Samarqand davlat universiteti va O‘zR FA Tarix instituti tomonidan “O‘zbek davlatchiligi tarixida Zarafshon vohasi va Samarqand shahrining tutgan o‘rni” mavzusidagi “Samarqand o‘qishlari-II” respublika ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Ushbu konferensiya an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan mintaqaviy o‘qishlar doirasida bo‘lib, dastlabki anjuman “Samarqand o‘qishlari-I” 2018-yilda o‘tkazilgan.

    Bundan asosiy maqsad, O‘zbekiston davlatchilik tarixida Zarafshon vohasi va Samarqand shahrining tutgan o‘rni, turli davrlarda bu hududda kechgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlarni so‘nggi yillarda olib borilgan yangi ilmiy izlanishlar asosida keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

    Konferensiya “O‘zbekiston hududidagi qadimgi davlatlar va Zarafshon vohasi, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Samarqand, Xonliklar davrida Samarqand shahrining mavqeyi, XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asrlarda Zarafshon vohasi va Samarqand, Istiqlol va Yangi O‘zbekiston” sho‘balarga bo‘linib, mavzular muhokama qilindi. Ma’ruzalar bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tib, taklif va tavsiyalar ko‘rib chiqildi.

    Ilmiy-amaliy anjumanda 10 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining olimlari o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

    Konferensiya ishtirokchilarining ilmiy maqolalari “O‘zbek davlatchiligi tarixida Zarafshon vohasi va Samarqand shahrining tutgan o‘rni” mavzusidagi “Samarqand o‘qishlari-II” nomli to‘plam ostida chop etiladi.

    - Qarib uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan o‘zbek davlatchiligi tarixida Zarafshon vohasi va Samarqand shahri munosib o‘rin tutadi. Xususan, Samarqand bir qator davlatlarning poytaxti bo‘lishi barobarida, Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida ilm-fan va madaniyat markazi, buyuk allomlarni jahonga yetishtirgan ulug‘ maskan, - deydi O‘zbekiston tarixi kafedrasi mudiri, dotsent Go‘zal Normurodova. -  XIX asrning oxiri - XX asr boshlarida Markaziy Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan samarqandlik jadid ma’rifatparvarlari faoliyati to‘g‘risida ma’ruzam bilan ishtirok etdim. Xususan, Samarqand ma’rifatparvarlarining mintaqa milliy ta’lim rivojiga qo‘shgan hissasini tarixiy manbalar asosida yortib berishga harakat qildim. Konferensiya pandenemiya sharoitiga bo‘lishiga qaramasdan, ilm-fan ahli tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Bu albatta quvonarli holat. Ushbu konferensiya an’anaviy tarzda davom etishini maqsadga muvofiq deb belgilaganmiz…

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat Akramov olgan suratlar