Odatda, men kayfiyatimga qarab kitob tanlayman. Ba’zan klassika, ba’zan esa tarixiy, ba’zida esa o’ta zamonaviy-modern asarlarning chanqog‘i tutadi. Biroq, bu safar ushbu kitobni menga Yangi yil arafasida kursdoshim sovg’a qildi. Sovg’a bahona kitob mutolaasiga kirishdim. Romanlarni uzoqroq muddat o’qirdim. Negadir, bu safar unday bo’lmadi. Asar syujeti qiziqligi va o’ta tarbiyaliligi, ishonarli faktlarga boyligi bilan meni maftun etgan edi.

Asar haqida

         Bu roman Pirimqul Qodirovning eng mashhur asarlari sirasiga kiradi. “Olmos kamar” adabiyotda kam uchraydigan ekologik romanlardan biridir. Asar 1983-yil SSSR Yozuvchilar uyushmasining mukofotiga sazovor bo‘lgan va 1987-yil vetnam tiliga tarjima qilinib, Xanoyeda chop etilgan.

         Syujet

         Asar tabiatning go’zal tasvirlari bilan boshlanadi. Bosh qahramon Abrorning hayoti yaxshi. Bir qizi va bir o’gli bo‘ladi. Kasbi arxitektor bo‘lgan bu obraz o’z sohasi bo’yicha yaxshi mutaxassis, olim  bo’ladi. Uning kursdoshi Sherzod ham arxitektor, yaxshi lavozim egasi edi. Biroq, u Abrordan qaysidir ma’noda nafratlanadi. Sababi, Abror Sherzod talabaligida ko’ngil bergan qizi Vaziraga uylangan edi. Sherzodning muhabbatini Vazira rad etadi. Shu tufayli Sherzod Abror bilan  doim qarama-qarshiliklarga uchraydi. Abror Toshkentning Bo’zsuv kanalini tarixiy qismini saqlab qolishni xohlaydi, Sherzod esa barchasini buzib, uning o’rniga yangi uylar qurishni yoqlab chiqadi. Va shu yo’lda u Abrorni “mahalliychilik”, “maddohlik”, “eski urf-odatlarga sodiq qadimchi” kabi ayblar bilan ayblaydi. Abrorning ayoli Vazira ham hatto bir muddat uni shunday deb o’ylaydi. Sherzod hatto Abrorning ayolini ham yo’ldan urib, uning oilasini buzishga harakat qiladi. Ammo, Abror o’zining ham, ukasining ham, qaynisi Alibekning oilasini ham mustahkam saqlab qoladi. Asar oxirida Sherzodning asl qiyofasi ochilib, ichi qoraligi va manmanligi uchun jazosini oladi.  Abror esa o’ziga xos ijobiy hislatlarga ega obraz sifatida gavdalanadi.

         Tahlil

         "Olmos kamar" tarixiy roman. Romanda bosh qahramonlar  Abror va Sherzodning ma'naviyat, kasb, ruhiyat, shuurdagi kurashlarini, hayot, oila, el-yurtga qarashlari o’rtasidagi ziddiyatlarni ko'rsatish asosiga qurilgan. Abrorning turmush o’rtog’i Vazira ham ziyoli ayol. Oilaparvar ayol bo’lish bilan birga, el-yurt dardi bilan yashaydi. Bu yo’lda qiyinchiliklarga, turli xushomadlarga duch keladi. Biroq, oilasi va yurtining sha’nini saqlab qoladi. Abror va Sherzod ham arxitektor—yangi shahar bunyod etuvchi va uni obodonlashtiruvchi mutaxassis. Lekin tarbiyasi, tabiati, burch va mas’uliyatga munosabati, muhabbatga, oilaga qarashda farq kuchli. Abror elparvar, adolatgo'y, maydonlarga ko'rk berishda milliy udumlarimiz, an'analarimizga rioya qilish tarafdori. Sherzod esa ishni o'zboshimchalik bilan amalga oshirishga moyil. Yozuvchi ularni murakkab kechinmalar, iztiroblar, adashishlar, to'g'ri yo'lni topa olish natijasidagi quvonchlar ichida ko'rsatadi. Abror Toshkentdagi Bo’zsuv anhorining juda qadimiy anhorlardan biri ekanligini, uni tarixiy qismini saqlab qolish yo’lida Sherzod bilan qarama-qarshilikka uchraydi. Biroq, yaxshilik va yomonlik bilan kurashda doimo ezgulikning qo’li baland kelishi oqibatida uning ezgu fikrlari amalga oshadi.  Asar bilan tanishgan kitobxon muallif atrof muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrash, shaharni ko'kalamzorlashtirish masalasini birinchi va asosiy muammo deb hisoblaydi, shuning uchun"Olmos kamar" ekologik roman degan tushuncha paydo bo'lishi mumkin. O.Sharafiddinovning yozishicha, Pirimqul Qodirov "butun ijodi davomida ona tabiat kuychisi sifatida ham ko'rinadi... Pirimqul tabiatni sevishgina emas, uni saqlab qolish uchun kurash yozuvchining muqaddas burchi ham ekanini tushundi... Pirimqul so'nggi romanlaridan biri "Olmos kamar"ni ham shu masalaga bag'ishladi". Umuman, ma’lum bir sohani qamrab olgan asar yaratishda, ayniqsa u ekologiya va atrof-muhit bilan aloqador asar bo’lsa, juda katta ilmiy bilimga ham ega bo’lish talab etiladi. Syujet davomida ekologiyaga oid shunday tushunchalarga duch kelasizki, ularni albatta, soha ensiklopediyasidan axtarib, ma’nosini chaqishga to’g’ri keladi. Bu, yozuvchining boshqa soha vakili bo’lishiga qaramay, o’sha tushunchalarning mohiyatini kitobxonga yetkazib berishdagi salohiyatiga bog’liq. Pirimqul Qodirov, bu mas’uliyatni a’lo darajada uddalagan. Siz asarni o’qish bilan nafaqat ma’naviy hordiq, balki ancha bilimlarga ham ega bo’lasiz. Milliy an’ana va udumlarni zamonaviylik bilan uyg’unlashtirgan holda yaratilgan san’at asralarining bir qancha g’oyasi bilan ham tanishasiz. Abror obrazida esa, an’ana va udumlarga sodiq, haqiqiy elparvar faol jamiyat a’zosini ko’rasiz.

         Xulosa

         Roman insonlarni oila muqaddas va ma’naviyatli qo’rg’on ekanligi, uni asrab avaylash esa asosiy burch ekanligini ko’rsatib bergan. Ona tabiatimizni ham ana shu oilani asraganday asrash esa insoniy fazilatlardan biridir. O’z sohasining ustasi, diyonatli va sabrli insonlarning obrazi har bir kitobxon uchun tarbiya vositasi bo’ladi, deya olaman. Zero, haqiqat – bukiladi, egiladi ammo sinmaydi. Insonning oxirgi daqiqagacha o’ziga ishonishi, vijdoni oldidagi mas’uliyati ham komil inson qiyoasining bir shaklidir.

         Iqtiboslar

         - Yaxshi oila - odamni ichdan mahkam tutib turadigan bebaho bir kamar. Yaxshi oilalarda ham odamni ichdan mahkam tutib turadigan ma’naviy fazilatlar Kamari bo’ladi. Odam bolalik yillaridan boshlab ota-onasidan, mahalla-ko’ydan, butun xalqidan qanday yaxshi fazilatlarni meros olsa, qanday yaxshi odatlar-u ana’anlarni o’rgansa, hammasi olmos qirralariga o’xshab, mana shu kamarga yig’ilib boradi.

         - Avlodlar orasidagi mehr-oqibat – olmos kamarning eng yirik gavhari.

         - Kichik oylik olish, hatto kambag’al bo’lish ayb emas, lekin ma’naviy jihatdan qashshoq bo’lib yashash – ayb. Olmos kamarni hech kim sovg’a qilmaydi. Uni pulga olib bo’lmaydi. Uni har bir kishi o’z kuchi bilan umr bo’yi qalbida zarralab to’plab, ma’naviy boylik qilib yig’adi.

         - Erkning bo’lgani yaxshi. Lekin shu erkning hayo degan bir chegarasi bo’lishi kerak.

 

Muxlisa Jalilova,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi.