Ostona (ikkinchi qism)
2
Mana, doimgi ikki juft oyoq kiyimning yonida “begona”lar. Biri xo‘jayinnikidek katta, ikkinchisi bekaning nozik oyoq kiyimiga juda o‘xshaydi. It ularni hidlab ko‘rish uchun ularga yaqinlasharkan, to‘satdan to‘xtaydi. “Begona”larning o‘rtasida ularga nisbatan juda-juda kichik, mittigina yana bir oyoq kiyim turadi. It bunaqasini ilgari hecham ko‘rmagan, shuning uchun hayrat va qiziqish bilan jajji boshmoqchani kuzata boshlaydi. Bejirim ishlangan, rang-barang jilolar bilan bezatilgan oyoq kiyim unga juda yoqib qoladi. Engashib hidlab ko‘radi. Boshmoqchadan avval hech qaerda uchratmagan allaqanday yoqimli hid keladi. U avaylabgina boshmoqchaning bir poyini og‘zida tishlab tut soyasiga olib keladi. Zanjirdan bo‘shagan paytlari qaytadan bog‘lab qo‘yishlaridan qo‘rqib tutga sira yaqinlashmagan it hozir buni o‘ylab ham o‘tirmasdan tut soyasiga cho‘ziladi. Qarshisida turgan, allaqanday sirli bu jajji oyoq kiyimni tomosha qilib o‘tirarkan, uni yana bir bor hidlab ko‘radi. Odatda qo‘liga biror oyoq kiyim tushib qolgudek bo‘lsa darrov g‘ajishga tushadigan it, hozir negadir shoshilmaydi. Oldingi oyoqlari bilan mitti boshmoqchaning u yoq-bu yog‘ini ag‘darib ko‘zdan kechiradi. Uy tarafdan qadam tovushlari eshitiladi. It boshini ko‘tarib ovoz kelayotgan tarafga qaraydi-yu unga qarab kelayotgan bekasini ko‘rib dumini likillatadi. Beka itning qo‘ynida turgan oyoq kiyimga ko‘zi tushib to‘xtaydi. Qo‘l cho‘zib olmoqchi bo‘ladi, lekin it g‘ingshib qarshilik bildiradi. Bekaning qo‘li havoda muallaq qoladi. Bir itga, bir uning oldingi oyoqlari orasida turgan oyoq kiyimga qararkan, itning nimani istayotgani unga oydinlashgandek bo‘ladi,
Olapar, - deydi u titragan tovushda.
It ismini eshitib, boshini ko‘taradi.
-Senga yoqib qoldimi? Menga ham yoqdi. Bilsang, bizning ostonaga bu oyoq kiyim biram yarashadiki.
Beka hovli burchagidagi bostirma tarafga tikilib qoladi. Ko‘zlaridan ikki tomchi yosh yumalab tushib, itning oyoqlariga tomadi. It g‘ingshib erkalanadi.
-Bilsang, birgina mana shu oyoq kiyim uchun dunyolarni alishib yuborardim… - u bir zum shu zayl xayol surib turadi-yu birdan o‘rnidan turib ko‘z yoshlarini artadi.
-Olapar, bo‘ldi. Beraqol. – beka shoshilib bir poy oyoq kiyimni oladi-da burilib ortiga qaytadi. It o‘jarlik qilib bekaning izidan yuguradi. Ostonaga yetay deganda bo‘yi o‘zidan sal uzun, do‘mboqqina bir bolaga duch keladi. Bolakay itning vajohatidan seskanib, ayvon ustunining orqasiga berkinadi. Beka bolani qo‘rqmasin deb, itni joyiga sudrab kelib bog‘lab qo‘yadi. It notanish bolaga tikilgancha yotadi. Negadir unga sira hurmaydi…
Kech tushib mehmonlar ketadi, hovlini yana sukunat qoplaydi. Horg‘in tun cho‘kadi. Bir zayldagi kunlar mana shu tarzda o‘taveradi. Tong bilan tun almashinaveradi, quyosh chiqib, botaveradi. Keksa tutning soyasi endi hovlining deyarli yarmini bemalol qoplaydi. It kunni faqat mudrash bilan o‘tkazadi.Uyg‘oq paytida osilib qolgan qovoqlari orasidan atrofga loqaydlik bilan boqadi. Unga ko‘rinayotgan manzara hamon o‘sha: ikki tabaqali oynavand eshik, mung‘aygan ostona, ikki juft oyoq kiyim...
(tamom)
Iroda Bekmuradova,
Samarqand davlat universiteti
filologiya fakulteti talabasi.

