Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Shalola Shoyimova limonning hosildorligi va sovuqqa chidamliligini oshirish yuzasidan tadqiqot olib bormoqda. Ilmiy rahbari o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiyasi kafedrasi professori Jo‘ra Xo‘jayev.

    Magistrantning shu kunga qadar mavzuga oid bir qator maqolalari Rossiya, Koreya, Vengriya, Islandiya kabi davlatlarning nufuzli jurnallarida nashr etilgan. Shuningdek kimyo fani bo‘yicha Respublika fan olimpiadasida 2-o‘rinni egallagan. Chet tili bo‘yicha xalqaro IELTS 5.5 sertifikatiga ega. Bundan tashqari “Mo‘jizaviy limon” nomli monografiyasi nashr etilgan.

    O‘zbekistonda limon asosan yopiq maydonlarda yetishtiriladi. Issiq iqlim sharoitlariga talabchanligi va chidamliligi mamlakatimizda limon yetishtirish istiqbolli ekanligini isbotlaydi, - deydi Shalola Shoyimova. - So‘nggi yillarda limon dunyoning rivojlangan mamlakatlarida sitrus mevalarni qayta ishlash sanoatining asosiy xomashyosiga aylangan. Bugungi kunda limonni texnik qayta ishlash yuqori darajada rivojlanib bormoqda. Ilmiy tadqiqot laboratoriyalari tajribalariga ko‘ra, O‘zbekistondagi issiqxonalarga ekilgan sitrus o‘simliklar o‘suv davrining uzoq davom etishi hamda foydali harorat yig‘indisining ko‘p bo‘lishi limondan muttasil mo‘l va sifatli meva olish imkonini beradi.  Har bir o‘simlikning normal o‘sishi, gullashi, hosil berishi uchun eng avvalo kimyoviy unsurlar, ya’ni mikrounsurlar zarur. Ular: azot, kaliy, fosfor, shuningdek, temir, kalsiy, magniy, oltingugurtlardir. O‘simlik eng ko‘p talab qiladigan modda-azot. Ayniqsa, yosh ko‘chatlar o‘sish, gullash, tugunaklar tugish davrida bu unsurga zarurat sezishadi.   Azotga to‘yingan limon daraxtining shoxlari gurkirab o‘sadi va yaproqlari to‘q yashil rangda bo‘ladi. O‘z vaqtida to‘g‘ri me‘yorida oziqlantirish zarur. Jarayon yon shoxlarning faol o‘sishi davrida, ya‘ni mart oyidan oktabrga qadar olib boriladi. O‘simlikni ildiz hamda yaproqlar orqali oziqlantirish mumkin.

    Xususan, limon tabiiy qon tozalovchi vosita hisoblanadi. Dunyo miqyosida mazkur mevadan qon bosimi ko‘tarilganda, oshqozon-ichak kasalliklarida, podagra, ateroskleroz, o‘pka sili, nafas yo‘llari shamollaganda, gepatit, bavosir, tana haroratini tushirishda, bod kasalliklarini davolashda keng foydalaniladi. Bundan tashqari miyada qon quyulib qolishining oldini oladi.

    Limonning hidi asablarni tinchlantirish xususiyatiga ega bo‘lib, u nafaqat ijobiy ta’sir qiladi, balki xavotir hamda tushkunlik hisi bilan kurashishga ham yordam beradi. Limon mevalari uzoq saqlanganda va qayta ishlanganda ham tarkibidagi vitaminlarning saqlanishi uning qimmatli xususiyatlaridan biridir.

    Shuni ham aytish joiz, limon mevalari va undan tayyorlangan betakror sharbatlar dunyo mamlakatlari aholisining odatiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, bugungi kunda dunyodagi pandemiya sharoitida mazkur mevaga bo‘lgan talab yanada oshdi.

    Limonchilik serdaromad soha. Birinchi yilda gullaydi, lekin, hosil bermaydi. Ana shunda yangi navdalardan qalamcha olib, ko‘chat tayyorlab sotsa bo‘ladi. Har bir ko‘chatdan 50 donagacha qalamcha tayyorlanishi, birinchi yildayoq sarf-xarajatlarni qoplashda qo‘l keladi. Uchinchi yilda limon hosilga kiradi. Shuni ham aytish joiz, uch yilga qadar limon ko‘chatlari orasida qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirib, masalan pomidor, bodring, bolgarqalampir va boshqa ekinlarni ekib daromadni yanada oshirish mumkin.

 

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.