tgan davr ichida diplom olishga emas, mutaxassis bo‘lishga, mutaxassis bo‘lganda ham, zamonaviy mutaxassis bo‘lishga intilish ortdi. Yoshlarimiz oliy ta’limni bakalavr bosqichidayoq xorijiy til o‘rganmoqda. Magistraturani xorijda o‘qishga harakat qilmoqda.  Xorijdan kelgan professor-o‘qituvchilar bilan chet tilida bemalol muloqot qilmoqda. Bugungi yoshlar kompьyuter texnologiyalari va internet imkoniyatlaridan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishmoqda.

    Prezidentimiz bundan 10 yil oldin yoshlar ongini o‘zgartirish, ularga erkinlik berish, yoshlarni tafakkur qulligidan qutqarish borasida juda muhim qadamlarni tashlagan edi.

    Bugun tarix qa’riga uloqtirib tashlangan majburiy mehnat, paxta qulligi, bolalar ekspulatasiyasi deymizmi. Bularning bari nafaqat farzandlarimizni oyog‘idagi tushov, balki tafakkuriga solingan kishan edi.

    Ming afsuski, hatto mustaqillik ham bizni bu balolardan qutqaza olmadi. Xalqimiz chorak asr majburiy mehnat bo‘yintirig‘idan xalos bo‘lolmadi. Faqatgina Prezident Shavkat Mirziyoyevning metin siyosiy irodasi millatni asriy azoblardan qutqazdi.

    Ozod tafakkurli yoshlar, tarix uchun qisqa bo‘lgan bir davrda, butun dunyoga Yangi O‘zbekitonni anglatish uchun kurash olib bordi. Bu xalqaro fan olimpiadalari bo‘ladimi, bu shaxmat musobaqalarimi…

    Dunyo o‘zbekni tan olishi uchun, o‘zbekni tasavvur qila olishi uchun Yangi O‘zbekistonni bilishi uchun juda mashaqqatli yo‘lini bosib o‘tdik.

    Prezidentimiz ilgari surgan Konsepsiyasi nima uchun muhim, dolzarb, zarurat ekanligini chuqur anglab yetishimiz kerak.

    Bugun dunyoda ong, tafakkurni egallash uchun bo‘layotgan janglarning asosiy qurbonlar yoshlar yekanligini unutishga haqqimiz yo‘q.

    Men yarim asrdan ko‘proq tarixni tahlil qila oladigan inson sifatida shuni yaxshi bilamanki, biror bir g‘oyani singdirmoqchi bo‘lganlar hech qachon katta yoshlilarni tanlamaydi. Ularning o‘ljasi yoshlar hisoblanadi.

    Yoshlar ongini asrash, yot g‘oyalardan qo‘riqlash bugun har doimgidan ham muhim ahamiyatga ega. Millat hech qachon o‘z qo‘li bilan kalajagini kimlarnidir izmiga tashlab qo‘ymasligi kerak.

    Buning birdan bir yo‘li maktabgacha ta’lim, maktab, texnikum, oliy o‘quv yurti bo‘ladimi, u yerda ishlaydigan professor-o‘qituvchi bolalarimizni vijdonan o‘qitishi kerak. Natija ko‘rsatishi zarur.

    Agar har bir fan o‘qituvchisi o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashganda edi, bugun hayotimiz bundan-da farovon bo‘lardi.

    Prezidentimiz rektorlar, direktorlar, professor-o‘qituvchilar faoliyatiga tanqidiy baho bergani ham bejiz emas. Millat yoshlarini yaxshi o‘qishiga, kasb-hunar egallashiga, sog‘lom bo‘lishiga befarq qaragan har qanday rahbarni xiyonatkor deb atasa to‘g‘ri bo‘ladi. Uning loqaydligi millat kelajagiga qilingan xiyonatdir.

    Prezidentimiz Konsepsiyasida mamlakatimizda har haftaning payshanbe  kuni “Yoshlar kuni” sifatida belgilab qo‘yildi.

    Bu nimani anglatadi? Biz rahbarlarning bosh vazifasi yoshlar bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.

    Prezidentimiz tadbirkor bo‘lishni istovchi yoshlar uchun ham misli ko‘rilmagan imkoniyatlar portfelini taqdim etdi.

    Manba aniq. Ijrochi belgilangan. Mablag‘ ajratilgan. Ortga qaytishga yo‘l yo‘q.

    Yoshlar tadbirkorligiga bugungidek darajada e’tibor qaratilganligni hech qachon ko‘rmaganman. Bu borada ilgari surilgan fikrlar juda muhim va foydalidir.

    Prezidentimiz Garvard, Stenford, London iqtisodiyot maktabi kabi nufuzli oliy oquv yurtlarining ilg‘or tajribalari asosida yoshlarni o‘qitish zarurligini ham alohida ta’kidladi.

    “Yangi avlod tadbirkorlari”, “Kelajak tadbirkori”, “Mening birinchi kasbim” kabi dasturlarni hayotga tatbiq etish zarurligi alohida qayd etildi. Mazkur dasturlarning ijro etish manbalari ham ko‘rsatib o‘tildi.

    “Fikringni ber” inklyuziv oromgohini tashkil qilish, “O‘sish va rivojlanish” startap loyihasini yanada kengaytirish, “Ishla va sayohat qil” dasturlarining doimiy faoliyatiga erishish kerakligi uqtirib o‘tildi.

    Xorijiy til sertifikatini olgan yoshlar soni tobora ortib, sertifikat egalari, o‘z navbatida instruktorlik faoliyatini olib borayotganligi alohida qayd etildi.

    To‘g‘risini tan olish kerak. Bundan 10 yil oldin O‘quv markazi ochish mashaqqat edi. Uning yo‘lida shunchalik ko‘p to‘siq bor ediki, ularni olib tashlashga uncha-muncha odamning kuchi, bardoshi, sabri yetmasdi.

    2016 yilda bunday byurokratik tuzoqlarni olib tashlanishi natijasida mamlakatimizning eng chekka qishloqlarida ham zamonaviy O‘quv markazlari paydo bo‘ldi. Bu O‘quv markazlari davlat ta’lim dargohlari bilan sog‘lom raqobatga kirisha oladigan darajaga yetdi.

    Bugun mamlakatimizda xususiy o‘quv markazlari soni 3 karraga ortib, 38 mingtaga yetibdi. Bu aslida ma’rifat tarqatish yo‘lida yurtdoshlarimiz ko‘rsatgan jonbozlikdir. Bugun mazkur yo‘nalishdagi yosh tadbirkorlar O‘quv markazlari uyushmasini tashkil qilish tashabbusini ilgari surmoqda. Prezidentimiz buni qo‘llab-quvvatlash kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

    Bugun dunyo aholisining 10 foizidan ortig‘i volontyorlik bilan shug‘ullanmoqda. Hayotimizni volontyorlik faoliyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. O‘tgan davr ichida mamlakatimizda volontyorlik faoliyatining huquqiy asoslari yaratildi. Volontyorlar maktabi, oliy o‘quv yurtlarida markazlarning tashkil qilinganligi hisobidan volontyorlik bilan shug‘ullanadigan yoshlarimizning soni besh karraga ko‘paydi. Buning natijasida yoshlarimiz dunyo volontyorlik institutlari bilan aloqa o‘rnatish, tajriba almashish borasida ham muhim qadamlarni tashladi.

    Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasini tashkil qilish vazifasi yuklatildi. Uni mablag‘ bilan taminlash myexanizimlari ko‘rsatib o‘tildi.

    Bugun yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Kitobsiz na bilim, na tafakkur, na intelektni oshirib bo‘lmaydi. Internet asrida yoshlarni kitobga qaytarish qiyin bo‘lishi muqarrar edi. Lekin shunga qaramasdan boshlangan harakatlar o‘z samarasini berdi.

    Bugun kitob o‘qiyotgan yoshlarimiz safi tobora ortib borayotganligi quvonarlidir. Bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg‘armasining tuzilganligi ma’naviy hayotimizdagi juda muhim voqealardan biri hisoblanadi.

    Yangi o‘quv yiligacha 100 asardan iborat kitoblar to‘plami tayyorlanib, maktab va texnikumlarga yetkazib berilishi ryejalashtirilmoqda.

    Bundan keyin maktablardagi eng faol kitobxon o‘quvchilarga 10 million so‘mdan mukofot berilishi belgilandi. Shuningdek, kitob savdosi borasida ham yaxshi xushxabarlar aytildi.

    Prezidentimiz Konsepsiyasining har bir bandini chuqur qoniqish bilan tingladim. Mazkur Konsepsiyani bilgan, uni o‘z hayotiga tatbiq eta olgan yoshlar ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi. Ularga havasim keldi. Endigi gap yoshlarimizning o‘zida qolganday.

    Ota-ona mas’uliyatini ham oshirish kerak deb o‘ylayman. Ular farzandlariga to‘g‘ri tarbiya berishi, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun intilishi juda ham zarur.

    Prezidentimiz yoshlar kelejagini mana shu Konsepsiya bilan belgilab berdi.

    Men ishonaman, o‘zligini anglagan avlod uchun bu Konsepsiya hayot-momot masalasidir. 

 

Rustam XOLMURODOV,

Samarqand davlat universiteti rektori,

O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,

Oliy Majlis Senati a’zosi.