Samarqand davlat universitetining Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati institutida tojik filologiyasi va xorijiy sharq tillari kafedrasi professori, filologiya fanlari doktori Sadri Sa’diyevning 90 yoshga to‘lishi munosabati bilan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
    Marosimni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov tabrik so‘zi bilan ochdi.
    Tadbirda Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati instituti direktori Jo‘liboy Eltazarov, Tojikiston Fanlar akademiyasi prezidenti o‘rinbosari Muhammaddovud Salomiyon, Xo‘jand davlat universiteti professori Nurali Nurov, Tojikiston milliy universiteti professori, akademik Abdujabbor Rahmonzoda, Rudakiy adabiy fondi raisi, professor Abdunabi Sattorzoda, Tojikiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti ilmiy kotibi R. Ahmadzoda hamda boshqalar so‘zga chiqib, taniqli olim Sadri Sa’diyevning hayot yo‘li, ilmiy va pedagogik faoliyati, ilm-fan taraqqiyoti hamda malakali kadrlar tayyorlashdagi xizmatlari haqida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
    Tadbir so‘ngida taniqli ustoz muborak yoshi bilan samimiy qutlanib, unga esdalik sovg‘alari topshirildi.