Unabi (Chilonjiyda) o‘simligi haqida nimalarni bilamiz?
Bugungi kunda dunyo mevachiligida xususan unabi ko‘chatlarini yetishtirish, bog‘larini barpo qilish va yalpi hosil miqdorini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, dunyo bo‘yicha hozirgi kunga kelib, subtropik meva guruhiga kiruvchi unabining jami barpo etilgan bog‘ maydoni 410 ming gektar bo‘lib, yalpi hosil 7,5 mln. tonnani tashkil qiladi. Unabi Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya, Afg‘oniston, Pokiston, AQSH va Rossiya kabi davlatlarda katta miqdorda yetishtiriladi. Xitoyda intensiv tipdagi unabi bog‘lari qariyb 200 ming gektardan ortiq maydonda barpo qilingan. Unabi mevalarini yetishtirish oziq-ovqat xavfsizligi globallashib borayotgan bugungi kunda hosildorlikni oshirish va sifatli hosil olish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Chilonjiyda mevasi tarkibida o‘rtacha 25-32 %, quritilganda 63,8 % gacha shakar, 2,6- 3,4 % oqsil, 3,7 % gacha moy, 10 % gacha tannid moddasi, 250-1300 mg % gacha C vitamini, kaliy, magniy va pektin moddalari mavjud.
Tibbiyotda shamollashga qarshi, immunitetni oshiruvchi, qonni suyultiruvchi, nerv sistemasini tinchlantiruvchi, yurak tomir kasalliklari, ayniqsa qon bosimiga qarshi va qon tarkibidagi xolesterin moddasini kamaytirish uchun foydalanaliladi. Unabi mevasinidagi vitaminlar miqdori limon va apelsinga qaraganda 10-15 barobar ko’pdir. Bu dorivorlik xususiyati, balki mevali o’simlik sifatida ham alohida e’tiborga molik. Shu sabab ko’pgina davlatlarda uning yirik mevali serhosil navlari yaratilgan.
Bundan tashqari, unabi daraxti qurg‘oqchilikka, issiq, sovuq, kasallik va zararkunandalarga chidamli bo‘lib, uzoq umr (300 yilgacha) ko‘radi. Tez hosilga kiradi, har yili muttasil yaxshi hosil beradi. Tuproq tipi va relyefga unchalik talabchan emas. Unabining mevasi yirik, xushbo‘y va mazali. Uning oziq-ovqat sanoatidagi ahamiyati katta. Yirik mevali navlari faqat oziq-ovqat sanoatida ishlatish maqsadida yetishtiriladi va maxsus plantasiyalarda o‘stiriladi. Shu maqsadda O‘zbekiston sharoitida unabining bir qancha yirik mevali navlari o‘rganilib va keng miqyosda o‘stirish tavsiya etilgan.
Olimlarimiz olib borayotgan tadqiqotlarida unabi urug‘larining unuvchanligini oshirish, sifatli ko‘chatlarni tezkor yetishtirish, mo‘l va sifatli hosil olish agrotexnik elementlarini takomillashtirish masalalari muhim ahamiyatga ega. Bu masalalarni hal etish esa respublikada ushbu qimmatli meva bog‘larini barpo qilish uchun tezkor ko‘chat yetishtirish, unabi bog‘larining hosildorligi, meva sifati hamda ishlab chiqish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti, agrokimyo va o‘simliklarni himoya qilish kafedrasi qishloq xo‘jaligi falsafa fanlari doktori (PhD) Lola Xolmirzayeva aynan ushbu o‘simlikni o‘rganib, ilmiy tadqiqotlar olib borgan.
- Unabi mevasining ta’mi yoqimli, u qurutilgan va quritilmagan holda iste’mol qilinadi. Unabi mevasi terilgandan so‘ng soya yerda quritiladi va shu xolatda saqlanadi va iste’mol qilinadi, - deydi Lola Xolmirzayeva. - Ayniqsa, unabi mevasidan qandolatchilikda va konserva sanoatida keng foydalaniladi. Mevasidan sharbat, murabbo, ichimliklar va konservalar va shirinliklar tayyorlashda foydalaniladi. Unabining asosiy dorivorligi tarkibida ko‘p miqdorda rutin moddasi mavjud. Mevasida rutin moddasining mavjudligi tufayli u gipertoniya kasalligiga chalingan insonlar uchun qimmatli hisoblanadi. Bu daraxat asosan O‘zbekistonning tog’oldi hududlarida o‘sadi. Unabi to‘rt-besh yildan boshlab hosil bera boshlaydi. O‘ttiz-qirq yoshdan boshlab serhosil daraxtga aylanadi, har yili meva soladi. Olti-yetti yoshli daraxtlar 18-20, o‘n besh-yigirma yoshlilari esa, 50 kilogramgacha hosil beradi.
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Shavkat Akramov olgan surat

