Bugungi kunda ekologik muammolarni hal qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va aholida ekologik madaniyatni shakllantirish global masalaga aylanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ham ushbu jarayonlarda faol ishtirok etib, nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham ekologik siyosatning muhim tashabbuskorlaridan biri sifatida tan olinmoqda.

    Shu jihatdan, 2025-yil 20-sentyabr kuni Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazida “Pedagog kadrlarning innovatsion-ekologik kompetentligini takomillashtirishga oid davlat siyosati” mavzusida seminar-trening o‘tkazilgani katta ahamiyat kasb etdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi oliy ta’lim tizimi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tadqiqotchisi, biologiya fanlari nomzodi, dotsent Zebiniso Rahmanova “Biologiya” yo‘nalishi tinglovchilari bilan o‘z tajriba va ilmiy qarashlarini o‘rtoqlashdi.

    Seminarda mamlakatimizda olib borilayotgan ekologik siyosat, jumladan, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, YuNESKO va YuNEP kabi nufuzli tashkilotlarning hujjatlari hamda “Inson va biosfera”, “Yevropa ekologik ta’limi”, “Ekologik madaniyat”, “Jahon madaniyati” kabi loyihalar tahlil qilindi. Ushbu tashabbuslar insoniyat taraqqiyoti va kelajak avlod farovonligi uchun ekologik ong va madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan.

    So‘nggi yillarda O‘zbekistonning ekologik diplomatiya sohasidagi tashabbuslari ham yuqori baholanmoqda. Jumladan, so‘nggi 7 yil ichida mamlakatimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 12 ta rezolyutsiya qabul qilindi. Ularning aksariyati Markaziy Osiyo mintaqasidagi ekologik muammolarni hal qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va Orolbo‘yi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan. Bu esa O‘zbekistonning xalqaro maydonda ekologik masalalarga jiddiy e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi.

    Shuningdek, tadbir davomida Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “Yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi”dagi ustuvor vazifalar ham muhokama qilindi. Unda:

    Mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish va ekologik jihatdan qulay hamda farovon yashash muhitini shakllantirish;

    Aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoitlar yaratish;

    Tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash;

    O‘simlik va hayvonot dunyosini asrash, ko‘paytirish va keyingi avlodga yetkazish hamda biologik xilma-xillikni saqlash masalalari alohida belgilab berilgan.

    Pedagog kadrlarning ushbu siyosatni amalga oshirishdagi o‘rni beqiyosdir. Chunki ular yosh avlod ongiga ekologik tarbiya, tabiatga mas’uliyatli munosabat, yashil hayot tarzi va barqaror rivojlanish g‘oyalarini singdiruvchi asosiy yetakchilardir. Innovatsion yondashuvlar asosida ekologik kompetentlikni shakllantirish nafaqat ta’lim sifatini oshiradi, balki jamiyatning ekologik barqaror rivojlanishiga ham xizmat qiladi.

    Seminar-trening pedagog kadrlarning ekologik bilimlarini kengaytirish, ularning kasbiy kompetentligini oshirish va zamonaviy ekologik siyosatning ustuvor yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbekistonning milliy va xalqaro tashabbuslari, davlat dasturlaridagi ustuvor yo‘nalishlarning ta’lim tizimi orqali amalga oshirilayotgani ekologik siyosatning samaradorligini yuqoriroq pog‘onaga ko‘taradi.

    Demak, pedagog kadrlarning innovatsion-ekologik kompetentligini rivojlantirish mamlakatimizning kelajakdagi ekologik xavfsizligi va barqaror taraqqiyotining kafolatidir.