Shoirlar majlis kunini tayin qilishdi. Tumanning ko‘zga ko‘ringan qalamkashlari o‘z muridlari bilan xonai peshvoga yig‘ildilar. Muridlar orasida faqat bir darvesh begona emish.

    Muridlardan biri so‘z boshladi.

    - Kamina qulingiz, ustozimiz shoir Tumandiy ijodlaridan o‘qib bersam.

    - Barakalla, bo‘ladigan bola, - dedi shoir Tumaniy  mamnun ohangda muridiga.

    Darveshning ensasi qotib turgan bir paytda «Navoiy hazratlari...» deb, gap boshlab qolibdi haligi murid. “Mashaalloh”, dedi Darvesh, o‘rniga qulay o‘tirgancha. Murid so‘zida davom etdi: «Navoiy hazratlarining ijodi behad beqiyosdurlar. Ustoz, sizlar tunimizni nurafshon etgan shaham bo‘lsangiz, ul zot quyoshdurlar. Quyoshga yetib bo‘lmaganidek, bizga siz ustozlar atrofida parvona kabi bo‘lmoq maqbuldir. Shu sababdan yoshlarimizga shuni aytgan bo‘lardimki, eng avvalo sizlarni o‘qusinlar. Qadamni Tumandan boshlamog‘imiz zarur. Poytaxt tomon yo‘l olgan shogirdlarimiz ham ul tomonlarda o‘z tumandoshlari bilan bir davra tuzushib, ustozlarimiz nomini Azim Shoshga tanitmoqdalar», dedi ustozlariga ko‘z qirini tashlab. Ustozlar muridning zehniga qoyil qolib, maʼqullab bosh silkibdi. Minbarda qulay joylashib, yosh shoirlar uchun to‘lib toshayotgan bu murid tuman bo‘yicha nechta kitob chiqqani-yu, nechta shoir kashf etilgani haqida vaʼz o‘qishda davom etardi. Qolganlar esa, uning maʼruzasini qarsaklar ila olqishlagancha tinglardilar. Eng qizig‘i, shoirlikni daʼvo qilmasdan turib, uch-to‘rtta kitob chiqarishga ulgurgan bu davradagi qalamkashlarning qo‘llari yozishdan ko‘ra, chapak chalishga usta emish. Chunki, chapaksiz ularning bor yo‘qligini bilib bo‘lmas edi-da.

    Quyoshni sevgan Darvesh shart o‘rnidan turib, quloqlarini bekitgancha davrani tark etdi. Buni ko‘rgan davra ahli pichirlashga tushdilar.

    - Omi odam, bunday sermavj davralarda suzib ketolmaydi, davom eting, shogird. - deya imo qildi shoir Tumaniy muridlariga.

 

Shahrizod Shodiyev

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi