Bu dunyo bir mehmonxona

XIX asrning ikkinchi yarmida Turkistonga o‘sha davrning yirik geopolitik kuchlari – Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyalarining manfaatlari to‘qnash kelgan va mintaqaga har ikki tarafning ayg‘oqchilari turli yo‘llar bilan kirib kelishga va o‘lkaning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotiga doir ma’lumotlarni to‘plashga intilgani ma’lum. Zamonaning zayli bilan bu vazifani asosan mintaqaning tili va madaniyati bo‘yicha mutaxassis-tadqiqotchilari bajarishgan. Ular sayyoh, tijoratchi, darvesh, qalandar qiyofasida Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonligi hududlariga kirib kelishgan va faoliyat olib borgan. Bu sayohatchilarning barchasi bundan atigi to‘rt asr ilgari dunyo poytaxti maqomigacha ko‘tarila olgan, o‘z bag‘rida  Ikkinchi Turk-islom Uyg‘onish davrini parvarishlagan, dunyoga ilmu irfon, ma’naviyat va ma’rifat tarqatgan Samarqand shahriga, albatta, to‘xtab o‘tganlar, chunki qaysi qiyofada bu yurtga kelgan bo‘lmasin, buyuk Amir Temurning boshkentini ko‘rish, uning shavkatli va istihkomli tarixidan bugungi kunga nelar qolganligini tasbit etish maroqi har bir istihboratchi, sharqshunos, turkolog, islomshunos mutaxassisning diqqat markazida turgan.  Ana shunday mutaxassislardan biri vengriyalik sharqshunos-turkolog olim Herman Vamberi (Vambery, Frederik Hermann) bo‘lib, uning Turkistonga sayohatining kundaliklari va boshqa ilmiy asarlari o‘z davrida Yevropa jamoatchiligi o‘rtasida, qit’aning sharqshunoslik va turkologiya fanida shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Yevropa sharqshunosligi va turkologiyasida hali-hanuz mashhur bo‘lgan bu asarda ona-shahrimiz Samarqand haqida alohida mehr bilan yozilgan va uni o‘qir ekansiz, bundan 160 yil oldingi shahar va unda yashagan insonlar qiyofasi ko‘z oldingizda jonlanadi.

Samarqand haqidagi kuzatishlar Herman Vamberi “Xotiralari”ning o‘ninchi bobida bayon qilingan. Buxorodan qo‘qon aravada yo‘lga chiqqan va to‘rt-besh kun bu o‘ta noqulay transport vositasida yurish azoblarini chekkan darveshning Samarqandga yaqinlashganida qanday hayajonga tushganini tasavvur qilsa bo‘ladi. Shu o‘rinda Hermanning e’tiboridan Samarqandga oid eng kichik detal ham chetda qolmaganini alohida aytib o‘tish kerak.

Sayyoh o‘sha paytdagi “aholisining uchdan ikki qismi o‘zbeklardan va uchdan biri tojiklardan iborat” deb ta’riflagan 25-30 ming kishilik nufusga ega bo‘lgan shaharga hozirgi Samarqand – Toshkent yo‘li o‘tgan Zarafshon ko‘prigi tarafidan kirib kelgan ko‘rinadi. Shundan bo‘lsa kerak, uning e’tiborini ilk tortgan - Cho‘pon ota qirlaridir. U Cho‘pon otaning musulmon mualliflar tomonidan Makkatullo yaqinlaridagi Shubatana tog‘iga o‘xshatilganini eslaydi va uning tepaliklaridan biriga tirmashib chiqqach, Amir Temurning bir vaqtlardagi shukuhli poytaxtiga shu tepalikdan nazar tashlaydi:

“Bu tepadan go‘zal sahro ichidan joy olgan Amir Temurning poytaxti Samarqandni ko‘rdim. Tong quyoshi shafaqlari ostidagi shaharning moviy qubbalarini, rang-rang minoralarining jonli manzarasi, ayniqsa, Temurning maqbarasining o‘ziga xos uyg‘unligi va  go‘zalligi, e’tirof etishim kerakki, ko‘zlarimga juda yoqimli ko‘rindi”.

Yaqinlashib kelar ekan sayyohning e’tiborini Samarqandning o‘sha vaqtlarda mavjud bo‘lgan shahar mudofaa devorlari tortadi. Bu devorlarning eski va yangi devor deb ikkiga ajratadi hamda eskisining juda xarob ekanligi, yangisining ham 19-asr harbiy qurollari qarshisida ojiz ahvolda qoladigan holatda ekanligi ham diqqatidan qochmaydi. Afsuski, shahar devorlari Vamberi tasvirlayotgan davrdan atigi 7 yil keyin, 1868 yil, 2 may kuni o‘lkaning yangi istilochilari  Chor Rossiyasi  qo‘shinlarining hujumiga dosh berolmaydi, shahar bir kunlik janglardan keyin taslim bo‘ladi...

 Bir vaqtlar, o‘zidan qariyb  456 yil ilgari bu yerlarga, Amir Temur saroyiga sayohat qilgan Kastiliya qiroli elchisi Klavixo tasvirlagan shahar devori shu eski devor bo‘lsa kerak, degan xulosaga boradi. Shuningdek, muallif shahar qal’asining ichida “Ichki qal’a” mavjud edi, deb ko‘rsatadi va bunda u Amir Temurning mashhur Ko‘ksaroyini nazarda tutayotgan edi, bir necha kundan keyin bu yerda uni Amir Muzaffarxon qabul qiladi va u o‘shanda bu qal’ani ziyorat qilishga ham musharraf bo‘ladi.

Sayyoh darvishning e’tiborini bu shaharda mavjud maktab, madrasa, ziyoratgohlar tortadi. U hojilar uchun maxsus karvonsaroyda atigi bir kun turib, ertasi kun Amir Temur maqbarasi yonidagi mahallaga, bir uyga joylashadi. “Devonaning ishini Xudo to‘g‘rilaydi”, deganlaridek, u ko‘chib o‘tgan uyning egasi Amir qo‘shinining zobiti hamda amirning Samarqanddagi saroyining qo‘riqchisi edi.

“Hoji sifatida sayohat qilayotganim tufayli ilk borib ko‘rishim kerak bo‘lgan joylar maqbaralar va ziyoratgohlar bo‘lishi lozimligini  bilar edim. Ammo bu tarixiy jihatdan qimmatli bo‘lgan inshoot va asarlarning har birining o‘zining diniy hikoyasi bor edi hamda aholi  uchun muqaddas edi. Shu sababli ularning birini boshqasidan afzal ko‘rishda  bir  muammo yo‘q edi, bu joylarni  emin-erkin ziyorat qilib, kerakli ma’lumotlarni qo‘lga kiritar hamda ajoyib-g‘aroyib hikoyalar tinglab, zavqlanar edim”.

“Xotiralar”dan joy olgan bu qaydlar o‘sha paytdagi Turkiston jamiyatining ahvolini juda yaxshi ifodalaydi: madrasalarda ilm oz, hamma yerda bid’at, johillik, to‘qib-bichilgan afsonaviy hikoyalar bilan ovunuvchi xalq. Bir yevropalikning ko‘zida rus istilosi arafasidagi ahvolimiz ana shunday edi.

Vamberining  Samarqand xotiralarida Amir Temur va uning davridan qolgan obidalar haqidagi qismlar alohida o‘rin tutadi. Sayyoh shahar aholisining Amir Temur haqida so‘zlar ekan, “uning O‘trordagi o‘limi haqidagi xabar yangi kelgandagi kabi” gapirishiga e’tibor qaratadi, buyuk jahongirning o‘limidan keyin o‘sha yili (1861) 456 yil o‘tganiga qaramay, uning avlodlari hali ham unga katta hurmat bilan qarashini eslatib o‘tadi.

Ma’lumki,  Vamberi Rashid afandi nomi bilan Usmonli saltanatining vatandoshi sifatida Turkiston tuproqlariga qadam bosgan edi, Usmonli sultoni o‘sha davrda butun dunyo musulmonlarining xalifasi unvonini tashigani uchun Rashid afandiga, u darvish bo‘lishiga qaramay, tegishli hurmat-izzat ko‘rsatishgan. Vamberi Amir Temur sag‘anasini ziyorat qilayotganida, bu maqom uncha ish bermaganini, mahalliy aholi bu Usmonli vatandoshini uning Temurdan jangda yengilgan podshohi – Yildirim Boyazid mag‘lubiyati haqida hazil-kinoya aralash so‘roqqa tutishganini, bu muzaffar podshohning mozori boshida qanday tuyg‘ularni his qilayotganini so‘rashganini yozadi. Ammo Vamberi maqbaraning qo‘riqchisi uni bir kun oqshomgacha ushlab turib, ziyoratchilar oqimi tugagach, binoning pastki qavatidagi haqiqiy xilxonaga olib tushganini va bu uning uchun misli ko‘rilmagan g‘urur bag‘ishlaganini ham yozadiki, oddiy odamlarning hazil-huzulidan tashqari unga bir hoji va Usmonli davlatining vatandoshi sifatida ko‘rsatilgan hurmat va e’tibor aslo kam bo‘lmaganini ko‘rsatadi.

Vamberining Temurga bo‘lgan munosabati uning avlodlarinikidan qolishmaydigan bir hurmat yo‘g‘rilganidan, sayyoh Amir Temurning maqbarasini, Sohibqironning bu yerga madfun pir-ustozlari, o‘g‘illari, nabiralari haqida batafsil ma’lumot beradi,   bu makondagi osori atiqalarni batafsil tasvirlaydi. Darvoqe, Bursadan Sulton Boyazidning xazinasidan olib keltirilgan Usmon Qur’onini va  maqbaraga kiraverishdagi ohanin darvozani eng so‘nggi bor ko‘rgan yevropalik ham Vamberi bo‘lib chiqadi. 1868 yilda, shahar hali olinar-olinmas bu yerga V.Radlov hamda boshqa turkolog va sharqshunoslar yetib kelgan va ularning tavsiyasiga ko‘ra shaharda ko‘zga ilinadigan tarixiy eksponatlar, jumladan yuqoridagi ikki  asar ham Sankt-Peterburg muzeylariga olib ketilgan.

Vamberi shaharga qadam bosgan yillari Amir Temurning Ko‘ksaroyi  hali bor edi va u Buxoro amirining qarorgohi hisoblanardi. Bir vaqtlar shu yerdan turib Amir Temur dunyoning teng yarmini boshqarganiga urg‘u berib o‘zining so‘zli tasvirini boshlagan sayyoh, bu yerda “Tolori Temur” deb atalgan Sohibqironning keng va uzun qabulxonasida bir zamonlar unga tobe o‘lkalarning amirlari qator tizilib, hukmdorga o‘z ehtiromlarini qo‘l qovushtirib izhor qilganini o‘quvchining ko‘z o‘ngiga keltiradi. Bu yerda venger sayyohi mashhur “Ko‘ktosh”ni ko‘rganini va bu tosh jahongir taxtining yonboshida saqlanishini va bu tosh ham Sohibqiron bo‘ysundirgan mulklarning amirlari yukunadigan joy bo‘lgani haqidagi rivoyatlarni keltiradi.

Amir Temurdan keyin bu yurtda o‘tgan podshohlarning bu toshni ziyorat qilganini aytib o‘tadi. Sayyoh tashrif buyurgan paytda toshning yonboshidagi devorga  Usmonli xalifalari  Sulton Mahmudxon va Sulton Majidxonlarning  Buxoro amiriga “amir-al moʻminin” unvoni berilgani haqidagi va juma namozida nomiga xutba o‘qilishi huquqini berilishi xususidagi ikki farmonlari osib qo‘yilganini ko‘rgan. Bu esa o‘sha davrda Usmonli davlati bilan Buxoro amirligi orasida siyosiy-ijtimoiy aloqalarning izchil davom etganini ko‘rsatadi.

Vamberi Amir Temurning masjidi, uning shahar tashqarisidagi yozlik saroyi haqida ma’lumot beradi, u masjid deganda xalq orasida hozirgacha Bibixonim masjidi deb yuritiladigan Masjidi Jome’ni nazarda tutgan, shekilli. Yozlik saroy shaharning janubi-g‘arbida joylashgan deb va uning sirli zinalardan keyin bir tor dahliz orqali  Shohi Zinda maqbarasiga boriladi, deb ko‘rsatganiga qaraganda, bu o‘rinda bu bilimdon sayyohning o‘z xotiralarini bayon qilishda haqiqatan ham chalkashlikka yo‘l qo‘yganini ko‘ramiz.

Shohi Zinda ansambli bir yarim ming yil davomida mavjud va bu yerda  Qoraxoniy sulolasi davridan e’tiboran maqbaralar qurila boshlangan, shu jumladan, Sohibqironning opa-singillari va xotinlari qabri ustiga buyuk amir tarafidan qurilgan maqbaralar ham bor. Buni  Vamberining bilmasligi mumkin emas edi va bu xotiralarini qog‘ozga tushirishdagi chalkashlik sabab shu shaklda yozib ketilgani bilan izohlanishi mumkin, xolos. Vamberi sayohat davomida o‘z kuzatishlarini venger tilida, arab alfavitida yozib borganini va bu yozuvlarini ingliz elchixonasi doktori bergan zahar (bu zahar sayyoh fosh bo‘lib, tang ahvolda qolganida o‘limni tezlashtirish va osonlashtirish uchun berilgan edi) singari sir tutganini xotiralarida bir necha yerda eslatib o‘tadi). Bu chalkashlikka Qusam ibn Abbos maqbarasi ichida saqlanayotgan, mahalliylar tomonidan Amir Temurniki deb hisoblanadigan uch bayroq, qilich va zirhu qalqon ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Vamberi bu ma’lumotning haqiqiyligiga shubha bilan qaraydi.

Vamberi o‘sha paytda Samarqandda 40 ta madrasa mavjud bo‘lganini, ammo ularning ko‘plari bo‘m-bo‘sh ekanini afsus bilan qayd etadi. Registon ansamblidagi 3 ta madrasaning hozir ham faol vaziyatda ekanini aytib o‘tadi. Ammo shu o‘rinda Mirzo Ulug‘bek madrasasini ta’rifini keltirayotganida uning qurilish tarixini 1434 yil, deb ko‘rsatadi, shu kabi Ulug‘bek rasadxonasini ham insho tarixini 1440 yil deb aytib o‘tadi, bu rasadxonaning 1701 yilda xarob bo‘lganini, undan keyin bu yerni tadqiqotchilar emas, boyqushlar maskan tutganini qayd etadi. Shunisi e’tiborliki, rasadxonani sayyoh yerga ko‘milib ketgan, joylashgan yeri aniq bo‘lmagan bir tarixiy makon sifatida tasvirlamaydi. U Samarqandga tashrif buyurgan paytlari rasadxona xarobalari hali mavjud bo‘lgan, shekilli, ammo oradan 50 yil o‘tgach,  arxeologlar uni katta qiyinchiliklar bilan topadilar. Bu yerda to‘xtalib o‘tish kerak bo‘lgan ikki muhim jihat bor. Bular – Ulug‘bek madrasasi va rasadxonasining qurilish tarixidagi yanglishishlar va rasadxonaning to‘satdan “yerga ko‘milib ketishi” masalasidir.

Ma’lumki, Ulug‘bek madrasacining qurilish tarixi aniq ravshandir: Samarqand davlat universitetining o‘tmishdoshi bo‘lgan bu oliy ta’lim muassasasining insho qilinish tarixi 1417-1420 yillar, ishga tushirilish tarixi – 1420 yil, 21 sentyabr. Ulug‘bek rasadxonasi esa 1424-28 yillarda qurilgan. Vamberining yanglishlari sababi nimada? Menimcha, bu buyuk turkolog va sharqshunos  qanchalik bilimdonligiga qaramay, u Gʻarb sivilizatsiyasining vakili edi va shu sababli Sharq musulmon xalqlarida amalda bo‘lgan hijriy-qamariy yil va  hijriy-shamsiy yil hisobi  va bu hisoblarda yuritilgan tarixlarni melodiy yil hisobiga o‘tkazishda unchalik epaqali bo‘lmagan ko‘rinadi.  Yoki bu hol Vamberi bu ma’lumotlarni olgan manbalardagi noaniqliklardan, xatolardan kelib chiqqan bo‘lishi mumkin.

Ulug‘bek madrasasining xarobalari Vamberi Samarqandga tashrif buyurgan paytda bor ekan, qurilgan joyi aniq-ravshan ekan, qanday qilib 433 yil barchaga ma’lum va mashhur bo‘lib turgan inshoot 50 yil kabi qisqa vaqt kesimida  yer qa’riga singib ketadi? Darvoqe, bu savolga taxminiy javobni ham Vamberining xotiralaridan topish mumkin. “Xotiralar”da o‘qiymiz:  “Shaharning Buxoro darvozasi yonida Temurning xotinlaridan biri bo‘lgan Xonim madrasasi bor. Bir vaqtlar bu madrasada mingdan ziyod talabalar ta’lim olishgan deyishadi (buni mubolag‘a, deb hisoblayman), eski holi ko‘rkam bino ekanligi bugungi xarobalardan bilsa bo‘ladi. Bu buyuk madrasaning omon qolgan uch devori, old tarafdagi peshtoqi, eshiklari va minoralari me’morlik san’atining ajoyib namunalaridir. Bino oldidagi yo‘laklar g‘ishtdan yasalgan mozaika kabi edi. Gʻishtlar bir-biriga shunday go‘zal shaklda  va o‘zaro moslab birlashtirilgan ediki, undan hayratda qoldim...

Afsuski, ana shu o‘tmish madaniy merosimizga befarqlik, hatto bundan 160 yil oldin bor edi. Buyuk ehtimol ila, Ulug‘bek rasadxonasining ham 19-asr oxirida birdan tarixiy xotiradan o‘chirilishi, uning xaroba holidan arxeologik ob’yekt maqomiga o‘tishi ana shunday yoqimsiz hol bilan bog‘liq.

Samarqand haqidagi xotiralarda Vamberi bilan Buxoro amiri Muzaffarxonning uchrashuvi sahnasi markaziy o‘rinni egallaydi va bu uchrashuv Amir Tyemurning yuqorida tilga olingan Ko‘ksaroy qasrida yuz beradi. Amir Muzaffarxon o‘sha kezlari Qo‘qon xonligi ustiga qilgan yurishidan muzaffar bo‘lib qaytib kelayotgan edi va Samarqandga g‘oliblarga xos as’asa-dabdaba bilan kirib kelgani, butyn shaharda avjiga chiqqan ziyofatlarni ikir-chikirigacha tasvirlagan sayyoh, amirni tevarak-atrofi kitoblar bilan qurshalgan taxtda o‘tirgan qirq yoshlardagi, semizlikka moyil kishi sifatida ko‘rganini yozadi. Amir uni yolg‘iz qabul qilishni istaganini eshitgach, bu xabardan va yosh hukmdorning vajohatidan vasvasaga tushayozganini, ammo o‘zini o‘nglab olib, darvishlarga xos savdoyi qiyofasiga kirib, amir huzuriga kirar-kirmas, salom-alikdan keyin uning poygagiga o‘tirib olganini yozadi. Chunki Herman darvishlarga saroy etiketining mayda-chuyda qoidalariga amal qilish shart emasligini bilardi, kutilganidek, amir uning takallufsizligiga e’tibor bermaydi va o‘sha zahoti amir va darvish o‘rtasida keyinchalik el tilida doston bo‘lgan muloqot bo‘lib o‘tadi.

Amir  Muzaffar: Hoji, eshitishimga ko‘ra, Hazrat Bahovaddin va boshqa aziz-avliyolarni ziyorat qilish uchun Rumdan kelibsan. Shu rostmi?

Rashid afandi: Shunday, sultonim, shu bilan birga afandimizning pok jamolini ko‘rishni ham istagan edim.

Amir  Muzaffar: Bu qadar uzoq yerdan kelishing uchun boshqa maqsading bo‘lmagani juda qiziq.

Rashid afandi: Aslo, sultonim. Boshqa hech qanday niyatim yo‘q va buning hayron qolarli joyi ham yo‘q. Buxoroi sharif bilan Samarqandi latifni  ko‘rishni ko‘pdan beri istagandim va hatto sog‘ingan edim. Bu shunday Samarqandki, Shayx Jaloliddin Rumiyning ta’biri bilan aytganda, ko‘ngil uning muqaddas tuproqlari ustida oyoq bilan yurishga buyurmas, qabul etilsa bosh bilan yurish lozim.  Xullas, bu foniy olam bilan hech ishim bo‘lmay,  uzun muddatdan beri dunyo hojisi sifatida dunyoning to‘rt tarafini kezmoqdaman.

Amir  Muzaffar: Nimalar deyapsan? Sening kabi cho‘loq odam dunyo hojisi bo‘lar ekanmi? Yana takrorlayman, bu juda hayratlanarli bir hol.

Rashid afandi: Afandim, qurboningiz bo‘lay, buyuk bobokaloningiz  Temur ham dunyoni fath etgan emasmidi?

Bu javob amirga juda yoqqanini, keyin sayohat haqida boshqa mayda-chuyda savollar bergani, suhbatning bu qismi arabcha va forscha kechgani va sayyoh o‘zining diniy, dunyoviy, ilmiy bilimlari bilan amirni lol qoldirgani uchun  unga  hukmdor tarafidan ikki boshdan-oyoq sarpo va 22-23 frank bahosida oltin tanga bilan mukofotlaganini Vamberi ochiqcha g‘urur bilan yozadi. Bu o‘rinda ham Rashid afandi haqiqiy darvishning ishini qiladi, u “pul va dunyo moli darvishni buzadi”, deb amirning hadiyasini muhtojlarga ehson qilib yuboradi va atrofidagilarning ehtiromiga yana bir bor sazovor bo‘ladi. Haqiqatan ham shunday, o‘z sayohati davomida ikki-uch marta “kofirlik”da ayblangan, har safar baxtli tasodif va aqli-bilimi soyasida omon qolgan sayyoh bu gal Amirning ishonchi va ehtiromiga sazovor bo‘lgan edi. U endi Xiva xonligiga qarashli Qo‘ng‘irot muzofotilik, sobiq Sherg‘ozixon  madrasasi talabasi Mulla Ishoq (Sodiq) bilan o‘z yo‘lida davom etishi lozim edi.

Vamberi o‘zi sevgan va ehtirom bilan qaragan Samarqand shahri unga sayohatida baxt va omad keltiradi, amirning iltifotiga sazovor bo‘lgan darvish endi emin-erkin o‘z safarini davom ettirishi mumkin edi va shunday bo‘ldi.

 

Jo‘liboy ELTAZAROV,

filologiya fanlari doktori, professor.