Iqtidorli talabalar taqdirlandi…
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov iqtidorli talabalar bilan uchrashdi.
2025-o‘quv yilida Prezident hamda davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar, turli respublika va xalqaro tanlovlar g‘oliblari esdalik sovg‘alar va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
- Talabalarning muakkamal o‘qishi, ilmiy izlanishlar olib borishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, - deydi SamDU rektori Rustam Xolmurodov. - Sizlar universitetimizning yetakchi talabalarisiz. Bugungi natijalaringiz sizlar uchun boshlanishi bo‘lsin. Hamma sizga havas bilan qarasin. O‘z ustingizda yana-da ko‘proq ishlashingiz zarur. Xorijiy tillarni mukammal o‘rganish va xalqaro maydonda faol bo‘lishingiz kerak. Shuni unutmang, zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan qurollangan yoshlar mamlakat taraqqiyotining asosiy tayanchi. Sizlarga ulkan omad va zafarlar tilayman.
Shahboz Bo‘ronov, SamDU yuridik fakulteti 4-bosqich talabasi:
- 2024-yilda Alisher Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldim. Bu yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdim. 30 dan ortiq maqolam xalqaro jurnal va konferensiya to‘plamlarida e’lon qilindi. “Yil talabasi – 2025” tanlovi g‘olibiman. Stipendiant bo‘lish men uchun katta sharaf va mas’uliyatdir. Ilmiy rahbarim SamDU yuridik fakulteti dekani Rahmatillo Mirzaevdan minnatdorman. O‘qishimni magistratura va doktorantura bosqichida davom ettirish niyatidaman. Biz, yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevga rahmat aytaman.
Marjona Tursunmurodova, SamDU tarix fakulteti talabasi:
- Zahiriddin Muhammad Bobur nomli davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdim. “Ma’rifat maydoni – 2024”, “Kitob - mening do‘stim” respublika ko‘rik-tanlovlari ishtirokchisiman. “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi g‘olibiman. 10 dan ortiq maqolam xalqaro jurnallarda nashr etilgan. Ilmiy rahbarim - SamDU Jahon tarixi kafedrasi dotsenti Sirojiddin O‘sarov. O‘qishimiz uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Undan samarali foydalanish har kimning o‘ziga bog‘liq. Talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun rektor Rustam Xolmurodovdan minnatdorman.
Tadbir davomida Prezident hamda davlat stipendiyalarining yangilangan nizomi, ularning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.



















Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.

