Birinchi qismni o‘qish

2

    – Ikki kun oldin Sohibaga hayitlik keluvdi. Shuni tarqatish bahona kelaverdim, - dedi aya nevaralari bilan ko‘rishgach.

    – Ha, yaxshi qilibsiz, oyi. O‘zi nevaralaringiz ham sizni juda sog‘inishgandi. Aslini olganda-ku, hayit kuni o‘g‘lingiz bilan sizni ko‘rgani bormoqchi bo‘lib turuvdik, lekin kollektiv bilan o‘tirishlari chiqib qoldi.

    – Tushunaman, qizim. Ishli odam shu-da.

    – Bugunam kallai saharlab chiqib ketdilar. Har kuni shu. Erta ketib, kech qaytadilar.

    – Shanba kuni ham shunaqa ko‘p ishlaydimi?

    – Shanba-ku shanba, hatto yakshanba kuniyam dam olmaydi ko‘pincha.

    Mavjuda ayaning shashti pasaydi. Kech tushmasdan qishloqqa qaytmoqchi edi, O‘ktam qorong‘u tushganda kelsa keyin nima qiladi? Kamiga qizi Marg‘ubanikiga ham kirib chiqishi kerak.

    O‘ktamjon shomga yaqin uyga kirib keldi. Ona-bola yuzma-yuz o‘tirib uzoq gaplashishdi. Ammo na O‘ktamjon, na Maftuna bugun qanday kunligini eslamadi. Ayaning o‘zi ham nokamtarlik qilib eslatib o‘tirishni o‘ziga lozim ko‘rmadi. Shomga yaqin yo‘l tadorigini ko‘rdi. O‘ktamjon „Qoling“ deb qistasa ham ko‘nmay, yo‘lga chiqdi. O‘g‘lining bugungi kun haqida eslamaganidan qattiq ranjisa-da sirtdan bildirmaslikka harakat qildi. “ Aslida ayb o‘zimda,-ichida o‘ylay boshladi aya, - necha yillardan beri tug‘ilgan kunimni nishonlattirmayman. Bolalar ish-u tashvish bilan bo‘lib, unutib yuborishgan-da”.

    Marg‘ubalarning uyi besh qavatli binoning to‘rtinchi qavatida. Mavjuda aya qizining uyiga  yetguncha hansirab, yuragi bo‘g‘ziga tiqilib qolgandek bo‘ldi. Marg‘uba, boshiga ro‘mol tang‘ib olgan, beliga peshband tutgan, aftidan ovqat taraddudida yurgan bo‘lsa kerak, oyisini sevinib qarshi oldi. Ona-bola mehmonxonaga kirishdi. Choy ustida Marg‘uba hammaning holini so‘rab chiqdi. Aya qizining to‘xtovsiz yog‘dirayotgan savollariga „Yaxshi, yaxshi“ deya javob berarkan, toqatsizlandi.

    – Sohibaga hayitlik keluvdi. Shundan sizlarga ham olib keldim.

    – Buncha yaxshi. Kecha Maryamnikilar ham kelishuvdi. Anchagina holva olib kelishibdi. Ish ko‘pligidan hali tarqatishga ulgurmadim.

   Aya qizini bosh irg‘agan ko‘yi eshitarkan, ichida o‘ylardi: “Marg‘ubaning unutishi mumkinmas. Sana yodiga tushsa bo‘ldi, aniq eslaydi. Keyin aya qiziga diliga tugib qo‘ygan niyatini aytadi. U yog‘ini Marg‘ubaning o‘zi O‘ktamjonga yetkazadi.”

   Qiz tushmagur hol-ahvol so‘rab bo‘lingach, u dedi-bu dedi, axiyri gapni o‘zi tarafga burib, ko‘ngilchan eridan nolishga tushdi. Undan keyin ro‘zg‘orining kami bitmasligidan diydiyo qildi. Katalakdek xona ayaning yuragini siqqandek bo‘lib, biroz bezovtalandi. Qizi bo‘lsa hamon nolishda davom etar, uni tinglay-tinglay charchagan aya qorong‘u tushmasdan qishloqqa qaytishi kerakligini eslatdi. Marg‘uba qo‘yarda-qo‘ymay, ayaning oldiga ovqat keltirdi. Aya bir-ikki qoshiq totgan bo‘ldi-yu, yuziga fotiha tortdi.

    – Men boray. O‘zi shundog‘am kechga qoldim.

    – Qolsangiz bo‘lardi, oyi. Ertaga ertalab kuyovingiz oborib qo‘yaardi.

    – Qo‘yaver  qizim. O‘rgangan joyim. Bilasan, begona joyda ko‘zimga uyqu kelmaydi.

     Aya eshik zulfinini tushirayotgandi hamki, Marg‘ubaning hovliqqan ovozi eshitildi.

    – Vooy, oyi. Buni qarang, sal qolsa yodimdan chiqay debdi...

   „Eslabdi, - xayolidan o‘tkazdi aya, - va nihoyat...“.

    – Maryamning hayitligidan berib yubormoqchiydim. Hozir, ikki daqiqa kutib turing.

   Ayaning hafsalasi pir bo‘ldi. Shu tobda hayot tashvishlariga o‘ralib qolgan qizidan ham, bir necha yillardan beri tug‘ilgan kunini nishonlamay qo‘ygan o‘zidan ham qattiq ranjidi.

    – Mana, oyi. Qishloqdagi qarindoshlarnikini ham soldim. O‘zingiz uzatarsiz.

    Marg‘uba hayitlik solingan og‘ir sumkani ayaga uzatdi.

    Mavjuda aya qizinikidan chiqqanda, allaqachon shom tushgan, xira ko‘kimtir osmonda yakkam-dukkam yulduzlar miltillab turardi. Aya odamlar gavjum yo‘ldan hayitlik solingan og‘ir xaltani ko‘targancha, asta odimlab borarkan, ranjigan dilida o‘ksinishmi, xafagarchilikmi tuydi. Qo‘lidagi o‘zining o‘rniga eslangan hayitlik ko‘ziga yanada yomon ko‘rinib ketdi.

 

Iroda Bekmuradova,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi.