Inson qadri – Navoiy ijodining bosh mezoni
Kishilik tarixida o‘zining benazir shaxsiyati, umuminsoniy g‘oyalarga yo‘g‘rilgan ijodi bilan o‘chmas iz qoldirgan Nizomiddin Mir Alisher Navoiy uchun ham inson shaʼni, qadr-qimmati asosiy bosh mezonlardan biri hisoblangan. Alisher Navoiy nafaqat o‘zining asarlari, yaʼni maʼnaviy merosi bilan, balki o‘zining davlat boshqaruvidagi va jamiyatdagi mavqei bilan ham insonlarga har tomonlama xizmat qilish uning uchun oliy qadriyat hisoblangan. Bu haqida uning o‘z asarlaridan tortib unga zamondosh bo‘lgan tarixchilarning asarlarida ham bir qator qiziqarli maʼlumotlar keltirilgan. Jumladan, Alisher Navoiy o‘z moliyaviy ishlarining sarhisobi hisoblangan “Vaqfiya” asarida o‘z hisobidan kishilar foydalanishi uchun qurilgan masjid, madrasa, shifoxona, ko‘prik, rabot singari inshootlarning ro‘yxatini keltirgan. Manbalarda aytilishicha, Navoiy qurdirgan “Xalosiya” xonaqohida har kuni mingdan ortiq faqir miskinlar ziyofat qilingan, kiyim-bosh ulashilgan. Eʼtiborli jihati shuki, Alisher Navoiy taʼsis qilgan madrasalardagi o‘qish-o‘qitish tizimining baʼzi o‘ziga xos jihatlari, olimlar va talabarga to‘lanadigan nafaqa va maoshlar haqida uning “Vaqfiya” asarida maʼlumot berilgan. Unda aytilishicha, madrasadagi har bir dars halqasi (potok)da o‘n bittadan tolibi ilm tahsil olgan, ular o‘zlashtirishlariga qarab uch tabaqaga – aʼlo, vasat (o‘rta) va adno (quyi)ga bo‘lingan va shu mezon asosida ularga nafaqa (stipendiya) tayinlangan. Bu ayni vaqtdagi universitet tizimiga juda o‘xshaydi.
Tarixchi Xondamirning maʼlumot berishicha, Hirot shahrining o‘zida bevosita Navoiyning tashabbusi va homiyligi bilan “Ixlosiya” va “Nizomiya”, tibbiy ilmlar berishga ixtisoslashgan “Shifoiya” madrasalari, “Xalosiya” xonaqohi, bundan tashqari Marv shahridagi “Xusraviya” madrasalarining taʼsis etilgani buning misolidir. Xondamirning yana alohida eʼtirof etishicha, “Ixlosiya” madrasasi va “Xalosiya” xonaqohida dunyoning turli mamlakatlari va burchaklaridan bir necha ming talaba kelib, qisqa vaqt ichida o‘z bilimlarini takomillashtirishga muvaffaq bo‘lganlar.
Alisher Navoiy o‘z madrasalarida ustoz mudarrislarning ham moddiy taʼminotni o‘ylamay tinch va osoyishta ilm, ijod bilash shug‘ullanish, talabalarga saboq berishlari uchun yetarli sharoit yaratishga jiddiy eʼtibor qaratgan. Hatto shu muallifning guvohlik berishicha, Navoiy madrasasida dars beruvchi Mir Attoulloh ismli olim madrasa yaqinidan uy qurish uchun yer olish taraddudiga tushib, bir muammoga duch kelganida shoir hech o‘ylab o‘tirmay o‘zi uchun qurilgan tayyor uyni olimga tortiq qilib yuboradi. Insonlarga, ayniqsa ilm ahliga ko‘rsatilgan bu kabi g‘amxo‘rlik hamma zamonlar uchun tahsinga sazovordir.
Alisher Navoiy maʼnaviy merosi – badiiy ijodining ham bosh o‘q ildizi inson va uning qadrini ulug‘lashdir. Navoiy ijodida inson masalasi u mansub bo‘lgan musulmon mintaqasi falsafiy qarashlari bilan uzviy holda bog‘liq holda talqin etilgan. Navoiyning eʼtiqodiga ko‘ra inson borliqdagi eng sharafli, o‘xshashi topilmaydigan mavjudot, hatto borliqlarning yaratilishidan maqsad ham insondir, u shunchaki yaratilib qo‘ya qolinmagan – uning ko‘ngli irfon – maʼrifatning xazinasi:
Ofarinishdin qilib inson g‘araz,
Oni aylab xalq ichinda bezavaz.
Ko‘nglin oning maxzani irfon qilib,
Ul tilism ichra o‘zin pinhon qilib.
Bas shunday ekan, u har qancha sharaflanishga loyiq. Inson o‘zining bu qadr-qimatini iymon, irfon va ilm orqali anglab yetishi mumkin. O‘zining nima uchun yaratilganini, bu olamga nima vazifa bilan yuborilganini bilmagan, johil bo‘lib yashab o‘tish insonning eng katta fojeasidir, deydi Hazrat Navoiy:
Ey Navoiy, jahl ila o‘lmak qatiq ishdur, vale
Chun kamoli maʼrifat kasb o‘ldi ne nuqson o‘lum.
Demak, o‘zining ilohiy qadrini maʼrifat orqali anglagan inson uchun o‘lim bilan hayot tugamaydi, balki uning umri boqiydir. Shunday bo‘lgach, insonlarga har jihatdan xizmat qilish, ularga foyda yetkazish ham sharafli ishdir, deydi shoir. Uning fikricha, odamlarga biror xizmati, yaxshiligi bilan foyda yetkazgan odam bu yaxshilikni avvalo o‘ziga qilgan hisoblanadi:
Nafʼing agar xalqqa beshak durur,
Bilki bu nafʼ o‘zungga ko‘prak durur.
Alisher Navoiy odamlarning yaxshirog‘i kim, degan savolni qo‘yadida, bunga shunday javob qaytaradi:
Xalq aro yaxshiroq, deding, kimdur?
Eshitib, ayla shubha rafʼ andin,
Yaxshiroq bil ani ulus arokim,
Yetsa ko‘prak ulusqa nafʼ andin.
Yaʼni, odamlarning yaxshirog‘i, xalqqa ko‘proq foydasi tegadiganidir!
Aksincha, so‘ziyu feʼli bilan odamlarga zarari tegadigan kishilarni Alisher Navoiy juda ham tahdidli, keskin so‘zlar bilan ogohlantiradi – odamlardan zulm, aldov va tovlamachilik bilan tortib olingan bir siniq igna bo‘lsa ham, bir kuni olmos tig‘li xanjar bo‘lib zulmkorning o‘ziga qaytishini, mazlum uning gunohini kechirmasa, jahannam otashida kuyishini, kimgaki bir tikan bilan nohaq sitez – tahdid ko‘rsatgan bo‘lsa, bu tikan o‘ziga yuzta o‘tkir tig‘ bo‘lib qaytishini va kimgadir bir ipchalik zarar yetkazgan bo‘lsa, bu ip bir kun uni ilondek halok qilishini tushuntiradi:
Garchi sinuq igna haqunnosdur,
Bag‘ring aro xanjari olmosdur.
Qilmasa mazlum gunohing bihil,
Do‘zax arodur vataning muttasil.
Afvin aning tutmasang ummid sen,
Bilki tomug‘ o‘tida jovid sen.
Kimga tikan birla qilibsen sitez.
Urg‘usidur ko‘ksungga yuz tig‘i tez.
Kimki bo‘lur bir shararing fosh anga,
Do‘zax o‘ti bo‘lg‘usi podosh anga.
Kimgaki bir rishta yeturdung ziyon,
Qatlinga ul rishtani bilgil yilon.
Shoirning bu misralarini o‘qib, qalban anglagan har qanday inson o‘zi singari biror odamga zarracha ziyon-zarar yetkazishiga botina olmasligi shubhasizdir. Chunki, Navoiy bu gaplarni shunchaki o‘zidan to‘qib ijod qilmagan, uning asarlarini erinmasdan, maxsus tayyorgarlik bilan o‘qib o‘rgangan inson buni tushunadi. Navoiy uchun haqiqiy musulmon kim? U bu savolga boshqa musulmonlar qo‘li-yu tilidan salomat bo‘lgan kishi, yaʼni qo‘li va tili bilan birovga ozor bermaydigan odamdir deb javob beradi:
Kim musulmonlig‘ aylasa daʼvo
Chin emas gar fido qilur jonlar.
Ul musulmondururki, solimdur.
Tiliyu ilgidin musulmonlar.
Bu muxtasar tahlillardan xulosa shuki, Alisher Navoiy o‘zining ongli hayotini inson manfaati, dardi bilan yashab o‘tkazdi. U insonni faqatgina moddiy emas, balki maʼnaviy jihatdan ham qadrlashga umrini bag‘ishladi. Uning asarlaridagi yaxshi insonlar nomiga aytilgan maqtovlarni uning o‘ziga nisbatan ham bemalol qo‘llash mumkindir. Uning bu kabi qarashlarini o‘zida umumlashtirgan quyidagi misralari esa insonlarga manfaat etkazishning bosh shiorlaridan biri bo‘lib qolaveradi:
Odami ersang demagil odami,
Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami!
Alisher RAZZOQOV,
Samarqand davlat universiteti
mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi o‘qituvchisi,
filologiya fanlari bo‘yicha falasafa doktori

