Na’matakning shifobaxsh xususiyatlari

Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti magistranti Sitora Jo‘rayeva “O‘simliklardan biologik faol moddalar olish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Ushbu mavzu bo‘yicha 20 dan ortiq maqolalar muallifi. Rossiya, Qozon, Polsha kabi davlatlardagi nufuzli ilmiy nashrlarda o‘z maqolalari bilan ishtirok etgan. Tadqiqotchi yaqinda yaratgan voltametrik tahlil uchun elektrod modeliga patent olgan. Ushbu model elektrokimyoviy analitik usullardagi tajribalarda qo‘llaniladi. Sitora Tojiyeva “Zamonaviy tibbiyot va farmasevtika: yangi yondashuvlar va tadqiqotlar” xalqaro konferensiyasida “Na’matak o‘simligining sanokimyoviy ekstraksiyasi” mavzusidagi ilmiy loyihasi bilan muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Ilmiy rahbari noorganik kimyo va materialshunoslik kafedrasi professori Sergey Aronbayev.
– Na’matak o‘simligidan ko‘p turdagi biologik faol moddalar olish mumkin, - deydi Sitora Jo‘rayeva. - Ushbu moddalar farmasevtikada preparatlar tayyorlashda qo‘llaniladi. Qolaversa, o‘simlikning shifobaxshlik xususiyati juda yuqori. Mevasi tarkibida askorbin kislotasi, glyukoza, fruktoza, uglevodlar, B guruh vitaminlari uchraydi. O‘simlik mevasining kimyoviy tarkibi, farmakologik xossalari va uni kompleks qayta ishlashni o‘rganish jarayonida sanoatda na’matakdan foydalanish texnologiyasini takomilalshtirish bo‘yicha yangi tahlillar amalga oshirdik. Ma’lumki, sanoatda na’matakni birlamchi qayta ishlash jarayonida multivitaminli konsentrat hosil bo‘ladi. Biroq ushbu konsentrat qayta ishlatilmaydi. Bunday chiqindilarda ko‘p miqdorda biologik faol moddalar, jumladan, vitaminlar uchraydi. Ultrasonik ishlov berish yo‘li bilan na’matak mevasi chiqindilariga qo‘shimcha ishlov berish orqali quruq ekstrakt va bir qator vitaminlar olish mumkin. O‘simlikning biologik faol moddalarini tabiiy tarkibida qo‘llash inson tana a’zolarini davolash uchun zarur bo‘lgan keng ko‘lamli farmatsevtik ta’sirlarni ta’minlaydi. Shuningdek, na’matakni birlamchi qayta ishlashda askorbin va 5 foizli sirka kislotasi ajratib olish mumkin.
Na’matakning kimyoviy tarkibi, farmakologik xossalarini o‘rganish natijasida olingan tahlillar na’matakning vitaminlarga boy, shifobaxsh o‘simlik ekanligini ko‘rsatadi. Shifokorlar shamollashning oldini olish va davolash uchun tavsiya etishadigan na’matak mevalarining damlamasi askorbin kislotasi va C vitaminining tabiiy manbai sanaladi. Bundan tashqari, u bir qator foydali mikroelementlar, shu jumladan kaliy, magniy, kaltsiy va natriyni o‘z ichiga oladi. Na’matak organizmning himoya kuchlarini mushtahkamlaydi va kuchaytiradi, qon tomirlarini mustahkamlaydi, yurak ishini barqarorlashtiradi, qon bosimini pasaytiradi. Hazm qilish tizimini me’yorga keltiradi.
Na’matak siropi yoki mevalardan tayyorlangan choy qish mavsumida viruslar faollashganda va immunitet darajasi pasayganda juda samarali hisoblanadi. Agar ushbu xalqona vosita muntazam ravishda qabul qilinadigan bo‘lsa, unda shamollashdan saqlanish, shifo jarayonini tezlashtirish va kasallikdan keyin tezroq tiklanish mumkin bo‘ladi. Na’matak damlamasi gemoglobinni ko‘paytirish va kamqonlik rivojlanishining oldini olishga, gepatit kasalligini davolashda yordam beradi. Na’matak tarkibidagi moddalar antioksidantlik xususiyatiga ega bo‘lib, qarish jarayonini sekinlashtirish xususiyatiga ega.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.