Samarqand davlat universitetida “100 yillik vasiyat: Samarqand Turkologiya Qurultoyi” xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli tadbirda bir qator turkiy davlatlarning taniqli mutaxassislari, olimlar, tadqiqotchilar va amaliyotchilar ishtirok etdi.

    Qurultoyni Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktori, professor Jo‘liboy Eltazarov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

    Tadbir avvalida O‘zbekiston va Turkiya respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

    Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning qurultoy ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini universitetning o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Ahmadjon Soliyev o‘qib eshittirdi.

    Tabrikda, jumladan, shunday deyiladi:

    “Ushbu qurultoyimiz Boku Turkologiya Qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan bo‘lib, turkiy olamning ilmiy va madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega voqeadir. Ma’lumki, 1926-yilda Boku shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi Turkologiya Qurultoyi turkiy xalqlarning ilmiy birlashuvida tarixiy burilish yasagan edi.

    Turkiy dunyo yozuvini isloh qilish, ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan tarixni yaqinlashtirish, umumiy turkiy tarixiy va madaniy merosni asrab-avaylash, turkiy xalqlar o‘rtasida hamkorlik, do‘stlik va birodarlikni yanada rivojlantirish haqidagi g‘oyalarning bugungi kunda Turkiy Davlatlar Tashkiloti doirasida ta’lim, madaniyat, ilm-fan, yoshlar siyosati va boshqa ko‘plab sohalarda institutsional hamkorlikka aylanib borayotgani tahsinga sazovordir.

    Ikkinchi Turkologiya Qurultoyini 1928-yilda O‘zbekistonning o‘sha davrdagi poytaxti Samarqand shahrida o‘tkazish haqida qaror qabul qilingan edi. Ammo diqqatga sazovor jihati shundaki, Boku Qurultoyidan roppa-rosa 100 yil o‘tib, Samarqand — turkiy dunyoning qadimiy ilm-fan beshiklaridan biri va universitetimiz navbatdagi Turkologiya Qurultoyiga mezbonlik qilmoqda.

    Turkologiya — bu nafaqat til va adabiyot, balki turkiy xalqlarning umumiy o‘tmishi, madaniy merosi, ma’naviy yaqinligi va kelajakdagi hamkorligining ilmiy asosidir. Ushbu qurultoyning ‘100 yillik vasiyat’ deb nomlanishi ham bejiz emas. Bu buyuk ajdodlarimizning bizga qoldirgan ilmiy va ma’naviy merosiga sadoqat, shuningdek, uni kelajak avlodlarga yetkazish mas’uliyatining ramzidir.”

    Shundan so‘ng Turkiya Respublikasi Prezidenti Madaniyat va san’at siyosati kengashi a’zosi, taniqli ud ustasi va musiqashunos professor Gulchin Yahya Kachar turklarning qadimiy milliy Usmonli saroy musiqalaridan nodir namunalarni ijro etdi.

    Anjumanda Turkiya Turk tili uyushmasi rahbari professor Osman Mert, Turkiya Respublikasi Prezidenti Madaniyat va san’at siyosati kengashi a’zosi professor Iskandar Pala, Turkiyaning Yunus Emra instituti direktori professor Abdurahmon Aliy, Otaturk madaniyat, til va tarix oliy uyushmasi rahbari professor Derya Ors hamda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov ma’ruza qildilar.

    Qurultoy qiziqarli ma’ruzalar va qizg‘in bahs-munozaralar bilan davom etdi.

    Tadbir yakunida tomonlar bir-birlariga esdalik sovg‘alarini topshirdilar.