Hotam  Umurov 1942-yil 10-yanvarda Jizzax viloyatining Jizzax tumanida tug‘ildi. Bolalik chog‘laridanoq o‘zbek adabiyotining yirik vakillari – Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Sarvar Azimov, Orif Ikromovlar yetishib chiqqan muhitda tarbiyalangan bo‘lg‘usi olim 1959 yilda SamDUning filologiya fakultetiga o‘qishga kiradi hamda uni 1964 yilda  tugatadi.

    Hotam  Umurov 1971-yilda  «Adabiy tanqidda mahorat masalalari» mavzuida nomzodlik, 1984-yilda «Psixologizm muammosi va o‘zbek romani» mavzuida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. 1986-yilda professorlik unvoniga erishdi. 1993-1998-yillarda Samarqand davlat universiteti Hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti kafedrasining professori, 1999-yildan 2014-yilgacha kafedra mudiri vazifalarida faoliyat ko‘rsatdi.

    Olim tomonidan e’lon qilingan uch yuzga yaqin ilmiy ishlarda adabiyot nazariyasi va adabiy tanqidchiligimizning dolzarb masalalari tadqiq etilgan. Allomaning qalamiga mansub «Qadrdon shoir siymosini yaratish yo‘lida», «Adabiy tanqid nazariyasi», «Abdulla Qodiriy ijodi va «O‘tgan kunlar» poetikasi», «Uyg‘oq daryolar», «Badiiy ijod asoslari», «Adabiyot nazariyasi», «Vaqt» she’rining poetikasi», «She’riyat malikasi bilan g‘oyibona suhbatlar», «Sirlar uchini so‘z ochar», «O‘zbek romanchiligida psixologizm», «Badiiy psixologizm va hozirgi o‘zbek romanchiligi», «Qahramonning ma’naviy olami va epiklik» , «Saylanma», «Ilmiy tadqiqot asoslari»  singari ilmiy qiymati yuksak bo‘lgan ko‘plab asarlar  adabiyot nazariyasi va adabiy tanqidchilik faniga qo‘shilgan ulkan hissadir. Olim 15 dan ortiq fan nomzodi, 3 nafar fan doktorlarini tarbiyalab yetishtirgan edi. 

    Benazir inson va olim, munaqqid, ijodkor, professor Hotam Umurovning porloq xotirasi uni tanigan va bilganlar va shogirdlari xotirasida hamisha saqlanadi.

    Samarqand davlat universiteti jamoasi.