Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti talabasi Sanjar Isomiy ijodidan
Qirg‘og‘i toraygan qutlug‘ daryoga,
Sho‘ng‘idim, vujudim cho‘g‘lari o‘chdi.
Cho‘zilsam mo‘ysafid, miskin dunyoga,
Ko‘ngilga pishqirgan sokinlik ko‘chdi.
****
Tasavvur qopini ming zarra misol,
Sochib yuborsam men yetti iqlimga.
Ishq deya atalgan anavi dajjol,
Kishan sololmaydi bedor aqlimga.
****
Ortimdan ergashgan soyani quvlab,
Qoshimga yelib kel, ey adoyi qalb.
Ko‘ngilning kesilgan torlarin ulab,
Qonsiz qovjiragan qorachiqdan balq!
****
Qovurg‘am nigohi nafratga to‘la,
Ayriliq hasrati faqat unga xos.
Yolg‘onga evrilgan haqiqat o‘lat.
Beg‘amlik ko‘liga cho‘kmoqda xolos.
****
Ro‘yobga shaylangan ozurda tushning,
Qafasi nuraydi to‘rt tomonidan.
Cho‘qqida qanoti g‘ajilgan qushning,
Dardini tingladim, tomchi qonidan.
****
Tizlagan tuyg‘uning boshini yordim,
Kunlar tundek o‘tar, hasrat bo‘lmasa.
Dardimni mo‘ysafid jomdan sipqordim.
Endi ko‘ngil to‘lmas, qadah to‘lmasa.
Sanjar Isomiy

