Uch oyda yozib tugatilgan, nashr etilishi 62 yil kutilgan asar

Fleshbek
Ushbu asarni 2021-yilning iyun oylari, ayni sessiya vaqtida o‘qib chiqqan edim. Oldimda sessiya, ilmiy kitoblardan bezgan va ko‘ngil aynan bir yaxshi asarga ehtiyoj sezgan payt edi. O‘qish davomida ko‘pgina o‘zbek adabiyoti namunalarini o‘qiganim uchun jahon adabiyotidan nimadir o‘qigim kelgandi. Taniqli rus yozuvchisi Mixail Bulgakovning “Ityurak” asari bunga ayni muddao bo‘ldi. Muqovasida yozilgan 3 oyda yozib tugatilgan, nashr etilishini 62 yil kutgan asar degan izoh ham menda asarga nisbatan yanada qiziqish uyg‘otgandi.
Asar haqida
Bu qissa 1925-yil yanvar oyidan martga qadar yozilgan. 1926-yil Bulgakovga bo‘lgan tintuv davomida asar qo‘lyozmasi tortib olingan. 1960-yillarda asar samizdat (adabiy asarlarning norazmiy va senzurasiz ishlab chiqarish usullari) sifatida tarqalgan. 1967-yili Bulgakovning bevasi Y.S.Bulgakovaning harakati tufayli asarning nusxasi G‘arbga berib yuborilgan va 1968-yilda Frankfurtdagi “Grani” va Alek Flegonning Londondagi “Student” nomli rus jurnallarida chop etilgan. 1987-yildagina Rossiyadagi “Знамя” jurnali o‘z sahifalariga bosishga jur’at etdi. Xullas, Bulgakovning “Ityurak” asari 62 yildan so‘nggina bosilib chiqdi.
Syujet
Sovuq qish kunlarining birida Sharik laqabli it och qolgan va sovqotgan ahvolda Moskva ko‘chalarida biron saxiy odam izlab daydib yurardi. Baxtiga Filip Filipovich ismli mehribon kishi uchradi va uni o‘z uyiga taklif etdi. Bu mehribon janobning uyida kiyimidan yoqimli hid kelib turadigan qiz (Zinaida Prokofevna) ni, oshpaz ayol Darya Petrovnani, professorning shogirdi Ivan Arnoldovich Bormentalni uchratadi. It boshda professorga nima uchun kerakligini tushunmaydi, go‘yoki o‘zini aslzoda itlar naslidan deb o‘ylaydi. Filip Filipovich Preobrajinskiy (qobiliyatli jarroh)ning asl maqsadi keyin namoyon bo‘ladi. U shogirdi Ivan Arnoldovich bilan bechora Sharik ustida operatsiya o‘tkazishadi, ya’ni inson gipofizini itga ko‘chirib insonni yoshartirish yo‘lidagi tadqiqotini sinab ko‘rishmoqchi edi. Afsuski, bu butunlay aks natija beradi. Qandaydir mo‘jiza sabablimi, yoki itning joni qattiqligidanmi, Sharik tirik qoladi va asta-sekin odamga aylana boshlaydi.
Itning odamga aylanishi to‘g‘risidagi voqealar Bormentalning kundaligi orqali yoritila boshlaydi. Operatsiyadan omon qolgan it asta-sekin odamlik qobiliyatlarini namoyon qila boshlaydi: yunglari to‘kiladi, ikki oyoqda yuradi, ko‘p so‘zlarni talaffuz eta boshlaydi. Itning odamga aylangani ko‘pgina kishilarni qiziqtira boshlaydi. Lekin professor qilgan ishidan mamnun emas edi.
Bu orada it kommunist Shvonder ta’siriga tushib qoladi va Shvonder uni Filip Filipovich va Ivan Arnoldovich misolida burjua zulmidan azob chekayotgan proletar ekaniga ishontiradi.
Uy xo‘jaligi komissiyasi raisi bo‘lgan Shvonder Sharikga ish berib, Filip Filipovichdan unga ism berilishini talab qiladi va Poligraf Poligrafovich Sharikov degan nomni oldiradi. Sharikov bu orada professor va Bormentalni haqoratlashni, uydagi ayollarning tinchini buzishni, uydagi narsalarni o‘g‘irlashni boshlaydi.
Oxir-oqibat Sharikov professor ustidan yozadi, shunda Filip Filipovich va Bormental unga uydan chiqishini talab qiladi, biroq “o‘z huquqlarini anglab olgan” Sharikov buni qat’iyan rad etib, ularga to‘pponcha bilan tahdid qiladi. Shundan so‘ng, toqati toq bo‘lgan professor endi uni qayta operatsiya qilib, yana o‘zining it holiga qaytaradi.
Tahlil
Mixail Bulgakovning “Ityurak” (“Собачье сердце”) asari menda boshqacha taassurot qoldirdi. Birinchidan, bu asarda it obrazi orqali insonlarga xos bo‘lgan ayrim nopok xususiyatlar ochib berilganidir. Sharik – daydi va faqat qornini to‘ydirishni o‘ylaydigan beozor it, insonga aylangach batamom o‘zgaradi: haqoratlashni, zaiflarga ozor berishni, odamlar ustidan ig‘vo qilishni o‘rganadi. Vaholanki, u it bo‘lganida bular hatto xayoliga ham kelmas edi. Bulgakov bu orqali asl zarar hayvonlardan emas, balki razil insonlardan kelishini ko‘rsatib beradi.
Ikkinchidan, asarda Rossiyadagi 1920-yillardagi tuzumni ochib berishga xizmat qilgan. Shvonder obrazi buning yaqqol namunasidir. U o‘zini faol kommunist deb biladi va boshqalarga ham xuddi shu g‘oyani singdirmoqchi bo‘ladi. Professorga hasad qilgani uchun ham Sharikovni professorga qarshi gij-gijlaydi. Vaholanki, o‘zi tarbiya qilgan Sharikov asar so‘nggida itga aylanib qoladi. Bu bilan yozuvchi go‘yoki Sharikovdek insonlarning qismati shunday tugaydi, demoqchi bo‘ladi.
Asardagi Filip Filipovich obrazini ham oqlash kerak emas. U baribir beozor itda bunday operatsiyani sinab ko‘rishini to‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Biroq, u bu operatsiya orqali odamlarga yordam bermoqchi edi. Nazarimda, bu obrazdan har bir ishning oqibatini yaxshilab bilgan holda qilish kerak, degan xulosa chiqadi.
Sharikov odam bo‘lishga qanchalik urinsa-da, baribir itligicha qoldi. Uning miyasi insonniki bo‘lgani bilan yuragi itniki bo‘lgani uchun odam bo‘la olmadi. Yaxshi va yomonni farqlay olmadi. Uning sodda it yuragi nopok fikrli kimsalarga osongina aldandi.
Xulosa
Asar yozilganiga salkam 100 yil bo‘lgan bo‘lsa-da, haligacha bugungi kunga dolzarbligini yo‘qotmagan. Undagi personajlar hozir ham jamiyatimizda uchraydi. Sharikovga o‘xshagan it yurakli; o‘z fikriga ega bo‘lmagan, shu sababli har qanday inson ta’siriga tushib qoladigan kimsalar yo‘q emas. Shu bois, biz yoshlar ogoh bo‘lishimiz, mana shunday kishi bo‘lib qolishdan saqlanishimiz lozim.
“Ityurak” asarini barcha mamlakat taqdiriga befarq bo‘lmagan yoshlarga tavsiya qilar edim. Zero, asar ularga kerakli fikr va ma’naviy ozuqani bera oladi.
Iqtiboslar
- Ammo ko‘zlar... Bu shunday narsaki, uzoqdan ham, yaqindan ham o‘zgarmaydi, adashtira olmaysan. Xuddi barometrga o‘xshaydi ular. Ko‘zga qarab, odamning qalbida nimalar kechayotganini bilish mumkin, hammasini payqasa bo‘ladi: kimning qalbi Sahroyi Kabir singari bo‘m-bo‘sh, kimdir hech nimadan-hech nima yo‘q etigi bilan qovurg‘angga nuqib qoladi, ba’zi birovlar esa o‘zlaridan-o‘zlari «pirr» etgan narsadan qo‘rqib yurishadi.
- Vayronagarchilik hojatxonada emas, kallalarda yuz beradi. Shuning uchun yo‘g‘on ovozli bu ashulabozlar «vayronagarchilik yo‘qolsin!», deb qichqirganlarida, mening kulgim qistaydi. (Filipp Filippovichning yuzi shunday burishib ketdiki, oyog‘i tishlangan kimsaning hayratdan og‘zi ochilib qoldi). O‘lay agar, judayam kulgili... Demak, ular o‘zlarining bo‘yinlarini mo‘ljallab urishga da’vat qilishyapti, shunday emasmi? Urib-urib, miyalaridan har xil xomxayollarni chiqarib tashlashsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri og‘ilxonalarni tozalash, ya’ni o‘z vazifalarini bajarish bilan shug‘ullanishsa, hammasi joy-joyiga tushardi-qo‘yardi. Ikki xudoga sig‘inib bo‘lmaganidek, bir vaqtning o‘zida ham tramvay yo‘lini supurish, ham qandaydir ispan yalangoyoqlarining taqdirini hal etish mumkin emas. Bu hech kimning qo‘lidan kelmaydi, doktor, ayniqsa, Yevropaliklar taraqqiyotidan 200 yil orqada qolib ketgan va hanuzgacha o‘z ishtonining tugmasini aytarli ishonch bilan qaday olmaydigan odamlar uchun bu mumkin bo‘lmagan ish.
Odam hech qayoqqa shoshilmasa, hamma narsaga ulguradi.
Qiziqarli faktlar
- Hikoya davomida professor Preobrajenskiy tinimsiz “Sevilyadan Grenadagacha... Tunlarning sokin qo‘ynida” qo‘shig‘ini kuylaydi. Bu satr Chaykovskiyning "Don Juan serenadasi" romansidan olingan bo‘lib, uning misralari A. K. Tolstoyning "Don Xuan" she'ridan olingan.
- Ehtimol, professor Preobrajenskiyning prototipi muallifning tog‘asi, onasining ukasi, ginekolog Nikolay Mixaylovich Pokrovskiy edi. Uning kvartirasi Filipp Filippovichning kvartirasining tavsifi bilan batafsil mos keladi va qo‘shimcha ravishda uning iti bor edi. Bu fikrni Bulgakovning birinchi rafiqasi T.N.Lappa ham o‘z xotiralarida tasdiqlaydi. Professor Preobrajenskiy bemorlarining prototiplari yozuvchining tanishlari va o‘sha davrning taniqli jamoat arboblari edi. Ammo boshqa farazlar ham mavjud.
- Tibbiy amaliyotda jarroh Serj Voronov "maymun bezlari"ni ko‘chirib o‘tkazishni rivojlantirishga harakat qildi. Voronov usuli 1920-yillarda ancha moda edi . Shoir Edvard Astlin Kammings "millionerlarga maymun bezlarini joylashtirgan mashhur shifokorni" maqtagan, chikagolik jarroh Maks Torek "tibbiy elitaning boshqa oddiy yig‘inlari kabi dabdabali ziyofatlar va ziyofatlar pichir-pichirlarga to‘lganini" eslaydi. Jurnalist Tatyana Bateneva "Izvestiya" gazetasi sahifalarida Mixail Bulgakovning "Ityurak" (1925) asarining qahramonining prototipi Voronov bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilgan. Chunki professor Preobrajenskiy ham "yoshartirish" bo‘yicha professional amaliyotchi, maymun tuxumdonlarini badavlat mijozlarga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha ishlarni amalga oshirgan.
- Professor Preobrajenskiy shikoyat qilgan va Shvonder boshqargan uyqo‘mitalari inqilobdan keyin haqiqatan ham juda yomon ishlagandilar. Misol tariqasida, 1918-yil 14-oktyabrdagi Kreml aholisiga yo‘riqnomani keltira olamiz: “Uy qo‘mitalari qonun bilan o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni umuman bajarmayapti: hovli va maydonlar, uylar, zinapoyalar, koridorlar va xonadonlardagi ifloslik dahshatli. Kvartiralarning chiqindilari bir necha hafta davomida olib tashlanmaydi, u zinapoyada turib, infektsiyani tarqatadi. Narvonlar nafaqat yuvilmaydi, balki supurilmaydi ham. Hovlilarda haftalab go‘ng, axlat, o‘lik mushuk va itlarning jasadlari yotibdi. Yo‘qolgan mushuklar infektsiyaning doimiy tashuvchisi bo‘lib, hamma joyda yurishadi. Shaharda Kremlga kirib kelgan va allaqachon o‘limga sabab bo‘lgan "ispan" kasalligi bor... "
- Abirvalg (Абырвалг) - Sharikning itdan odamga aylanganidan keyin aytgan ikkinchi so‘zi - teskari "Glavryba"( Главрыба) so‘zi - 1922-24-yillarda oziq-ovqat xalq komissarligi qoshidagi baliqchilik va davlat baliq sanoati Bosh boshqarmasining nomidir. RSFSR baliq ovlash joylarini boshqaruvchi asosiy xo‘jalik organi. Xuddi shunday tuzilgan birinchi so‘z "abir" (абыр) "baliq"so‘zidan olingan edi. Sharik bu so‘zni teskari tartibda talaffuz qildi, chunki u it sifatida o‘ngdan chapga o‘qirdi.
- “Agata Kristi”nomidagi rok guruhi Sharikning so‘zlariga asoslangan “Собачье сердце” nomli qo‘shiq yozgan.
Mashhura Kamolova,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi