O‘zbekiston xalq shoiri Omon Matjon 1943 yil 14 fevral kuni Xorazm viloyati, Yangibozor tumanida tug‘ilgan. Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida o‘qigan.

    O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron ijodkor Omon Matjon bilan bog‘liq xotiralarini shunday eslaydi:

    “Omon akaning shaxsiyati men mansub bo‘lgan avlod uchun juda qadrli edi, desam, xato qilmayman. Deyarli hammamizning ilk kitoblarimiz G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotning Omon Matjon rahbarlik qiladigan sheʼriyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan. Bo‘limda ishlagan adabiyotshunos olim Asqarali Sharopov, Shavkat Rahmon, shu bo‘limda kichik muharrir bo‘lib ishlagan Nazmi opa biz uchun juda qadrdon insonlarga aylangan edilar.

    Omon aka Samarqand universitetida o‘qiganida unga ustozlik qilgan atoqli adabiyotshunos olim Nuriddin Shukurov men tug‘ilgan Chordara qishlog‘iga tutash Turkmanqishloqlik edi. Shu inson tufayli men ilk marotiba Omon aka bilan tanishganman. Vaqt o‘tib, aka-ukaday yaqin bo‘lganman.

    Qurbaqaoboddan yangi hovli olganlarida biz hasharga borardik. Ishlash qayoqda deysiz. Omon akaning o‘zi birinchi bo‘lib tartibni buzardi: stol tennisida o‘yin boshlab yubardi. Hasharga borganlarning hammasi ishni qo‘yib, shu o‘yinni tomosha qilishu gap sotish bilan ovora bo‘lardik. Omon aka barchamizga o‘zini tengdoshdek tutardi.

    Omon aka o‘zbek adabiyotining yuksak chinorlaridan biri edi. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Cho‘lpon Ergash, Maʼruf Jalil kabi sheʼriyatimiz obu havosini belgilab turguvchi ijodkor edi. Ayni shu sababdan ham uning merosi adabiyotimizning kelgusi taqdiriga ham juda uzoq yillar taʼsir ko‘rsatadi, deb o‘ylayman. Ilohim, Allohi Karim rahmatiga olgan bo‘lsin.”

 

***

Boshqalardek sevishdik biz ham,
Kuyib yurdik boshqalar kabi.
Bu savdoni baxt bildik biz ham,
Baxtdir, dedik visol, yor labi.

Boshqalardek duch kelib qolsak,
Olislardik ming bor qayrilib.
Mana, biz ham bebaxt, beqarsak
Boshqalardek ketdik ayrilib.

Ishqning koldi faqat ozori,
Qalam, qog‘oz — meros bir yalov.
Qalbimdadir ishqning mozori,
Yonib holdi unda bir olov.

Ishqdan faqat shu qoldi menga,
Olov yonar, senchi, yo‘qsan, yor.
Kelolmaysan o‘z maqbarangga,
Unga gullar qo‘yar boshqalar.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.