Samarqand shahridagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Raqamli davrda oliy ta’lim: sun’iy intellekt, innovatsion modellar va global raqobatbardosh universitetlar” mavzusida O‘zbekiston – Vengriya rektorlarining uchinchi forumi bo‘lib o‘tdi.

    Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ochdi. Vengriya rektorlar konferensiyasi prezidenti Bela Merkeli, Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jozsef Rozsa, Obuda universiteti rektori Levente Kovach ishtirokchilarni tabrikladi.

    Vengriya bilan oliy ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik asosan akademik dasturlarni amalga oshirish, talabalar va o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda O‘zbekistonning 50 dan ortiq oliy ta’lim tashkiloti Vengriyaning 30 dan ziyod universitet va ilmiy-ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini amalga oshirib kelmoqda.

    Samarqandda o‘tgan anjumanda O‘zbekiston – Vengriya ta’lim va ilmiy sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ushbu muzokaralar natijasida Samarqand davlat universiteti hamda Vengriyaning Szeged, Eszterházy Károly Catholic va Óbuda universitetlari o‘rtasida ikki tomonlama anglashuv memorandumlari imzolandi.

    O‘zbekiston – Vengriya rektorlarining uchinchi forumida Samarqand davlat universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Akmal Axatov ishtirok etdi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.