Samarqand davlat universitetining majlislar zalida Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevning madaniyat va san’at namoyandalari, sohaga tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlari hamda faollar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.

    Uchrashuvda mamlakatimiz rahbarining adabiyot, madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan o‘tkazgan muloqoti ma’naviy hayotimizdagi muhim voqea va katta yangilik sifatida baholanayotgani ta’kidlandi.

    — Samarqandda azal-azaldan madaniyat, san’at va ijod rivoj topgan. Turli hududlarda yashovchi insonlar hamisha bu shaharga intilgan, — dedi viloyat hokimi. — Bugun viloyatimizdagi adabiyot, madaniyat va san’at vakillari xalqaro tanlovlarda yuqori natijalarga erishib, nufuzli anjumanlarda munosib ishtirok etib kelmoqda. Biroq bu darajani yanada yuksaltirish, soha faoliyati sifatini oshirish hamda qo‘shni viloyatlar aholisining ham teatrlarimiz va ijod maskanlarimizga qiziqishini kuchaytirishimiz lozim.

    Uchrashuv davomida soha vakillari o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi. Jumladan, O‘zbekiston xalq artisti Mardon Mavlonov, Pastdarg‘om tumanidagi 32-bolalar musiqa va san’at maktabi huzuridagi “Pastdarg‘om g‘unchalari” badiiy jamoasi hamda tuman madaniyat bo‘limiga qarashli “Darg‘om taronasi” maqomchilar ansambli rahbari Uyg‘un Bo‘tayev va boshqalar sohadagi mavjud dolzarb masalalar, ijod ahlini o‘ylantirayotgan muammolar va ularning taklif-istaklari haqida fikr yuritishdi.