Muhabbatning sharti emas yetmoqlik, muhabbatning sharti jim termulmoqlik
Fleshbek
Badiiy kitoblarga bo‘lgan qiziqishim Samarqand davlat universitetiga talabalikka tavsiya etilganimdan so‘ng, yanada oshdi. Shu sababli, kursdosh do‘stimdan badiiy asar tavsiya etishini so‘radim. U ruhiyatimga mos ravishda Abduqayum Yo‘ldoshevning “Sunbulaning ilk shanbasi” asarini tavsiya qildi. Kitob menda juda katta taassurot qoldirdi.
Asar haqida
“Sunbulaning ilk shanbasi” qissa janrida bo‘lib, u Abduqayum Yo‘ldoshev tomonidan 1992-yilda yozilgan. Ushbu qissa Abduqayum Yo‘ldoshevning "Ishq afsunlari" nomli qissalar to‘plamiga kiritilgan. Ushbu qissa yoshlar orasida juda ommalashgan asarlar qatoridan o‘rin olgan.
Syujet
Asar, Abqudayum xonadoshining barcha uchun "g'alati" tuyilgan harakatlari ta'rifi bilan boshlanadi. Hamxonasining hammaning e'tiborini tortadigan bunday harakatlaridan u kutilgan shanba kuni yaqinlashayotganini tushunib yetar edi.
Bir kuni Abduqayumning xonadoshi tinmay yo‘talib, qattiq betob bo‘lib qoladi. Oradan biroz vaqt o‘tgach u ishga kelmaydi. Hamsoyasi uning tunda ahvoli og‘irlashib, shifokorlar kasalxonaga olib ketishganini aytadi.
Xonadoshini shifoxonaga olib ketishganining 3-kuni Abduqayum bemor holidan xabar olish uchun boradi.
Hamxonasi uni shifoxonadan olib ketishini yolvorib so‘raydi. Lekin ahvoli yaxshi emasligi tufayli shifokor unga ruxsat bermaydi. O‘sha tunda u derazadan qochmoqchi bo‘ladi lekin, bu ishni eplolmay qattiq jarohatlanadi. Natijada, qochib ketmasligi uchun uni bog'lab qo‘yishadi.
Juma kuni Abduqayum xonadoshining yoniga keladi.
Xonadoshi Abqudayumga shanba kungi uchrashuvga uning o‘rniga borishini va vaziyatni tushuntirishini so‘raydi.
Abduqayum rozilik bildiradi. Xonadoshidan Navoiy teatri yonida joylashgan favvoralar atrofidagi, kumush tusli ustunlar yoniga borishi kerakligini biladi. Ammo kim bilan uchrashishi kerakligini bilishga kelganda xonadoshi faqatgina "Juda... Boshqacha...Suluv... Juda..." degan javobdan boshqa narsa aytolmaydi.
Abduqayum aka belgilangan joyga boradi va o‘ziga qarab kelayotgan bir nechta "Suluv" qizlarning yoniga borib, vaziyatni tushuntiradi.
Shunda, kun oxirrog'ida qo‘lida bolasi bor bir ayolning yoniga borib, unga ham
vaziyatni tushuntiradi. U "Azimjonim" debmi, "Izmjonim" debmi shivirlaydi ammo Abduqayum buni tushunolmaydi.
Ertasi kuni Abduqayum aka xonadoshining yoniga keladi va kecha bo‘lgan voqealarni birma-bir aytib beradi.
Oxirgi ayol haqida aytib berganda bolasining ismini eshitib, u kutgan ayol shu ekanligini tushunadi va barcha sirlarni aytib beradi...
Hamxonasi Abduqayumga endi u bora olmasligini aytib, bu yil ham yana borishini iltimos qiladi.
Bu orada Abduqayum akaning xonadoshi vafot etadi.
Biroz vaqtdan keyin hamxonasi aytgan "Suluv" Abduqayum bilan bog'lanadi. Abduqayum unga xonadoshi vafot etganini yetkazadi.
Bu yil Sunbulaning ilk shanbasida"Suluv" ning o‘rniga singlisi kelib opasining olamdan o‘tganini aytadi.
Abduqayum bo‘lib o‘tgan hodisalarni ikki inson muhabbatiga qilingan shavqatsizlik deb hisoblaydi...
Asar tahlili
Abduqayum Yo‘ldoshevning "Sunbulaning ilk shanbasi" qissasi sintimentalizm (Sintmentalizm - frans. "his tuyg'u" ) asosiga qurilgan desak mubolag'a bo‘lmaydi. Ushbu qissa azaliy va abadiy muhabbat mavzusida. Asar qahramonlarining bir-biriga bo‘lgan sof muhabbati nafaqat Abduqayumni balki, ushbu qissani qo‘liga olgan har bir kitobxonni hayratga soladi.
Hamxonasining o‘lim oldi holati insonni befarq qoldirmaydi. Xonadoshining betobligi tufayli Abduqayum unga qalban yaqinlashadi. Bu holatda biz yozuvchi asardagi Abduqayum obrazida chin insoniylik hislatlarini aks ettirishga uringanini ko‘ramiz. Suluvning singlisi keltirgan xatni ochib o‘qishidan bosh tortganida esa o‘zbek xalqiga xos milliy andisha ko‘zga tashlanadi.
Suluvning boshqa kishiga turmushga chiqqaniga qaramasdan, har yili sunbulaning ilk shanbasida va'daga vafo qilib, belgilangan joyga kelishi, Abduqayum aka hamxonasining esa sevganiga yetisha olmasligini bilib ham boshqa qizga uylanish hayoliga ham kelmasligida, shuningdek, ular bir-birlari bilan gaplashmasa ham shunchaki bir ko‘rish bilan cheklanishlarida chegarasiz muhabbatni ko‘rishimiz mumkin.
Bu vaziyatda beixtiyor kitobxon hayoliga ushbu jumlalar keladi: "Muhabbatning sharti emas yetmoqlik, Muhabbatning sharti jim termulmoqlik".
Bundan tashqari, hamxonasining vafotidan so‘ng Abduqayum uning xonasidan ijod mahsuli bo‘lgan she'rlarni topadi. Ushbu she'rlar orasida
"Yana tushlarimga kirib keldimi,
Unutdim desam-da unutmaganim.
Yana hushlarimga qutqu soldimi,
Kutmayman desam-da doim kutganim" bandi bilan boshlanuvchi "shig'ir" da uning Suluvga bo‘lgan muhabbati avj olayotganini sezishimiz mumkin.
Asarni o‘qish davomida kitobxonda bir nechta savollar tug'ilishi mumkin. Jumladan, Nega Suluv aynan "Izmjonim" dedi? Bu ismni ularning munosabatiga qanday aloqasi bor? kabi.
Iqtiboslar:
1. “Erkak kishining yig'isiga guvoh bo‘lishdan og'irroq vaziyat yo‘q: na yupatishni bilasan, na pand-nasihatni, na do‘q-po‘psani...
2. Dangasaning ertasi tugamaydi.
3. ... bug'doy ichida o‘sgan , g'allakor mehnati neligini bilgan odam hech qachon nonni tepmaydi.
4. ... kishiga mavhumlikdan yomoni bo‘lmas ekan.
5. ... ko‘ngilning ko‘zi ko‘r, muhabbat na yosh tanlaydi va na husn...
6. Vaqt holis zamona farmonlariga,
Dilimni o"rtagan azoblar yitmas.
Davo topgum dedim armonlarimga,
Yetti yil yetmadi,
Yetmish yil yetmas.
7. Uydagi gap ko‘chaga to‘g'ri kelmaydi.
8. ... har bir odamning o‘zi- sirli olam.
9. Oilaviy mojaroni qalamga olishdan og'iri yo‘q.
10. E, dunyoi qo‘tir, nechun qayg'ularing bu qadar ko‘p, nechun shodliklaring bu qadar kam? ...”
Xulosa
Avvalo, men badiy adabiyotga qiziqishi bo‘lgan har bir kitobxonga ushbu asarni o‘qishni tavsiya qilaman.
Asarda inson qalbida mavjud muhabbat tuyg'usi juda ham chiroyli tarzda, hissiyotlarga boy qilib tasvirlangan. Ushbu asarni o‘qigan har bir inson, u necha yoshda bo‘lishidan qat'iy nazar o‘ziga kerakli xulosani oladi.
Bahora Abdujalolova,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi

