Hirot shahristoni

Uzra balqib tong,

Shuurga to‘lganda chorbog‘u-dashtlar,

Shahar chetidagi

Qadim qabriston

Darvozasidan kirdi ikki yosh askar.

Yelkalarda miltiq

Osilgan edi,

Biri o‘zbek edi, boshqasi – afg‘on.

Tinch edi, sarin yel

G‘ir-g‘ir esardi,

Xatarni sezgandek qizil edi qon.

Qabriston oralab

Aylandi ular,

O‘lganlar uyqusin aslo buzmasdan.

Anbar islarini

Sochardi gullar

Urush dahshatini, qonni sezmasdan.

Yosh afg‘on askari

To‘xtaru birdan,

Bir dam boshin egib hayolga botar,

So‘ng aytar qandaydir

Bir alam bilan:

“Bu maqbarada hazrat Navoiy yotar…”

Bu so‘zni eshitgan

O‘zbek bolasi

Vujudida ko‘zin ochdi muz titroq.

Birdan ko‘z o‘ngidan

Yarq etib o‘tdi

Olis-olisdagi qadrdon tuproq.

U uzoq o‘tirdi

Maqbar qoshida,

O‘z-o‘zidan nogoh namlandi ko‘zi.

Armonlar bor edi

Ko‘zin yoshida,

Tiliga yugurdi dilining so‘zi:

“Bobojon, nahotki,

Shunda yotibsan?

Agar shunday bo‘lsa, beraqol sado.

Bu yerga Amudan

Oshib kelganman,

Baynalmilal burchim etay deb ado.

Sening xoking yotgan

Bu badbaxt yurtga

Qo‘lda miltiq bilan men kirib keldim.

Ikki yil jang qilib,

Faqat shu bugun

Sening bu tuproqda yotganing bildim.

Ko‘zim ko‘r, dilim ko‘r,

Tilim kesilgan,

Sening nevarangman, sening bolangman.

Bobojon, kechirgin,

Ism-sharifingdan

Boshqa hech nimani yaxshi bilmayman.

Garchi men yashagan

Yurt shoirlari

Sening noming bilan ichurlar qasam,

Men qanday ishonay

Bu qasamlarga,

Sening yuragingni agar bilmasam.

Bilsam, kelarmidim,

Axir, bobojon,

Sen yotgan tuproqqa miltiq, tig‘ ushlab…”

Yosh o‘zbek o‘g‘loni

So‘zlardi nolon,

Alamu-hasratdan labini tishlab.

U uzoq so‘zladi

Silqigan darddan,

U uzoq so‘zladi bo‘lgancha ado.

Ammo tong sukutin

Buzib maqbardan

Chiqmadi baribir biron bir sado…

 

Xurshid Davron, O‘zbekiston xalq shoiri