O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Asror Norov Samarqand davlat universitetiga tashrif buyurdi. Agentlik rahbari universitetning ilmiy-amaliy salohiyati hamda yangi loyihalari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar, ilmiy izlanishlar va tadqiqotchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi.

    Mehmon Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar fakulteti binosi, Kvant markazi hamda Biokimyo instituti ilmiy laboratoriyalarida olib borilayotgan loyihalar, tadqiqotchilar tomonidan bajarilayotgan tajribalar va yangi ishlanmalar taqdimoti bilan tanishdi. Mazkur tashabbuslarning ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

    Shundan so‘ng Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Asror Norov institut olimlari, professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi hamda sayyor qabul tashkil etdi. Ozod Yusupov, Safarboy Haydarov, Baxtiyor Meliev, Abdusalom Saidov kabi olim va tadqiqotchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalar yuzasidan tegishli yechimlar ishlab chiqildi, ko‘plab savollarga esa amaliy javoblar berildi.