TAYLOQ TUMANI HOKIMI SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETI TALABALARI BILAN UCHRASHDI
Tayloq tumani hokimi Behzod Rahmatullayev Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurib, talabalar bilan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yoshlarning o‘rni” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda universitet rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov ham ishtirok etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda malakali yosh mutaxassislarga turli sohalarda ehtiyoj yuqori ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti yoshlarning bilim saviyasi, intellektual salohiyati va tashabbuskorligiga bevosita bog‘liq ekani qayd etildi.
Rahbarlar yoshlarning jamiyat oldidagi mas’uliyati, burch va vazifalari, vatanparvarlik, fidoyilik hamda faol fuqarolik pozisiyasining ahamiyati haqida atroflicha fikr bildirdilar. Uchrashuv samimiy va erkin muloqot ruhida o‘tdi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ularga batafsil va asosli javoblar oldilar.
Mazkur uchrashuv yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning fikr va tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda talaba-yoshlar bilan ochiq muloqotni mustahkamlashga xizmat qildi.

