Kuzgi shudgor va o‘g‘itlarni qo‘llash
Tuproq unumdorligini saqlash va oshirishda kuzgi shudgor muhim ahamiyatga ega. Kuzgi shudgor tuproqdagi organik qoldiqlarni o‘simlik ildiz zonasidan chirib, gumus va zarur oziq-moddalarga aylantirishga imkon beradi. Shu bilan birga begona o‘tlar urug‘i, yer yuzasida to‘planib kelgan zararkunanda tuxum va lichinkalari hamda kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroorganizmlarni pastki chuqur qatlamiga tushib, nobud bo‘lishi yoki faolsizlanishiga sabab bo‘ladi. Kuzgi shudgor tuproq zichligi va qattiqligini yoqotib, uni yumshoq holatga keltirib, kuz, qish va bahorgi yog‘ingarchilik suvlarini tuproqqa yaxshi singishini, ularni daladan oqib-chiqib ketmasligini ta’minlaydi. Bu esa, tuproqni suv zahirasiga boyitadi va o‘suv davrida sug‘orishga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi.
Kuzda asosiy ozuqa sifatida organik, fosforli va kaliyli og‘itlar qo‘llaniladi. Ushbu o‘gitlarning samarasi kuzgi shudgor bilan qo‘llanilganda eng yuqori bo‘ladi. Masalan, organik o‘g‘itlar kuzgi shudgor yordamida tuproqqa haydab tashlanganda tuproqni 30-35 sm. qalinlikgacha organik modda bilan boyitib, pastki tuproq qatlami unumdorligi oshiriladi. Bunda tuproqning chuqur qatlamigacha bir meyorda gumus hosil bo‘lishi va oziq-moddalarga boyishi kuzatiladi. Go‘ng tarkibida o‘simlik uchun zarur bo‘lgan barcha makro va mikro elementlar mavjud. Bu mikroelementlar defisit bo‘lgan bir paytda muhim ahamiyatga ega. Olimlarning tadqiqotlari ko‘rsatishicha fosforli o‘g‘itlar tuproqqa tushgan joyidan 0,5-1 sm.dan katta masofalarga siljimaydi. Bu esa fosforli o‘gitlar va o‘simlik ildizlarini kontaktda bo‘lishini ta’minlashdan dalolat beradi, ya’ni fosforli o‘g‘itlar ildiz so‘ruvchi qismda yoki undan biroz pastroqda joylashishi kerak. Dala ekinlari gullash va meva hosil qilish davrlarida fosofrni maksimal darajada o‘zlashtiradi. Bu vaqtda esa ildiz ancha chuqur kirib borganda fosforli o‘g‘itlarni qo‘llab bo‘lmaydi. Bu masalani faqat kuzgi shudgor bilan fosforli o‘gitlarni qo‘llab yechimni topadi. Xuddi shunday holatni mevali daraxt va uzumzorlarda ham kuzatish mumkin. Ularda kuzgi shudgorni 50-60 sm.ga o‘tkazish maqsadga muvofiq. Fosfor saqlovchi o‘g‘itlarni yer yuzasiga sepib qo‘yish umuman mumkin emas. Ular tuproqqa kerakli chuqurlikda bo‘lishi lozim. Bunda fosforli o‘g‘itlarni organik minerallar bilan qo‘llash samaradorlikni sezilarli darajada oshiradi. Fosfor saqlovchi o‘g‘itlar ishqoriy muhitga ega bo‘lgan korbanatli tuproqlarga tushganda kimyoviy reaksiyalar natijasida o‘simlik o‘zlashtira olmaydigan shaklga, ya’ni birikmalarga aylanib ketadi hamda ulardagi oziq moddalarinining o‘simlik tomonidan o‘zlashtirilishi 15-20 foizini tashkil etadi. Bu o‘ta salbiy jarayondir. Buni kamaytirishning yo‘li fosfor saqlovchi o‘g‘itlarni organik moddalar bilan xususan, yarim chirigan go‘ng bilan qo‘llashdir. Shu bilan birga faqat kuzgi shudgor bilan qo‘llanilgan organik o‘g‘itlar gumus miqdorini sezilarli oshiradi. Biz bunga katta e’tibor berishimiz kerak.
Gumus bu tuproq unumdorligini va xossalarini belgilab beruvchi asosiy modda hisoblanadi. Lekin, hozirgi paytda butun dunyoga, jumladan O‘zbekistonga ham tuproqlarda gumus miqdorini muntazam kamayib borishini kuzatimoqda.
Bu asosan kuzgi shudgorni organik o‘g‘itlarsiz amalga oshirilishi bilan bog‘liq. Bu borada g‘oza va kuzgi bug‘doydan keyin, shudgorlashdan oldin g‘ozapoya va somoni maydalab izidan chuqur shudgorlansa yuqori natija beradi. Organik o‘g‘itlar yetishmayotgan bir paytda o‘simlik qoldiqlarini dalani o‘zida qoldirib shudgor qilish muammoni hal qilishda muhim rol o‘ynaydi. To‘g‘ri, bunda o‘ta kasallangan dalalarda kasallanishni oldini olish maqsadida bu tadbir tavsiya etilmaydi.
Kuzgi shudgor bilan organik o‘gitlarni qo‘llash, tuproqni organik moddaga boyitish, yerda suvni ushlab turish qobilyatini, ya’ni dala namgarchiligini oshiradi. Bu esa yog‘ingarchilik suvlaridan samarali foydalanish va ularni isrof bo‘lmaslikka olib keladi.
Kaliyli o‘g‘itlarning katta qismi ham kuzgi shudgor bilan birga qo‘llaniladi. Bu esa o‘simliklarni gullash va meva tugush davrida kaliy bilan oziqlanishini sezilarli ravishda optimallashtiriladi.
To‘lqin Ortiqov
Samarqand davlat universiteti
tuproqshunoslik va agrotexnologiya kafedrasi dotsenti,
Shavkat Akramov olgan surat

