Samarqand davlat universiteti rektori,

        O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi,

        Oliy Majlis Senati a’zosi

        Rustam Xolmurodovning

        xalqimizga, talabalarga,

        professor-o‘qituvchilar,

        ziyolilar, oliy o‘quv yurtlari

        mutasaddilari, ota-onalar va

        nuroniylarga

 

MUROJAATNOMASI

 

        Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotidan kelib chiqib murojaat qilmoqchiman.

Aziz talabalar!

    Prezidentimiz uchrashuv davomida juda katta imkoniyatlar portfyelini sizga taqdim etdi. Har bir yosh u talaba bo‘ladimi, hunarmand bo‘ladimi, ishchi-xizmatchi bo‘ladimi, tadbirkor yoki fermermi, Prezidentimiz ilgari surgan imtiyoz va qulayliklardan unumli foydalanishi kerak. 

    Prezidentimizning uchrashuvdagi nutqini chuqur o‘rganishingiz, tahlil qilishingiz, har biringiz o‘z hayotingizga tatbiq qilishingiz kerak.

Hurmatli, professor-o‘qituvchilar,

ziyolilar, oliy o‘quv yurtlari

mutasaddilari!

    Har bir talaba yoshga o‘z farzandingiz qatorida qarashingiz, mehr ko‘rsatishingiz, hayotda o‘z o‘rnini topishiga, ko‘maklashishingiz zarur.

    Prezident uchrashuvda bildirgan fikrlarni yoshlarimiz ongiga singdirishda vijdonan jonbozlik ko‘rsatishingiz kerak.

    Bu, eng avvalo, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratishdan boshlanadi. Bilim berishda halollik va adolat tamoyillariga amal qilishingiz zarur. Bu borada zamonaviy texnologiyalar va internet imkoniyatidan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanish muhim.

    Jadid bobolarimiz o‘z hisobidan maktablar ochishgan. Bosmaxonalar barpo etishgan. Kitob, jurnal, gazetalar chop qilishgan.

    Biz hech bo‘lmaganda, bolalarimizni yaxshi o‘qitib, natijalar ko‘rsatishimiz zarur.

Qadrli ota-onalar!

    Prezident sizning bolalaringiz uchun shunchalik jon kuydirayotgan bir paytda Siz va bizning loqayd bo‘lishga haqqimiz yo‘q. Bolalarimizni yaxshi o‘qishi, hunar o‘rganishi, tadbirkorlik qilishi uchun Siz ham o‘z hissangizni qo‘shing.

    Maktab, texnikum yoki oliy o‘quv yurti bo‘ladimi, bolalaringizning o‘qishini nazorat qiling. Ularni darsdan tashqari vaqtlarda nimalar bilan bandligiga qiziqing.

    O‘qituvchi va tarbiyachilar bilan yaqin aloqa o‘rnating. Farzandingizda kechayotgan har qanday psixologik o‘zgarishlarga befarq bo‘lmang. Prezident yaratib bergan sharoitlardan bolangiz to‘g‘ri foydalana olsa, ertaga nafaqat o‘zini, balki butun oilaning taqdirini o‘zgartirib yuboradi.

    Ota-ona va ta’lim dargohi tushunchasidan, eng avvalo, Siz manfaatdor ekanligingizni unutmang!

Muhtaram nuroniylar!

    Siz hayotda to‘plagan katta tajriba – ko‘rgan-kechirganlaringiz haqida yoshlarimizga hikoya qilib berishingiz juda muhim. Ularning kelajakda vatanparvar, millatparvar bo‘lib ulg‘ayishida mas’ul ekanligingizni alohida ta’kidlashni istayman.

    Yoshlar ongini turli balo-ofatlardan himoya qilishga, ota-ona- ta’lim muassasasi-mahalla konsyepsiyasiga amal qilishda sizning yordamingizga tayanamiz.

    Prezidentimiz uchrashuvda bildirgan fikr-mulohazalarini ota-onalarga ham yetkazish va targ‘ib qilish uchun mas’ulsiz.