Qo‘shrabot tumanidagi 75-, 77-, 81- va 82-umumta’lim maktablarining biologiya fan to‘garagiga a’zo iqtidorli o‘quvchilari uchun Samarqand davlat universitetiga sayohat uyushtirildi.  O‘quvchilar universitetning ilmiy salohiyati, zamonaviy laboratoriyalari hamda biologiya va biokimyo yo‘nalishida olib borilayotgan tadqiqotlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

    Yoshlarni Samarqand davlat universiteti Biokimyo instituti faoliyati bilan taniqli olim, Jahon fiziologlar jamiyati akademigi, Rim universiteti hamda Samarqand davlat universiteti professori Bakriddin Zaripov tanishtirdi. SamDU da olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, zamonaviy uskunalar imkoniyati hamda biologiya fanining bugungi kundagi dolzarb yo‘nalishlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

    Ekskursiya davomida o‘quvchilar Markaziy Osiyoda yagona hisoblangan Zoologiya muzeyi bilan tanishib, unda saqlanayotgan noyob hayvonot dunyosi namunalarini ko‘zdan kechirdilar. Shuningdek, ular ilmiy tajribalar o‘tkaziladigan vevariy laboratoriyasi faoliyati bilan tanishib, laboratoriya sharoitida olib boriladigan tadqiqotlar jarayoni haqida tasavvurga ega bo‘ldilar.

    Bundan tashqari, yoshlar Nobel mukofoti laureati, mashhur biokimyogar Aziz Sanjar nomidagi zamonaviy laboratoriyada bo’ldilar. Universitet hududida joylashgan oranjeriya ham o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda turli iqlim sharoitiga mos o‘simliklar parvarish qilinib, ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib borilayotgani haqida ma’lumot berildi.

    Mazkur tadbir Samarqand davlat universiteti hamda Qo‘shrabot tuman hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Sayohatdan ko‘zlangan asosiy maqsad  o’quvchilarni ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni ilmiy izlanishlarga jalb etish hamda kelajakda biologiya va biokimyo sohalarida yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishiga rag‘batlantirishdan iborat.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.