Qimor. Bu so‘zning quloqqa eshitilishidanoq kishini qandaydir vajohat bosadi. Nega? Chunki qimor - bu ishtirokchilar o‘rtasida bellashuv va raqobat, xatarga asoslangan. Unda g‘olibning mukofoti mag‘lubning mulki evaziga paydo bo‘ladi. Qimor halol mehnat qilinmasdan tasodifiy omad hisobiga pul topish bo‘lganligi sababli ham Islom dinida qoralangan. Ushbu o‘yin ta’sirida ko‘plab oilalarning buzilib ketayotganligiga, yosh-o‘spirinlarning ham hatto butun bir hayoti izdan chiqayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.            

    Bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri ham aynan shu o‘yin bilan bog‘liq. Lekin u butunlay yangicha ko‘rinishda, hozirgi davr insonlarining butun hayotini egallab olgan virtual olamda bo‘y ko‘rsatmoqda. Nom ham shunga mos: “Onlayn qimor”. 

    Onlayn qimor hozirgi kunda internet olamidagi “eng mashur” o‘yin. Uning qimor dunyosiga tez sur’atlarda yoyilishi va har yili real bo‘lmagan daromadlarning o‘sishi dunyoning ko‘plab mamlakatlari aholisining aldanib qolishiga sabab bo‘lib kelmoqda.

    Insonlarning ko‘pchiligi muvaffaqiyat, omad va boylikka tezda erishishni istaydi va buning yo‘llarini qidira boshlaydi. “Hech qanday mehnatsiz mo‘maygina pul ishlab olish” ularni aynan jinoyat ko‘chasiga olib boradi. Hozir ham aynan shunday kimsalar onlayn qimorning qurboni bo‘lib qolmoqda. Qimor ham insonlarni o‘ziga xuddi giyohvand moddalar singari o‘rgatib qo‘yadi va asta-sekin o‘z domiga torta boshlaydi. Bu o‘rgimchak to‘riga asosan yoshlarning ilinib qolishi esa juda achinarli holat. Yon-atrofimizda bo‘layotgan voqea-hodisalarning guvohi sifatida, bu o‘yin ko‘pchilik insonning taqdirida tub burilish yasab yubordi. Jumladan, Pastdarg‘om tumanida va Farg‘ona viloyatida o‘spirin yoshlarning onlayn qimor o‘yinida katta mablag‘ni yutqazib qo‘yishi sababli o‘z joniga qasd qilishi yuqoridagi fikrlarimizning yaqqol isotidir.

    Hozirgi kunda bu qimor ba’zi yoshlarning asosiy mashg‘ulotiga aylanib ulgurdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo bu yo‘lning oxiri insonni jarga yetaklashini, yon-atrofida bo‘layotgan voqealarni kuzata turib ham bu ishga qo‘l urish kishini tashvishga soladi. Nahotki, insonlarning ayrimlari to‘g‘ri xulosa chiqarishni bilmaydi? Yoki egri va oson yo‘l bilan boylik orttirish ularni hech bir qabihlikdan qaytarmasa?!

    Har bir inson o‘z-o‘zini nazorat qilishni bilsagina, bu illatga ruju qo‘ymaydi. Fikrlarim so‘ngida barcha yurtdoshlarimizga qarata shuni aytmoqchimanki, ogoh bo‘laylik! Ogoh! Ko‘plab jinoyatlar, jumladan,o‘g‘rilik, o‘z-o‘zini o‘ldirish kabilarga sabab bo‘layotgan bu aldovchi, firibgarlar makoni bo‘lgan o‘yinga aldanib qolmaylik. Zero, bu yo‘lning oxiri afsus va nadomatlarga to‘ladir.

 

Sevinch Sharofova

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi