Fleshbek

    Mening qishki ta'tildagi asosiy vaqtim badiiy kitoblar mutolaasi bilan o'tadi. Bu safargi ta'tilda kitoblar ro'yxatidan mashhur fransuz yozuvchisi Stendalning “Qizil va Qora” romanini tanladim. Ushbu kitobga bo'lgan qiziqishim uning nomi bilan bog'liq bo'ldi. Nega aynan “Qizil va Qora”?

    Asar haqida

     Asar roman janrida bo'lib, 1827-yilda yozilgan. U o'zida 1820-yilda Fransiya jamiyatida yuz bergan ijtimoiy hayotni mujassamlashtirgan. Asar ilk bor 1830-yilda nashr etilgan. Stendalning “Qizil va Qora” romani psixologik realizmning (qahramonlarning motivatsiyalari va ichki fikrlariga qaratilganligi) yetuk namunasi sifatida tanilgan.

    Syujet

    Asarning bosh qahramoni 19-20 yoshdagi Julyen Sorel. U oddiy duradgorning o'g'li bo'lishiga qaramay Injil kitobini yoddan bilar va shu bilan birga lotin tilida ravon so'zlasha olardi. Hamma voqea uning Veryer meri janob de Renalning bolalariga tarbiyachi bo'lib ishga olinganidan boshlanadi. U yerda Julyenni xonadon bekasi bo'lgan de Renal xonim sevib qoladi. Ikki qahramon o'rtasidagi muhabbat ularning boshiga ko'plab muammolar olib keladi. Shu sababli Julyen Bezansondagi seminariyaga o'qishga ketishga majbur bo'ladi. U yerda u mashhur abbat Perarga shogird tushadi. Perar iste’foga chiqqanidan so'ng, u Parijga ketadi. Abbat Perar janob de Lya Molga Julyen haqida aytib beradi. Shunda de Lya Mol Julyenni o'z  huzurida kotib bo'lib ishlashga taklif qiladi. Shunday qilib, Julyen Parijga yo'l oladi. U yerda ishlagan vaqt ichida Julyen o'zidagi ochilmagan qirralarni ochadi va markiz de Lya Molning qizi Matildani o'ziga oshiq qilishga musharraf bo'ladi. Julyen unga nisbatan hech qanday tuyg'ularni his qilmasada zodagon xonimning e'tibori uni xursand qiladi. Bir kuni Matilda Julyenga undan farzand kutayotganini aytadi. Biroq, Julyenning sobiq sevgilisi de Renal xonimdan kelgan xat hammasini barbod qiladi. Julyen de Renal xonim bilan uchrashgani ketadi va unga cherkovda o'q uzadi. De Renal xonim o'lmaydi. Julyenni esa hibsga olishadi. Matilda bor imkoniyatidan foydalanib uni qutqarib qolishga urinadi. De Renal xonim ham suddan o'zining qotilini kechirishini so'raydi. Sud Julyen foydasiga hal bo'layotgan edi, lekin, uning burjua jamiyatini tanqid qilgan nutqidan keyin sud uni o'limga hukm qiladi.

    Qamoqda Julyen de Renal xonimni o'ldirmoqchi bo'lganidan tavba qiladi va faqat uni sevganini anglab yetadi. De Renal xonim esa o'sha xatni kuchli rashk ta’sirida yozganini tan oladi.  Bu orada Julyen qatl etiladi. De Renal xonim esa uning o'limidan so'ng 3 kundan keyin farzandlarini bag'riga bosgancha dunyodan ko'z yumadi. Matilda esa qahramoni bo'lgan qirolicha Margaretta singari sevgilisining tanasidan judo qilingan boshini berishlarini talab qiladi va uni shaxsan o'zi dafn etadi.

    Asar tahlili

    Asarning bosh qahramoni Julyen Sorel taxtdan ag'darilgan Napaleonning tarafdori bo'ladi. Uning Napaleonga sajda qilishini kitobxon asarni o'qish jarayonida qiyinchiliksiz his qiladi. Qariyb 700 sahifadan iborat bo'lgan ushbu asarda Stendal Fransiya hayotini aniq va tushunarli tarzda tasvirlab bergan.

    Asarda Julyen qobiliyatiga yarasha mavqeni egallash uchun turli yo'llardan foydalangan hamda o'zining o'ta ta'sirchanligi bilan ko'plab xatolarga yo'l qo'ygan o'smir sifatida tasvirlangan. U Fransiya jamiyatida mavjud bo'lgan qonun-qoidalardan qoniqmaydi, adolatsizlik, erksizlik uchun doim kurash olib boradi.  Lekin, u mana shu niyatlarini yashirib, o'zi tushgan muhitga tezda moslashib keta olishi bilan kitobxonni beixtiyor ajablantirishi mumkin. Asarning ko'zga tashlanadigan va kitobxon uchun tushunarsiz tuyg'ularni paydo qiladigan qismi bu- Julyen va de Renal xonim o'rtasidagi muhabbat. Asarda de Renal xonim (Luiza) ga berilgan ta'rifni o'qib, kitobxonda unga nisbatan mehr paydo bo'lishi va keyingi sahifalarda uning muhabbati uchun qilgan ishlariga ko'zi tushgach esa unga qarshi nafrat tuyg'usi shakllanishi mumkin. Fransiya jamiyatidagi qizg'in siyosiy jarayon haqida so'z ketayotganda syujetga o'zining quvnoq xarakteri bilan senyor Djeranimoning kirib kelishi esa kitobxonni siyosiy jarayonlardan biroz chalg'ishiga yordam berib, unga o'zgacha kayfiyat bag'ishlaydi. Bezansondagi seminariya talabalarining ta'riflarini o'qiyotganda kitobxon qalbida “shukr” hamda “ma'suliyat” tuyg'ulari yanada avj oladi. Julyenning Parijga, markiz de Lya Mol xonadoniga ishga o'tganidan keyingi tasvirlardagi yuz berayotgan hodisalar, u yerdagi muhit va turli qahramonlar orqali yozuvchi Parij aholisining xarakterini qisman bo'lsada ochib berishga uringanini ko'ramiz. Asardagi ayol obrazlar, xususan, de Renal xonim va Matilda xarakterlarida yozuvchi ayollarga xos bo'lgan joziba, qaysarlik va dovyuraklik hislatlarini katta badiiy kuch bilan ochib bergan. Ushbu ayollardagi hislatlarga nafaqat qahramonimiz Julyen balki, ushbu asarni qo'liga olgan kitobxon ham tasanno aytadi.

     Xulosa

     Ushbu asarda Fransiya jamiyatidagi “Aristokratik salon”  yoritib berilgan. Agar kitobxon asar boshlanishidagi Julyen bilan asar so'ngidagi Julyenni solishtirsa umr yo'li davomida insonda kuzatiladigan o'zgarishlarga guvoh bo'lishi mumkin. Har birimiz maqsadimizga erishish yo'lida to'g'ri qaror qabul qilishimiz kerak.

     Demak, asar bejizga “Qizil va Qora” deb nomlanmagan.

     Qizil – jo'shqin qon, yoshlik, maqsadlarga erishish istagidir.

     Qora – maqsadlarga erishish yo'lida qo'yilgan tuzoqlar, nayranglar.

    Iqtiboslar

- Dilingga ozor bermay, ko'nglingni ololmaydilar.

- ... bu foniy dunyoda inson mayli hamma narsani ham hal qilavermas ekan.

- ... sayyoh baland tog' tepasiga chiqqach, uning cho'qqisida huzur qilib dam oladi. - Agar bu sayyohni o'sha yerda umrbod dam olishga majbur etishsa, u baxtli bo'larmikin?

- “Tushunadigan odamga oz gap ham yetadi”

- ... siz, soxta tabassum jilvalanib turgan basharalarga o'rganib qolgansiz...

- Inson irodasi har qanday to'siqni yengishi mumkin.

    Asar haqida qiziqarli faktlar

    Stendalning tugallanmay qolgan keyingi romani shunga o'xshash nom bilan nomlangan edi - “Qizil va Oq”;

    1850-yilda Nikolay II Rossiyada ushbu kitobni taqiqladi;

    1864-yili esa Vatikan ham Stendalning bu romanini taqiqlangan kitoblar ro'yxatiga kiritilgan.

 

Bahora Abdujalolova,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi.