Hovlilarda o‘rnatilgan quduqlardan chiqadigan suvning minerallari tarkibi qanday? Oxirgi vaqtlarda quduq suvlarining qurib qolishiga asosiy sabab nimada?

Bugungi kunda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash dolzarb muammolardan biri bo‘lib turibdi. Mavjud okean va dengiz suvlari esa ichishga yaroqsizdir. Aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji yerusti va yerosti suvlari bilan qondiriladi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi, ko‘plab tumanlarda, qishloqlarda o‘rnatilgan quduqlar, undan chiqadigan suvning minerallari tarkibi qanday? Oxirgi vaqtlarda quduqlardagi suvlarning qurib qolishiga asosiy sabab nimada?
Samarqand davlat universiteti analitik kimyo kafedrasi tayanch doktornati Jamshid Ro‘ziyev “Yer osti va yer usti ichimlik suvlarini mineral tarkibi hamda radioaktivligini analitik nazorat qilish” mavzusida ilmiy tadqiqot faoliyatini olib bormoqda. Ushbu dissertatsiya orqali biz yuqoridagi savollarga batafsil javob olishimiz mumkin.
Quduqlardagi suvlarning qurib qolishiga asosiy sabab artezan suvlarining ko‘payishiga mos ravishda tabiiy yog‘ingarchilikning bo‘lmasligidir. Natijada, mavjud suv manbalarining sathi tobora pastlab borishda davom etadi.
- Hozirgi vaqtda ekologik muhitning ifloslanishi tabiat va suvga taʼsir etayotgan salbiy omillardan biri sifatida qaralmoqda, - deydi tadqiqotchi Jamshid Ro‘ziyev. – Shu sababli mavjud yerosti va yerusti suvlarining tarkibida turli xil o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Biz ushbu suvlarning mineral tarkibini o‘rganish maqsadida o‘z tadqiqot faoliyatimizni olib bormoqdamiz. Viloyatimizning ayrim tumanlaridagi mavjud suv resurslariga oid muammolar tobora murakkablashib bormoqda. Ayniqsa, quduqlardagi suvlarning ham mineral tarkibini o‘rganish, uning isteʼmolga nechog‘lik yaroqli ekanligini aniqlash va ilmiy asosini yaratish bosh maqsadlarimizdan biridir.
Aslida, suv qancha chuqurdan olinsa, uning minerallari tarkibi ham shunchalik boy bo‘ladi. Qo‘shrabot, Nurobod, Pastdarg‘om va Payariq tumanlaridan olgan namunalarimiz ustida hozir qizg‘in ish jarayoni ketmoqda.
Jamshid Ro‘ziyevning bugunga qadar Germaniya, Gollandiya, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasining nufuzli jurnallarida maqolalari chop etildi. Shuningdek, respublika miqyosida 15 dan ortiq ilmiy maqolalari nashrdan chiqib, jamoatchilikning eʼtibor markazida bo‘lib kelmoqda.
Otabek Saʼdullayev,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan surat