“Yuksalish simfoniyasi” - Yangi O‘zbekiston ruhini aks ettirgan asar
“Yuksalish simfoniyasi” asari Yangi O‘zbekiston g‘oyasi meʼmori, Prezident Shavkat Mirziyoyev faoliyatiga bag‘ishlangan muhim publitsistik kitoblardan biridir. Asarda, avvalo, inson taqdirini o‘zgartirish, jamiyatni yangilash, odamlarga ishonch va umid bag‘ishlash, bir so‘z bilan aytganda, xalqni rozi qilish yo‘lida olib borilgan keng ko‘lamli saʼy-harakatlar yoritilgan. Kitob sahifalarida so‘nggi yillarda mamlakat hayotida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar, yangilanish jarayonlari publitsistik ruhda tahlil qilinadi.
Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yoshlar murabbiysi, Oliy Majlis Senati aʼzosi, SamDU faxriy professori Abdusaid Ko‘chimovning “Yuksalish simfoniyasi” nomli kitobi taqdimot marosimi o‘tkazildi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov anjumanni olib bordi.
Anjumanda “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari Bosh muharriri, Senator Husan Ermatov, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo‘ldosh, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev hamda Samarqand viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Husan To‘xtayev ishtirok etdi.
- Men “Yuksalish simfoniyasi” ni o‘qish davomida xuddi Prezidentimiz bilan birga, qadamma-qadam yurgandek bo‘ldim, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov. - Eʼtiborimni tortgani shu bo‘ldiki, Prezidentimiz hududlarga tashriflarida asosan oddiy xalq vakillari bilan uchrashib, ularning qalbiga quloq tutib, ko‘nglini so‘rab, har bir masalani joyida o‘rganib, mutassadilar eʼtiborini qaratadi. Prezidentimiz islohotlari millat taqdirida tub burilish yasadi. Mening nazarimda, tarix uchun qisqa bo‘lgan, 10 yil ichida buncha ishni qilishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun insonning yuragida Vatan bo‘lishi kerak. U vatanini, vatandoshlarini chin yuragidan yaxshi ko‘rishi kerak. Biz samarqandliklar Shavkat Mirziyoyevni bunday insoniy xislatlarini yaxshi bilamiz va qadrlaymiz. Mening nazarimda, Shavkat Mirziyoyevning islohotlari kirib bormagan biror qishloq, tuman qolgani yo‘q. Taqdiriga taʼsir qilmagan inson ham bo‘lmasa kerak. Prezident hattoki, muhojirda yurgan yurtdoshlarimiz muammolariga ham befarq qaramaydi. “Yuksalish simfoniyasi” da taʼkidlanganidek, 10 yil davomida O‘zbekiston agrar davlatdan sanoatlashgan qudratli mamlakatga aylandi. Dastlab, mustabid tuzum davrida, qolaversa, mustaqilligimizning 25 yilida biz qishloqni sanoatlashtira olmagan edik. Bugun sanoatlashmagan birorta tuman qolmadi…




































