“Omad” va “Sulton” g‘o‘za navlariga mikroelementlarning ta’siri…

Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti doktoranti Anvar Tursunov, g‘o‘zaning ayrim fizilogik va biokimyoviy xususiyatlari bo‘yicha tadqiqot olib bormoqda. Ilmiy rahbari SamDU maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim fakulteti dekani, dotsent Sirojiddin O‘roqov.
Tadqiqotchining mavzuga oid o‘nga yaqin ilmiy maqolalari nashr etilgan.
- G‘o‘za qimmatbaho o‘simlik bo‘lib, uning tolasi, chigiti va boshqa qismlaridan 200-250 xilgacha keng iste’mol mollari va texnikabop mahsulotlar olinadi. - deydi doktorant Anvar Tursunov. - Hozirda respublikamiz hududida g‘o‘za ekilayotgan maydonlarga yetarlicha organik ozuqa berilmayapti. Buning natijasida o‘simliklarga mikroelementlar yetishmovchiligi kuzatilib, fiziologik jarayonlar sustlashishi sabab hosil kamayishi kuzatilmoqda. Shuning uchun tadqiqotimda Zarafshon vodiysining o‘tloq, bo‘z sharoitida g‘oza navlarining hosildorligiga bor va rux mikroelementlarning ta’sirini o‘rganmoqdaman. Tadqiqotning obyekti sifatida Respublikamizda keng ekilayotgan g‘o‘zaning “Omad” va “Sulton” navlaridan foydalanyapman. Ushbu g‘o‘za navlarining o‘sish davomiyligini, barg sathi va quruq massa hosil qilishi, fotosintez sof mahsuldorligi, ko‘sak hosil qilish dinamikasi va hosildorlik ko‘rsatkichlarini aniqladim. Тadqiqotlar natijasida Pastdarg‘om, Oqdaryo va Jomboy tumanlarida g‘o‘zaning yuqoridagi navlarining hosildorligiga mikroelementining ta’siri o‘rganilib, g‘o‘za hosildorligi oshishi aniqlandi. Qolaversa, ushbu hududlarning o‘ziga xos iqlimi hamda o‘tloq bo‘z tuproqlarini hisobga olib, “Omad” va “Sulton” g‘oza navlariga bor va ruh mikroelementlarini purkab yuqori hosil olish mumkin.
Ma’lumot uchun: g‘o‘za asosan tola olish uchun ekiladi. 1 tonna paxta xom ashyosidan o‘rtacha 320-340 kg. tola, 560-580 kg. chigit olinadi. 340 kg. toladan o‘z navbatida 3500-4000 m2 mato, chigitidan esa 112 kg. moy, 10 kg. sovun, 270 kg. kunjara, 170 kg. sheluxa va 8 kg. lint (momiq) ishlab chiqariladi.
Dunyo miqyosida to‘qimachilik tolasi ishlab chiqarishda paxta ulushiga 60 % dan ko‘proq to‘g‘ri keladi. Tolasidan, asosan, ip (kalava) yigiriladi, to‘qimachilik buyumlari, kiyim va gigroskopik paxta tayyorlanadi. Undan aviatsiya, avtomobil, elektr va boshqa sanoatlar keng foydalanadi. Toladan baqquvat ip, kirza, shlang, qayish, kino-rasm plyonkalari, yozuv qog‘ozlari kabi ko‘plab mahsulotlar tayyorlanadi. Chigitdan presslash va ekstraktsiya qilish yo‘li bilan paxta moyi olinadi. Moy esa, oziq-ovqat va texnik maqsadlarda ishlatiladi. Undan sovun pishirishda, alif, lak, emal va boshqa bo‘yoqlar ishlab chiqarishda foydalaniladi.
Chigit tarkibida gossipol pigmenti (zaharli organik birikma) bo‘lib, moy olish jarayonida ajratib olinadi va undan ham har xil sintetik moddalar ishlab chiqariladi. Moy ishlab chiqarishdagi qoldiq-gudron foydalanish uchun xalq xo‘jalik tarmoqlariga yuboriladi.
Chigit po‘sti (sheluxa) va shroti chorva uchun ozuqa bo‘lishdan tashqari, sanoatda potash, oshlovchi moddalar, spirt, qog‘oz, karton va boshqa ko‘plab mahsulotlar olinmoqda. Hatto g‘o‘za shrotidan fitin va oziq-ovqat oqsili ajratiladi.
G‘o‘za tupidan 100 dan ko‘proq birikmalar olish mumkin. Bargidan 20 xil organik kislotalar, jumladan, qimmatli olma va limon kislotalari olinadi. Shuningdek, vitamin, stimulyator, aminokislota, mikroelement ham tozalash zavodlarining chiqitlarida uchraydi. Poya, chanoqlardan yoqilg‘ilikdan tashqari, qurilish materiali sifatida keng foydalanish mumkin.
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.